BBC navigation

"Narkobiznesga Markaziy Osiyodagi "katta odamlar" aralashgan"

Сўнгги янгиланиш 18 феврал 2013 - 11:44 GMT

Oxirgi yillarda Tojikistonda 64 tonna giyohvand modda qo‘lga olingan.

Tojikistonda katta miqdordagi giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga aralashganlikda gumon etilib 10 nafar chegarachi, xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi xodimi hibsga olingan.

Tojikiston Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi tarqatgan xabarga ko‘ra, narkosavdogarlarga qarshi Dushanbe shahri va Sug‘d viloyatida o‘tkazilgan bir necha amaliyot natijasida 140 kilogramm giyohvand modda, jumladan, 45 kilogramm geroin va 66 kilogramm xashish qo‘lga olingan.

Narkotiklar Sug‘d viloyatida yengil avtombilda topilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Afg‘onistonda tayyorlangan giyohvand moddalar ikki mamlakatning Tojikistonning Xatlon viloyati Panj tumanidagi chegarasidan olib o‘tilgan.

Narkotik moddalarni chegaradan olib o‘tishda ko‘mak berganlikda gumon qilinib Tojikiston Chegara qo‘shinlarining bir necha harbiysi hibs qilingan.

Gihyovand moddalarning ikkinchi partiyasi Dushanbe shahrida qo‘lga olingan.

Narkotik moddalar noqonuniy savdosiga aloqadorlik gumoni bilan Tojikiston Ichki ishlar vazirligining xodimlari hibs etilgan.

Afg‘onistondan yuborilgan katta miqdordagi giyohvand moddalarni ushlash va bunga bog‘liq jinoyatlarga aloqadorlik tufayli Tojikiston kuchishlatar tizimlarining xodimlarining qo‘lga olinishi kam uchraydigan hodisa emas.

O‘tgan yili Tojikistonda o‘tkazilgan giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi maxsus amaliyotlar natijasida kuchishlatar tizimlarning xodimlari hibsga olingan, ularning rahbari Faridun Umarov bo‘lgani xabar qilingan.

Faridun Umarov Tojikiston Davlat Milliy Xavsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mansur Umarovning ukasi bo‘lgan.

Mamlakat aksilkorruptsiya agentligiga ko‘ra, militsiyadagi yuqori lavozimdagi mansabdorlar yirik poralar evaziga narkobiznesda gumon qilingan odamlarni jinoiy javobgarlikdan ozod etganlar.

"Narkokurьerlarni yuqori lavozimli mansabdorlar o‘z panohiga olishlari sir emas. Ularning orasidan ayrimlari qo‘lga olinayotgani ushbu jinoiy biznes ichida qanday kurashlar kechayotganidan dalolatdir. Bunda muayyan mansabdorlarning nazorati ostida bo‘lmaganlarni qo‘lga olishadi. Narkobiznes o‘zining qalin aloqalari bilan ajralib turadi, bu ishga Markaziy osiyo davlatlaridagi "katta odamlar" aralashgan. Biroq hokimiyatning o‘zi qilmasa, bu odamlarning narkobiznesga aloqadorligini isbotlab bo‘lmaydi", deydi tojikistonlik huquqshunos Shuhrat Qudratov.

Xavfli ko‘prik

Tojikiston - Afg‘on giyohvand moddalarini Rossiya va G‘arb mamlakatlariga olib o‘tishning eng muhim nuqtalaridan biri.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, oxirgi yillarda Tojikistonda 64 tonna giyohvand modda qo‘lga olingan, shundan 30 tonnasi geroindir.

Hozir Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan narkotik moddalarni qo‘lga olish ko‘rsatkichi balandligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Tojik-Afg‘on chegarasining umumiy uzunligi qariyb 1500 kilometrni tashkil etadi, va bu chegaraning aksar qismi o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan iborat.

Tojik-Afg‘on chegarasining eng murakkab qismi Sho‘roobod yo‘nalishidir.

Bu yerda ko‘pincha giyohvand moddalarni olib o‘tayotgan guruhlar bilan chegarachilar o‘rtasida otishmalar yuz berib turadi.

Giyohvand moddalar Afg‘onistondan Tojikistonga olib o‘tiladi, shundan so‘ng uyushgan jinoiy guruhlar bu narkotiklarni Rossiya va Ovro‘po tomonga jo‘natadi.

Tojikistondan yiliga 100 tonnacha giyohvand modda ushbu yo‘nalishga yo‘l oladi.

Rasmiylarga ko‘ra, Tojikistondagi giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashadigan tizimlar zarur asbob-uskunalari yetishmovchiligidan aziyat chekadilar.

Afg‘onistonlik narkokurьerlarlarning esa qo‘llari baland keladi.

Ularning istihborot xizmati juda yaxshi ishlashi aytiladi.

Ularning ixtiyorida Tojikiston va Rossiyaning har qanday burchagidagi odam bilan aloqaga kirish imkonini beradigan sun‘iy yo‘ldosh telefonlari, Kalaashnikov avtomatlari, granatomyotlar va portlovchi moddalari bor.

Tojikiston Giyohvand moddalarga qarshi kurash agentligiga ko‘ra, Afg‘onistonda 1 kilogramm geroinning bahosi 800 dan 2000 AQSh dollarigachani tashkil etadi.

Tojikistonga o‘tganidan keyin uning bahosi 4-5 ming dollar, Rossiyaga yetib borganidan keyin 8000-10000 dollargacha ko‘tariladi.

Narkotrafikka qarshi kurash qiyinligining yana bir sababi qo‘shni Afg‘onistonning aksar qismini hukumat nazorat qila olmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi boshqarmasining bundan oldin e‘lon qilgan raqamiga ko‘ra, har yili Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 90 tonna geroin olib o‘tiladi, shundan 75 tonnasi Rossiya hududiga yetib boradi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.