BBC navigation

Sobiq mahbus: "diniy va siyosiy mahkumlarning ahvoli yanada yomonlashgan"

Сўнгги янгиланиш 25 феврал 2013 - 16:13 GMT

O‘zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini rad etib keladi

O‘zbekistonda e‘lon qilingan so‘nggi amnistiya, odatdagidek,siyosiy mahbuslarni chetlab o‘tgan.

Siyosiy tutqunlarning birinchi va ikkinchi guruh nogironi ekanliklari ham hukumatni ularga nisbatan insonparvarlik amali ko‘rsatishga unday olmagan.

Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" Assotsiatsiyasining ma‘lum qilishicha, amnistiyadan mahrum qolayotgan mahbuslar orasida jazo muddatini o‘tash jarayonida ko‘zi mutlaqo ko‘rmaydigan holga kelgan birinchi guruh nogironlari Murod Latipov va Sunnat Talasovlar ham bor.

Norvegiyada siyosiy boshpana topgan jurnalist Yevgeniy Dyakonov sobiq mahbus va O‘zbekiston qamoqxonalari haqida yaqinda dunyo yuzini ko‘rgan "Zona.uz" kitobi muallifi.

BBC undan o‘zbek qamoqxonalarida nogiron mahkumlarga qanday muomala qilinishi haqida so‘ragan.

"Mahbus uch oy deganda aqldan ozadi va har qanday qog‘ozni imzolaydi. Chunki bu kameralarda o‘tirishning o‘zi qiynoq. "

Yevgeniy Dyakonov

Yevgeniy Dyakonov: Mening o‘zim rasman hozirgacha 2-guruh nogironi hisoblanaman. Afg‘on urushida qatnashganman. 1997 yilda meni hibsga olishgan payti nogiron sifatida ro‘yxatda turganman. Mustaqillik yillarida chiqqan barcha amnistiyalar barchasi bir-biriga o‘xshash. To‘g‘rirog‘i, bir-biridan nusha ko‘chirilgan. Nogironlarga qilinadigan muomala haqida gapiradigan bo‘lsak, tergov hibsxonalarida nogironlar alohida kameralarda saqlanadi. Ularda sharoit sal yaxshiroq va hatto parhez taomlar ham beriladi. Shuningdek, qariyalar uchun, yurak xastaligi bilan og‘riydigan yoki ruhiy xastalar uchun ham maxsus kameralar bor. Qonun bo‘yicha sil kasaliga duchor bo‘lgan mahbuslar uchun ham alohida kamera bo‘lishi kerak. Ammo amalda ularni qasddan boshqa, sog‘lom mahbuslarga qo‘shib qo‘yish tajribasi mavjud.

BBC: Sizning o‘zingiz bir mahbus sifatida nimalarni boshingizdan kechirgansiz?

Yevgeniy Dyakonov: To‘g‘risini aytsam, men u yerdan tirik chiqishga umid qilmagandim. Aslida men hech qachon qonunni buzmagan va qamoqqa tashlangunimcha, qanchalik g‘alati eshitilmasin, amaldagi hokimiyat, ya‘ni Prezident Islom Karimov siyosatining ashaddiy tarafdori edim. Men Prezident O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealardan bexabar va uni xabardor qilish kerak, deb ishonardim. Afsuski, men adashgan ekanman. Qamoqda ekan, chorasizlik va fojiani his qilganman. Agar meni qiynoqqa solishgan, deb aytsam, hali hech narsani aytmagan bo‘laman. Qiynoqlarni o‘z badanimda butun dahshati bilan his qilganman. Hatto shunday bir vaqt bo‘lganki, menda o‘limni mashq qilib ko‘rishgan. Meni Toshturmaning 3-korpusidagi o‘limga hukm qilinganlar saqlanadigan maxsus kameraga tashlashgan. Toshturmada har tomonlama qiynoq qo‘llanadi. Birinchidan, u yerda bo‘lishning o‘zi qiynoq. Chunki, masalan biz o‘tirgan kamera 10 kishiga mo‘ljallangan, ammo unda 42 kishini saqlashar edi. Hojatxonaga kunda faqat ikki mahal chiqish mumkin.Suv va havo yetishmasligidan nafaqat mahbuslar, balki ikki nafar qamoqxona nazoratchilari o‘lgan holatlar ham bo‘lgan. O‘zbekistonda yoz chillasi qanday bo‘lishini hamma yaxshi biladi. Ana shu chilla payti, 4-qavat, ya‘ni tomning ostidagi kameralar tom ma‘noda "duxovka"ga aylanardi. Yuragi baquvvat bo‘lmagan mahbuslar bunday sharoitga dosh berolmasdan, ko‘z yumishardi.

BBC: Siz nogironlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qiynoq qo‘llangan hollarga guvoh bo‘lganmisiz?

Yevgeniy Dyakonov: Nogiron mahbuslarning sharoitlari nisbatan yaxshiroq edi. Albatta, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘pposlashmas, holdan toydirishmas edi. Shaxsan meni, bir nogiron mahbus sifatida sog‘ligim yanada yomonlashganidan keyin boshqa, uch kishilik kameraga o‘tkazishdi. U yerda yetti kishi saqlanardi. Bu endi mahbus uchun jannat, degani. Xususan, Toshturmada mahbusni urish shart emas. Uni umumiy tartibdagi kameraga joylashtirish kifoya. U yerda mahbus asta -sekin, uch oy deganda aqldan ozadi. Va har qanday qog‘ozni imzolaydi. Chunki bu kameralarda o‘tirishning o‘zi bir qiynoq. Men qamoqda o‘tirganimdan buyon oradan o‘n besh yil o‘tdi. Hozir qamoqxonalardagi ahvol bir necha marta yomonroq ekani aytiladi. Ayniqsa, diniy va siyosiy mahkumlarning ahvoli yanada yomonlashgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.