BBC navigation

Xalq dushmaniga chiqarilgan ozari yozuvchisi nega armanlar tarafini oldi?

Сўнгги янгиланиш 26 феврал 2013 - 13:53 GMT

Aylislining kitobiga qarshi norozilik namoyishlarini hukumat tashkillashtirgani gumon qilinadi, chunki Ozarbayjonda namoyish o‘tkazish taqiqlangan

Uni "xalq dushmani"ga chiqarishdi. Uning kitoblari ommaviy norozilik namoyishlarida yoqildi. Undan yozuvchilik unvonlari qaytarib olingan.

Nufuzli ozari siyosatchisi hatto uning qulog‘ini kesib kelgan odam uchun 13 ming dollar mukofot puli va‘da qildi, lekin so‘ng shashtidan tushdi.

Lekin, Ozarbayjonning eng taniqli adiblaridan hisoblanmish 75 yoshli Akram Aylisli o‘zining "Tosh tushlar" romanini yozganidan pushaymon qilmaydi.

Adibning aybi kitobda armanlarning ozarilar tomonidan qirg‘in qilinishi haqida yozgani bo‘ldi. Kitob 1990-yillarda Tog‘li Qorabog‘da yuz bergan ozari-arman urushini armanlar nuqtai nazaridan kelib chiqib hikoya qiladi.

Ozarbayjon bu qonli mojaroda o‘z hududinining 20 foizidan ayrilganini hali ham unutmagan, shunday ekan ozariylar chekkan azobni kitobda umuman tilga olmaslik ko‘plar uchun kechirib bo‘lmas shakkoklikdir.

Sovet Ittifoqi qulashi ortidan Ozarbayjon va Armaniston qaqshatqich jangga kirdilar. Unda ikki tomon ham yirik ayriliqlarga uchradi: 30 mingga yaqin odam halok bo‘ldi, millionlab odamlar uylarini tashlab qochishga majbur bo‘ldilar.

Bugun qaltiroq otashkesim amalda bo‘lishiga qaramay, mojaro davom etmoqda. Har yili o‘nlab odamlar nobud bo‘ladi.

Men kitob muallifi Akram Aylisli bilan bog‘lanib, avvalo nima uchun bu kitobni yozgani haqida so‘radim.

Aylisli: Buning hammasi o‘tadi deb umid qilaman, chunki bu ishlar sun‘iy ravishda bo‘rttirib ko‘rsatildi. Mening romanimda bunday mojaroga sabab bo‘ladigan narsa yo‘q. O‘ylaymanki, agar odamlar bu kitobimni tashqi aralashuvsiz, o‘zlari o‘qib ko‘rishsa, ular men o‘z xalqimga qarshi hech yomon ish qilmaganimni anglab yetishadi. Aksincha, men o‘z xalqimning nomini yanada ulug‘ qilmoqchi edim, xamma xalqlar, xususan armanlar ham Ozarbayjonda armanlar bilan yarashishga chanqoq bo‘lgan, Qofqozda sog‘ muhitni istagan, Qofqozdagi uch respublika yakka o‘zi emas, balki birgalikda o‘z xalqlari manfaati yo‘lida ishlashini xohlaydigan ozarbayjonliklar borligini bilishlarini istagandim.

BBC: Lekin, bu qonli voqealar bo‘lganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘sha kunlar ozarbayjonliklar xotirasida ham hali ham qotib ulgurmagan. Siz uchun mana shunday nozik vaqtda shu masalani ko‘tarish to‘g‘rimidi? Ayniqsa armanlar nuqtai nazaridan kelib chiqib asar yozib, ozariy xalqining dilini og‘ritdim deb o‘ylamaysizmi?

Aylisli ozari va arman xalqlari o‘rtasidagi nafratga chek qo‘yishga vaqt kelganiga ishonadi

Aylisli: Bilasizmi, men biroz idealistman. Biroz emas, mutlaq idealist. Men birovning dilini og‘ritaman deb o‘ylamagandim. Men odamlar aslida nima bo‘layotganini tushunib yetishlarini, siyosiy ta‘sirlar tufayli haqiqatni yo‘qotib qo‘ymasliklarini, ma‘naviylik, axloqlilik bo‘lishini istagandim. Gap shundaki, bu allaqachon bor. Ko‘p odamlar meni qo‘llab-quvvatlashayapti. Siyosat bosimi ostida bo‘lmagan, eskicha qarashlarga ega bo‘lmagan odamlar mustaqil fikr yurita oladilar. Masalan, ko‘p jurnalistlar meni dastaklashdi. Lekin, yozuvchilar kam dastaklashdi, chunki bizda yozuvchilik muhiti o‘zi g‘alatiroq. Yaqinda bir asli gurji shoirimiz Ozarbayjon Yozuvchilar Uyushmasining faxriy a‘zoligidan chiqib ketdi. U bir yozuvchini shuncha yerga uradigan uyushmaning a‘zosi bo‘la olmasligini aytdi. Gurjistonning o‘zidan yana uch yozuvchi meni dastaklab chiqdi. Boshqa mamlakatlardan ham, o‘zbek adiblar ham meni yaxshi tushunishdi. Yozuvchining erkinligini hech qanday sabab yo bahona bilan cheklamaslik kerak. Men buni gapirmasam, ertaga boshqa birov gapirar, va bora-bora armanlar bilan til topisharmiz. Albatta, men xavfli narsaga qo‘l urdim.

BBC: Maqsadingiz nima edi o‘zi?

Aylisli: Bilasizmi, yozuvchidan maqsadi nima bo‘lganini so‘rash qiyin. Yozuvchi uchun eng muhimi uning qalbi. Men hech o‘ylamagandim, buni hozir yozishni rejalashim kerak deb. O‘zi aslida uni 2007 yilda yozgandim, lekin balki uni chop etishning vaqti kelmagandir deb o‘ylagandim. Lekin, hozir aynan vaqti pishib yetgan, chunki o‘zaro nafrat davom etayapti. Men shu nafratga qarshi chiqdim. Men shunday majburiyatni his qildim. Bu mojaro nechchi yildan beri davom etayotgani ikki xalqning ham joniga tekkan, ular farovon qo‘shnichilikni istashadi. Men ozariy yosh ziyolilarining deyarli bari mening tarafimda ekanini bilib juda xursand bo‘layapman. Qo‘rqmay chiqishlar qilishayapti. Demak nafratga yakun yetishiga umid bor.

BBC: Sizni Ozarbayjondagi eng ko‘p hurmatga sazovor zamonaviy yozuvchi deya tasvirlashgan. Siz ko‘p o‘n yillar davomida Yozuvchilar Uyushmasi a‘zosi bo‘lgansiz. Sizga qarshi endi shunday qat‘iy choralar ko‘rishganidan juda hafa bo‘lgan bo‘lsangiz kerak?

Aylisli: Yo‘q. Aslida 20 yildan oshibdiki, men o‘zimni Ozarbayjon Yozuvchilar Uyushmasi a‘zosi hisoblamayman. Chunki bu uyushma Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin biron arzigulik ish qilmadi, men tadbirlariga ham bormay qo‘yganman. Bu ittifoq meni "Xalq yozuvchisi" unvonidan ayirdi. Angliyada, masalan, "xalq yozuvchisi" desangiz, folklor asarlar yozadigan kishini tasavvur qilishadi. Meni bu hafa qilmaydi, xalqnikimanki, xalqniki emasmi, buning ahamiyati yo‘q. Lekin, hafa qilgani, bu uyushmaning 1937 yilda bo‘lgan repressiyalarni bila turib, shunday qaror qilgani. Endi o‘zlari ham shunday repressiv yo‘l tutishdi. Shunisi hafa qiladi.

Aylislining ozari xalqi sevib o‘qigan kitoblari yoqildi

BBC: Bu mojaro sizning bugungi faoliyatingizga ta‘sir qilayaptimi?

Aylisli: Bilasizmi, yangi bir nima yozish uchun fikrimni bir joyga jamlash menga hozir qiyinroq. Masalan, maktab o‘quv darsligida mening bir hikoyam bor edi. Yana bitta hikoya yozib berishni so‘rashgandi. Shodlik va quyoshli kunlarga to‘la bir hikoya yozib berdim. Endi bilsam, hikoyalarimni o‘quv kitoblaridan olib tashlashayapti ekan. Meni hafa qilayotgani, bolalarga har xil bo‘mag‘ur narsalarni tiqishtirashayapti, menikilarni esa olib tashlayaptilar.

BBC: Sizga har qanday tahdidlar bo‘ldi. O‘zingizni xavf ostida sezayapsizmi?

Aylisli: Albatta, o‘zimni xavf ostida sezdim. Kimdir meni yo‘q qilishga tayyor ekanini aytib tursa, qanday qo‘rqmay? Har kuni televideniyeda meni "xalq dushmani" deb ko‘rsatishdi. Men Ozarbayjon adabiyoti tarixini yaxshi bilaman, va bu bo‘layotgan ishlar Sovet davrining eng yomon kunlarini eslatdi. Lekin, hech qayerga ketmadim, o‘z uyimdaman. Bilaman, xalqimiz unday yovvoyi emas. Agar kimdir ataylab menga hujumni tashkillashtirmasa, xalq hech yomonlik qilmaydi. Ko‘plar Ozarbayjon xalqini nodon deb o‘ylashi mumkin, bu noto‘g‘ri. Xalqni majburlashadi har xil ishlarga.

BBC: Nima uchun majburlashadi? Kimga kerak bu?

Aylisli: Bilmadim, ular mening yozganlarimdan manfaatdor emasdirlar. Mening o‘zim ham tushunmayman bunga. Nima yomon ish qildim? Armanlar tomonga bir qadam tashlabman, buning nimasi yomon? Aksincha, mening asarimga boshqacha munosabat qilish bilan, ular o‘z bag‘rikengliklarini namoyish qilishlari mumkin edi. Men har doim Ozarbayjonda barqarorlik bo‘lishini istaganman. Qarang, atrofimizda, arab davlatlarida nimalar sodir bo‘layapti. Lekin, barqarorlik davomli bo‘lishi uchun, hukumat xalqqa bosim o‘tkazmasligi kerak. Aksincha, xalqning zoriga, har qanday fikrdagi insonlarga quloq tutishi lozim. Bizning musulmon olamida bunga hamma ham tushunmaydi.

BBC: Prezident Ilhom Aliyev sizni bugun suhbatga taklif qilsa, unga nima degan bo‘lardingiz?

Aylisli: Agar u menga sim qoqib taklif qilsa, o‘ylashimcha biz bir-birimizni qaysidir masalalarda yaxshi tushungan bo‘lardik. U meni taklif qilishiga ko‘zim yetmaydi. Lekin, chaqirsa, yaxshigina gurunglashardik, balki men uning ba‘zi fikrlarini o‘zgartirardim, balki u ham mening ba‘zi qarashlarimni o‘zgartirgan bo‘lardi. Ammo, bunday shaklda bir tomonlama tajovuz qilish hech qachon foyda keltirmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.