BBC navigation

Eron yadroviy inqirozi: Qozog‘istondagi yig‘in qanday to‘xtamga keldi?

Сўнгги янгиланиш 27 феврал 2013 - 13:32 GMT

G‘arb Erondan uranni to‘yintiruvchi inshootlarini berkitishni talab qilmoqda.

Qozog‘istonda dunyoning qudratli davlatlari va Eron o‘rtasida uning ziddiyatli yadroviy dasturiga bag‘ishlangan muzokaralar poyoniga yetdi.

Muzokaralar yakuniga oid tafsilotlar hozircha e‘lon qilingani yo‘q, biroq "Reuters" axborot agentligining Eron Davlat Televideniyesiga iqtibosan ma‘lum qilishicha, taraflar mutaxassislari uchrashib, yadroviy dasturning texnik jihatlarini mubohasa etishga kelishib olganlar.

Olma otada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda eronlik muzokarachilar AQSh, Britaniya, Frantsiya, Xitoy, Rossiya va Olmoniya (5+1) rasmiylari bilan uchrashganlar.

Qozog‘istondagi muzokaralar 2012 yilda natijasiz yakunlangan davra uchrashuvidan keyin ilk bor o‘tkazilgan.

Dunyoning qudratli davlatlari Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarish yo‘llarini izlayotganlikda ayblashadi, rasmiy Tehron esa bu ayblovlarni qat‘iyan rad etadi.

Eron yadroviy dastur sof fuqaroviy maqsadlarni ko‘zlagani, uran tibbiy izotoplar yaratish uchun to‘yintirilayotganini ta‘kidlaydi.

2010 yildan buyon Eron uranni 20% darajasida to‘yintirgan.

Tehron uranni to‘yintirish ishlarini to‘xtatish haqidagi g‘arb davlatlari talablarini davomli rad etib keladi.

Muzokaralarning ochilish marosimida g‘arb davlatlarining yetakchi muzokarachisi Baronessa Ketrin Ashton Eronga "o‘zgartirilgan" deya ta‘riflangan taklifni ilgari surgan.

Ushbu taklifda ham uranni boyitish ishlarini to‘xtatish va uranni to‘yintirishga moslashtirilgan Fordo yer osti inshootini yopish talab qilingani ishoniladi.

Buning evaziga Eronga nisbatan qo‘llanilayotgan ba‘zi sanktsiyalar bekor qilinishi mumkin, deya ta‘kidlanadi ba‘zi xabarlarda.

Ba‘o‘i jazo choralari tufayli Eron iqtisodiyoti ortga ketdi: neftdan olingan daromad qisqardi, milliy pul qadri tushdi, ishsizlar soni keskin ortdi.

Eronga tegishli Press TVning xabar berishicha, Eron ham g‘arb davlatlariga "yangi takliflar majmuini taqdim etgan", ammo ushbu takliflar tafsiloti ma‘lum emas.

Olma ota muzokaralari Isroilning agar boshqa usullar ish bermasa, Eron dasturini kuch bilan to‘xtatishi haqidagi ogohlantirishlari ortidan bo‘lib o‘tgan.

Joriy oy boshida Eron o‘z hududida yangi uran koni topilgani va yadroviy dasturni kengaytirishni rejalashtirayotganini e‘lon qildi.

Eronning aytishicha, yangi kon mamlakat uran zahiralarini uch baravarga ko‘paytiradi.

Muzokaralardan o‘n kun muqaddam Eron Natanz yadroviy stantsiyasidagi tsentrifugalarni yangilashini bildirdi. Yangi tsentrifugalar uranni eskilariga qaraganda ikki-uch baravar tez to‘yintirishga qodir ekani ishoniladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.