BBC navigation

O‘zbekiston: madaniyat vaziri nima uchun ishdan olindi?

Сўнгги янгиланиш 27 феврал 2013 - 17:04 GMT

Tursunali Qo‘ziyevning nima uchun lavozimdan chetlatilgani ma‘lum emas

O‘zbekistonda yangi madaniyat va sport ishlari vaziri tayinlangan.

Minhojiddin Hojimatov taniqli rassom Tursunali Qo‘ziyevning o‘rnini egallaydi.

Janob Qo‘ziyev vazir lavozimida bir yildan ko‘proq o‘tirgan.

Uning nima uchun lavozimdan chetlatilgani ma‘lum emas.

Qo‘ziyevning o‘tmishdoshi Anvar Jabborov o‘tgan yili Toshkentda vahshiylarcha o‘ldirib ketilgandi.

Toshkentdagi manba‘lar madaniyat vazirligi tizimidagi kadrlar o‘zgarishining shoshilinch suratda amalga oshirilganiga e‘tibor qaratishmoqda.

Xo‘sh, bu o‘zgarishlar ortida qanday sabablar turgan bo‘lishi mumkin?

BBC toshkentlik jurnalist, "Uzmetronom" nashri muharriri Sergey Yejkov bilan suhbatlashgan.

Sergey Yejkov: Madaniyat vaziri lavozimiga tayinlangan odam bizda kuni bitgan odam hisoblanadi. Oxirgi yillarda bir necha madaniyat vazirlari kelib-ketdi. Ularning birontasi ham lavozimda uzoq qolgani yo‘q. Qo‘ziyevdan nima uchun norozi bo‘lishgani haqida bir narsa aytish qiyin. Chunki har bir vazir lavozimda o‘zicha yangi narsalarni kiritishga harakat qiladi. Ammo bu qanchalik samarali va davlatning siyosiy rahbariyati qo‘yayotgan vazifaga qanchalik mos keladi, bu haqda xulosa chiqarish mushkul.

BBC: Ayrim xabarlarga ko‘ra, Bosh Vazir Shavkat Mirziyoyev Tursunali Qo‘ziyevni mamlakatdagi madaniyat va sport sohasini "butunlay barbod qilish"da ayblagan. Bu ayblov sizning-cha, qanchalik asosli? O‘zi madaniyat va sportning ahvoli qanday O‘zbekistonda?

Sergey Yejkov: Menimcha, bu ayblov asossiz. Chunki bitta vazir bir yarim yilda o‘n yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilolmaydi. Qolaversa, umuman, bir xalqning ming yillar davomida qaror topgan madaniyatini barbod qilish mumkin emas. Hamma vazirning, har bir rahbarning ham kamchiligi bo‘ladi. Qo‘yingki, madaniyat vazirini tayyorlab chiqaradigan maxsus o‘quv yurti yoki idora yo‘q. Qo‘ziyev yaxshi rassom bo‘lishi mumkin, ammo bu yaxshi amaldor bo‘ladi, degani emas. Madaniyat va sportdagi bugunga avholga kelsak, unda hech narsa o‘zgarayotgani yo‘q. Hammasi avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha turibdi.

BBC: Ikkinchi tomondan, O‘zbekistondagi haqiqiy ahvolga qaraladigan bo‘lsa, hamma vazirni o‘z sohasini barbod qilganlikda ayblayverish mumkin. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ayanchli ahvol uchun hukumat rahbari sifatida Bosh vazir Mirziyoyevning o‘zi javob berishi kerak emasmi?

Sergey Yejkov: Bilasizmi, birinchidan men Shavkat Miromonovich Tursunali Qo‘ziyevni madaniyat sohasini barbod qilganlikda ayblagan, degan xabarga ishonmayman. Qandaydir yo‘nalishlarda, qaysidir vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani haqida gapirgan bo‘lishi mumkin. U yoki bu vazirni ayblashga kelsak, ha, hammani ayblayverish mumkin. Ammo bu qabilda ayblash asosli va adolatli bo‘ladi, deb o‘ylamayman.

BBC: O‘zbekistonda madaniyat va sportning asosiy kuratori Gulnora Karimova ekani hammaga ma‘lum. U o‘zini madaniyat va sportning homiysi sifatida taqdim etib keladi va barcha yirik tadbirlar uning "Fond Forum"i bayrog‘i ostida o‘tadi. Hukumat mulozimining qarashlari "Fond Forum" yoki Gulnora Karimovaning qarashlariga to‘g‘ri kelmay qolgan bo‘lishi yo-da davlat idorasi bilan ushbu qudratli nodavlat tashkiloti o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi yuz bergan bo‘lishi mumkinmi?

Sergey Yejkov: Yo‘q. Menga hamma narsaga Gulnora Karimovani aralashtiraverish yoqmaydi. Go‘yoki "Coca-Cola" shirkatini yopishda-da, darrov hammaning aqliga Gulnora Karimova keldi. Aslida "Coca-Cola" yopilgani yo‘q. Shunga o‘xshash. Menimcha, "Fond Forum"ning ham, madaniyat vazirining ham maqsadlari bitta. Bu- milliy madaniyat,an‘analar va sportni rivojlantirish. Na hukumat amaldori va na nodavlat tashkiloti rahbari? hech kim o‘z mamlakatiga yomonlik tilamaydi. Maqsadlar va vazifalarning hammasi ezgu. Faqat bu maqsadga erishish yo‘llari turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo men ikki o‘rtada qarama-qarshilik bo‘lishini istisno qilaman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.