BBC navigation

Frantsiya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga safar qiladi

Сўнгги янгиланиш 1 март 2013 - 12:26 GMT

O‘tgan yili Parij mahkamasi Prezident Islom Karimovni diktator deb atagan

Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius 2 mart kuni O‘zbekistonga ishchi tashrifi bilan boradi.

Janob Fabius Prezident Islom Karimov va boshqa mulozimlar bilan uchrashadi.

O‘zbek tomoni tarqatgan rasmiy xabarda aytilishicha, tashrif doirasida yirik frantsuz shirkatlari rahbarlarining o‘zbek ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlari ham rejalangan.

Tashrif arafasida Parijda joylashgan inson huquqlari guruhi frantsuz mulozimini o‘zbek rasmiylari bilan muzokaralari chog‘ida mamlakatdagi inson huquqlari masalasini ko‘tarishga chaqirgan.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" xususan, fuqarolarning harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarga e‘tibor qaratadi.

"O‘zbekistonda sovet davrida xorijga chiqishga qo‘yilgan taqiq saqlanib qolmoqda. Xorijga chiqayotgan har bir fuqaro chiqish vizasini olishga majbur" deyiladi bayonotda.

Tashkilotga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi ko‘pincha inson haqlari va siyosiy muxolifat faollari, jurnalistlar va hur fikrlovchi san‘at va madaniyat arboblarining xorijga safar qilishlariga ruxsat bermaydi.

Xorijga safar qilishi taqiqlangan san‘at arboblaridan so‘nggisi taniqli rassom Vyacheslav Oxunov bo‘lgan.

O‘zbek rasmiylari Frantsiyadagi san‘at festivaliga taklif qilingan Oxunovning xorijga safar qilishi "maqsadga muvofiq emasligi"ni aytishgan.

Parijda joylashgan inson haqlari guruhi, Frantsiya Tashqi ishlar vaziridan shuningdek, O‘zbekistonda e‘lon qilinayotgan amnistiyalarning 1 va 2 guruh nogironlari doxil, siyosiy mahkumlarga nisbatan qo‘llanmayotganiga ham e‘tibor qaratishni so‘ragan.

Tashkilotga ko‘ra, diniy va siyosiy ayblar bilan qamalgan minglab mahbuslarning qamoq muddatlari uzaytirib qo‘yilmoqda.

"Diktator" bilan uchrashuv

Frantsiya O‘zbekistondagi inson huquqlarining ashaddiy tanqidchilaridan emas, ammo Andijon voqealari ortidan bir qator o‘zbek inson huquqlari faollariga boshpana bergan.

Frantsuz hukumati 2008 yilda taniqli o‘zbek faoli Mo‘‘tabar Tojiboyevani Frantsiya Respublikasining inson huquqlari sohasidagi oliy mukofoti - "Ozodlik, tenglik, birodarlik" sovrini bilan taqdirlagan.

O‘tgan yili Parij mahkamasi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovnining kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaning otasini "diktator" deb atagan frantsuz nashriga qarshi da‘vosini rad etgan.

Shu tariqa frantsuz mahkamasi Prezident Karimovni rasman diktator deb atagan birinchi mahkama bo‘lgan.

Loran Fabius Parij mahkamasining qaroridan so‘ng Prezident Islom Karimov bilan uchrashayotgan birinchi yuqori martabali frantsuz mulozimidir.

O‘zbekiston hukumati frantsuz mahkamasining qaroriga munosabat bildirmagan.

Sarmoya muhiti

Ovro‘po Ittifoqining ikkinchi yirik iqtisodi bo‘lgan Frantsiya O‘zbekistonda salmoqli sarmoyaga ega emas.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘tgan yil oktyabrida Parijga tashrifi chog‘ida frantsuz shirkatlarini O‘zbekistonning Navoiy va Angrenda tashkil etilgan erkin iqtisodiy hududlardagi loyihalarda ishtirok etishga da‘vat qilgan.

Kuzatuvchilar frantsuz shirkatlarining O‘zbekistonga sarmoya kiritishga tayyorligini savol ostiga oladilar.

Shu kunlarda Olmoniya shirkatlarining O‘zbekistondan chiqib ketayotganiga doir xabarlar olingan.

Olmon matbuotining ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi ikkinchi yil ketma-ket pasaygan.

Jumladan, 2010 yilda bu raqam 759 million yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2011 yilda 518 millionga tushib ketgan.

Olmoniyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi sarmoya muhiti va kuch tizimlarining biznes, jumladan, xorijiy shirkatlarga uyushtirgan hujumlaridan xavotirga tushgani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.