BBC navigation

Forbes: Alisher Usmonov yana Rossiyada boylarning boyi

Сўнгги янгиланиш 5 март 2013 - 11:34 GMT

So‘nggi jahon reytingida 6 pog‘ona pastlaganiga qaramay, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov bu yil ham Rossiyaning eng badavlat odami, deb topilgan.

Alisher Usmonov 17.6 milliard dollarga teng boyligi bilan Amerika jurnalining bu yilgi ro‘yxatida 34-o‘rinni egallagan.

Forbes jurnali o‘tgan yil aprel oyida ham janob Usmonovni Rossiyada boylarning boyi, deb topgandi.

Alisher Usmonov bundan avval ham jurnalning yillik ro‘yxatida Rossiyaning badavlat odamlari qatoridan joy olib kelgan.

Ammo faqat o‘tgan yil Rossiyadagi barcha milliarderlarni ortda qoldirib, ilk bor peshqadamlikka chiqib olgandi.

Forbes jurnali 2012 yilda milliarderning boyligini 18,1 mlrd AQSh dollari deya baholagandi.

Ammo, agar Bloomberg agentligining hisob-kitoblariga qaralsa, Alisher Usmonovning boyligi o‘sha yili 20 milliard AQSh dollaridan ortiqroqni tashkil etgan.

Britaniyada ham uchta boydan bittasi

Alisher Usmonov o‘tgan yili Sunday Times nashrining Britaniyadagi eng boy odamlar ro‘yxatida rossiyalik boshqa bir milliarder Roman Abramovich bilan birga yuqori uchlikka kirishga ham muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo Forbesning bu yilgi reytingida Roman Abramovich 68-o‘rindan 107-o‘ringa tushib ketgan.

Janob Abramovichning boyligi qariyb ikki milliard dollarga kamayib, 10.2 milliardga tushib qolgan.

Alisher Usmonov esa, so‘nggi yillarda asosan tog‘-kon sanoatidan katta foyda ko‘rayotgan bo‘lsa ham, internet va mobil shirkatlariga-da katta pul tashlamoqda.

Deylik, janob Usmonov birgina o‘tgan yilning o‘zida Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqasidan qariyb 1 milliard foyda ko‘rgan.

Rossiyadagi uchta yirik mobil operatorlaridan biri bo‘lgan "Megafon" nazoratini o‘z qo‘liga olgan.

Eng omadli biznesmen

59 yoshli Alisher Usmonov asos solgan "Metalloinvest" shirkati Rossiyaning eng yirik xomashyo ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Bundan tashqari, janob Usmonov Rossiyaning internet shirkati - Mail.ru ning 26.9 foiz hissalariga egalik qiladi.

U rossiyalik boshqa bir milliarder Yuriy Milner bilan birga Facebook Inc ning 10 foiz hissalarini nazorat qiladi.

Shuningdek, Londonning "Arsenal" futbol klubining 27 foiz hissalari ham janob Usmonovga tegishli.

Tarjimai hol o‘rnida

Namangan viloyatining Chust shahrida, prokuror oilasida tug‘ilgan Alisher Usmonov, britan matbuoti ma‘lumotlariga ko‘ra, 80-yillarda davlat mulkini o‘g‘irlash va firibgarlikda ayblanib, olti yil qamoqda o‘tirgan.

Alisher Usmonovning himoyachilari unga qarshi ayblar Sovet davrida tashkillashtirilgan bo‘lgani va janob Usmonovning Mixail Gorbachev rahbarligi davrida tamoman oqlanganini aytishgan.

2007 yilda "Gardian" ro‘znomasi bilan suhbatda janob Usmonov na O‘zbekiston va na boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini aytgan.

Alisher Usmonov Kreml uni prezident Karimovga ehtimoliy merosxo‘r sifatida ko‘rishi haqidagi taxminlarni "o‘zini kremlshunos deb ataydiganlarning fantaziyasi" deb atagan.

U na prezident Karimov va na uning qizi Gulnora Karimova bilan aloqasi yo‘qligini aytgan.

Dunyoning eng oldi milliarderlari

Bu yilgi reytingda milliarderlarning soni ham, ularning boyliklari miqdori ham misli ko‘rilmagan darajaga yetgan.

Forbesning bu yilgi ro‘yxatida ja‘mi milliarderlarning soni 1.426 taga chiqqan.

Ularning boyliklari miqdori esa, $4.6 trilliondan $5.4 trillionga ortgan.

Bu yil ham eng katta sondagi milliarderlar Amerika(442 ta) hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni Osiyo-Tinch ummoni havzasi davlatlari(386 ta), Lotin Amerikasi(129 ta) va Yaqin Sharq-Afrika(103 ta) vakillari egallashgan.

Meksikalik mediamagnat Karlos Slim esa, 73 milliard dollarga teng boyligi bilan yana dunyoning eng boy odami, deb topilgan.

O‘tgan yildagisi kabi Amerikaning Microsoft shirkati asoschisi Bill Geyts dunyoning eng badavlat odamlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallagan.

Ispaniyalik tadbirkor, Zara do‘konlar tarmog‘i rahbari Amansio Ortega ilk bor yuqori uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu yilgi ro‘yxatning eng katta shov-shuvi esa, braziliyalik milliarder Ayke Batista bo‘lgan.

Bir yilda qariyb 20 milliard dollar boyligini yo‘qotgan milliarder 7-o‘rindan o‘ziyam 100-o‘ringa tushib ketgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.