BBC navigation

Prezidentning tug‘ilgan kuni yarim million dollardan ortiqroqqa tushdi

Сўнгги янгиланиш 5 март 2013 - 12:13 GMT

Yillarki qator xalqaro tashkilotlar ro‘yxatida "dunyoning eng yomon diktatorlari" safidan o‘rin olib kelayotgan Zimbabve Prezidenti Robert Mugabe 89 yoshlik tavallud ayyomiga sarflagan buncha pulni qayerdan olgani ma‘lum emas.

"Ozodik uchun kurashgan qahramon" va keyinchalik "qotil mustabid"ga aylangan Robert Mugabe o‘z tug‘ilgan kunini asasa-yu dabdaba bilan o‘tgan shanba kuni nishonlagan.

Konchilar shahri Bindurada uyushtirilgan dabdabali bazmda xotini, farzandlari, mulozimlaridan tashqari, yana minglab tarafdorlari ham ishtirok etishgan.

Zimbabve prezidenti uchun og‘irligi naq 89kg keluvchi va tilla tangalar bilan bezatilgan tort hozirlangan. Havoga 89 ta pufak ham uchirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, birgina tavallud ayyomi tantanalariga ketgan sarf-xarajatlar qariyb 600.000 AQSh dollariga yetgan.

Tantanalar arafasida shaharda qisqa ish kuni e‘lon qilingan va borib, ko‘chalarini tozalashlari uchun odamlarga ishdan bir soat oldin ketishlariga ruxsat berilgan.

Robert Mugabe aslida 21 fevral kuni tug‘ilgan. Ammo, xabarlarga ko‘ra, ko‘proq tarafdorlarining dastagini yig‘ish uchun tavallud ayyomini kechroq o‘tkazishga qaror qilingan.

Zimbabveni 1980 yildan buyon boshqarib kelayotgan Robert Mugabe bu qadar bazmu jamshidlar bilan bo‘lajak saylovlar arafasida o‘z siyosiy muxoliflarini qo‘rqitish niyatida emasligini bayon qilgan.

Janob Mugabe yana besh yillik prezidentlik vakolatini qo‘lga kiritish uchun shu yil oxiriga rejalanayotgan prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etmoqchi.

Mintaqada bo‘lgan muxbirlarimizga ko‘ra, Zimbabve hozir muhim siyosiy o‘tish davrini boshidan kechirmoqda.

Mamlakatda prezidentlik saylovlari bilan bir qatorda yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum ham bo‘lib o‘tadi.

Prezidentlik saylovlari esa, janob Mugabe va siyosiy raqibi Bosh vazir Morgan Changiray o‘rtasidagi liqqillab turgan koalitsion hukumatning intihosini anglatishi mumkin.

Amaldagi ittifoqchi hukumatga mintaqa davlatlari liderlarining kuchli bosimi ostida 2008 yilda asos solingandi.

Robert Mugabening tavallud ayyomi bundan avval 2009 yilda juda katta tantanalar bilan nishonlangandi.

Prezidentning 85 yoshligini nishonlash uchun ketgan sarf-xarajatlarga Zimbabvedagi yirik davlat shirkatlari turib berishgandi.

Dasturxonga esa, qimmatbaho shampan vinosi, qisqichbaqalar va qora ikragacha tortilgani xabar berilgandi.

Zimbabve joriy paytda iqtisodiy inqiroz ichida, ayrim xabarlarga ko‘ra, yanvar oyi oxirida davlat g‘aznasida qolgan pulning miqdori bor-yo‘g‘i 217 AQSh dollarini tashkil etgan, xolos.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.