BBC navigation

Oksana Chusovitina katta sportni tark etmoqchi emas

Сўнгги янгиланиш 6 март 2013 - 13:42 GMT

Jahon sport gimnastikasi tarixida ketma-ket olti Olimpiada O‘yinlarining yagona ayol ishtirokchisi bo‘lgan dongdor gimnastikachi yana o‘z vatani – O‘zbekistonni namoyon etmoqchi.

Hozir 37 yoshda bo‘lgan Oksana Chusovitina o‘tgan yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlari ortidan katta sportni tark etishini bayon qilgandi.

2006 yildan buyon Olmoniya terma jamoasi safida bellashib kelayotgan o‘zbekistonlik nomdor gimnastikachi bundan buyog‘iga o‘z vaqtini ko‘proq oilasi bilan o‘tkazish istagida ekanini aytib, murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanish ehtimolini ham nazardan soqit etmagandi.

So‘nggi yangilik ortidan Oksana Chusovitina BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida, "bunga o‘z sport karerasini qayerda boshlagan bo‘lsa, o‘sha yerda yakunlash istagi sabab bo‘lgani"ni aytadi.

Dongdor gimnastikachiga ko‘ra, o‘zi bo‘ldi, degan qarorga kelmaguncha, o‘z faoliyatini davom ettirish niyatida.

U yosh gimnastikachilar bilan bellashishdan cho‘chimasligini aytarkan, buni sportda hech narsaga osonlik bilan erishib bo‘lmasligi bilan izohlaydi.

"Men hozir medallar haqida o‘ylayotganim yo‘q. Gimnastikachilik faoliyatimni davom ettirib, o‘zimga yoqqan ishni qilayapman", deydi u.

O‘tgan oy oxirida esa, Xalqaro Gimnastika Federatsiyasi Ijroiy Qo‘mitasi Oksana Chusovitinaning qaytib O‘zbekistonni namoyon etishiga izn bergandi.

Uning biz bilan suhbatida aytishicha, Olmoniya Gimnastika Federatsiyasi ham o‘zini qo‘llab-quvvatlagan va Olmoniya fuqaroligini ham qaytarib olmagan.

Nomdor gimnastikachining so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston terma jamoasi safidagi ilk xalqaro musobaqasini shu yil 15 mart kuni boshlaydi va Frantsiya poytaxti Parijda bo‘lib o‘tuvchi Jahon Kubogi musobaqalarida ishtirok etadi.

Unga ko‘ra, joriy paytda Olmoniyada o‘zining uzoq yillik murabbiyi Janna Polyakova qo‘l ostida bo‘lajak turnirga hozirlik ko‘rmoqda.

Oksana Chusovitina so‘nggi bor o‘tgan yilgi Ovro‘po chempionatida tayanib sakrash bo‘yicha kumush medal olgan, London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini beshinchi o‘rin bilan yakunlagandi.

London Olimpiadasida sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekistonni namoyon etgan yagona gimnastikachi Luiza Galiulina esa, doping mojarosi sabab, bellashuvlari arafasida ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.

Porloq karera

37 yoshli Oksana Chusovitina ilk bor Olimpiada O‘yinlarida 1992 yilda, bugungi raqiblari, hatto, hali dunyoga kelmagan paytlarida qatnashgan.

Oksana Chusovitina, shu jumladan, ona bo‘lishi ortidan, katta sportga qaytgan jahondagi sanoqli gimnastikachilardan ham biri bo‘ladi.

Hali dunyoda biror bir gimnastikachi xalqaro bellashuvlarda bu qadar uzoq ishtirok etmagan va bu yoshda jahon miqyosidagi musobaqalarda g‘oliblik uchun kurash olib bormagan.

Uning sport gimnastikasidagi karerasi qariyb chorak asrlik tarixga borib taqaladi.

Oksana Chusovitina sport gimnastikasidagi porloq faoliyatini hali 90-yillar boshlarida, sobiq SSSR terma jamoasi saflarida boshlagan.

Keyin O‘zbekiston, 2006 yildan boshlab esa, oilaviy sharoitlari tufayli, Olmoniya terma jamoasini namoyon etib kelayotgandi.

O‘zbekistonlik betakror sportchi sport gimnastikasi bo‘yicha ko‘plab nufuzli musobaqalar g‘olibi, jahon, Ovro‘po chempionatlari va qator Yozgi Olimpiada O‘yinlari sovrindori sanaladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.