BBC navigation

Rossiya Qirg‘iziston fuqarosini ekstraditsiya qildi

Сўнгги янгиланиш 7 март 2013 - 16:33 GMT

Payshanba kuni Qirg‘iziston fuqarosi Xayrullo Abdurasulov Rossiyadan poytaxt Bishkekka yetkazilgan.

Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining bildirishicha, ikki mamlakat xavfsizlik xodimlari qo‘shma amaliyoti natijasida qo‘lga olingan Xayrullo Abdurasulov hozir mazkur idoraga tegishli hibsxonada saqlanmoqda.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, u Oliy Kengash sobiq deputati Inomjon Abdurasulovning yaqin qarindoshi va u ham 2010 yilgi O‘sh hodisalarida aloqadorlikda ayblanmoqda.

"Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi qo‘shma operativ-qidiruv amaliyotlari natijasida Tyumen shahrida Qirg‘iziston fuqarosi, 1984 yilda O‘sh shahrida tug‘ilgan Xayrullo Abdurasulov qo‘lga olingan. U Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining "Milliy, irqiy, diniy yoki mintaqalararo adovat qo‘zg‘ash" (299-inchi) moddasi bo‘yicha ochilgan jinoiy ishga aloqador ko‘riladi. U (Xayrullo Abdurasulov) 2010 yildagi O‘sh voqealari asosiy tashkilotchilaridan biri va Qirg‘iziston Oliy Kengashi sobiq deputati Inomjon Abdurasulovning yaqin qarindoshidir", - deya bildiradi Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rasmiysi.

Xavfsizlik xizmatlari 29-yoshli Xayrullo Abdurasulov 2010 yilning iyun oyida O‘sh shahri va viloyatida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar chog‘i hokimiyat vakillariga qurol bilan qarshilik ko‘rsatgani va odamlarni milliy to‘qnashuvlarga chaqirganini aytishadi.

Ayni ayblovlar yuzasidan hozir tergov ishlari boshlangani xabar qilinadi.

Qirg‘iziston Ombudsmani Tursunbek Oxun esa, O‘sh voqealariga aloqadorlikda aksari o‘zbeklar javobgarlikka tortilayotganini aytgan.

"Mana nafaqat xalqaro tashkilotlar, balki o‘zimizning hukumat ham O‘sh voqealarida jabrlanganlar aksariyati o‘zbek aholi ekanligini tan olgan. Lekin, shu bilan birga qamoqxonalarda yotgan va mahkamalar tomonidan, hatto, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar ham aksariyati o‘zbek millatidagi fuqarolarimizdir. Bu hali yechimini topmagan juda murakkab muammodir", - deydi Tursunbek Oxun.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.