BBC navigation

O‘zbek san‘ati va mehmondo‘stligini dunyoga ko‘rsatishni istadim

Сўнгги янгиланиш 8 март 2013 - 16:18 GMT

Meri Mitchell Markaziy Osiyo qo‘l san‘ati asarlarini Britaniyada namoyon etadi

Meri Mitchell - Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi va yosh ishbilarmon.

Meri Mitchell quyida BBC O‘zbek Ximzmati radiotinglovchilari va o‘quvchilari savollariga javob berdi.

BBC: Meri, mintaqada nega aynan O‘sh bilan ishlashni tanlagansiz?

Meri Mitchell: Men faqatgina O‘sh bilan ishlamayman. Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi qator jamoalar bilan birga ish olib boraman. Men Markaziy Osiyoga bir necha bora safar qilganman va ana shu sayohatlarim davomida mahalliy hunarmandlar asarlarini dunyoga olib chiqish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Avvalo aytishim joizki, mintaqadagi hunarmandlik asarlari juda go‘zal va o‘ta mahorat bilan ishlanadi. Ular o‘ziga xos va dunyoning boshqa joyida uchramaydi. Men O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi hunarmandlar asarlarini Buyuk Britaniyada namoyish etish lozim, degan fikrga keldim. Bilasizmi, mintaqada ishsizlik ulkan muammo va uning ortidan juda ko‘p boshqa muammolar kelib chiqaveradi. Shu bois odamlarni ish bilan ta‘minlaydigan qandaydir tadbirga qo‘l urishni istadim. Shu qatorda, Markaziy Osiyodagi o‘ziga xos san‘at va hunarmandchilikni himoya qilish va asrash yo‘lida qandaydir hissa qo‘shishni maqsad qildim.

BBC: Odiljon Maxdumiy sizga tashakkurlarini bildirib, O‘sh qo‘l san‘ati nimasi bilan sizni o‘ziga tortgani haqida so‘ragan.

Meri Mitchell: Bir narsa meni o‘ziga tortgan, bu ham bo‘lsa odamlar har bir mahsulotni yaratish yo‘lida qunt bilan juda ko‘p vaqt sarflashadi. Deylik, atlas va adras to‘qish jarayonini oling. Bunga juda ko‘p vaqt ketadi. So‘zana kashtalarini bitkazish uchun ham ozmuncha muddat sarflanmaydi. Buyoqda, Buyuk Britaniyada biz hamma narsani tez bitkazishga o‘rganib qolganmiz. Shu bois, odamlar har bir mahsulotni san‘at darajasiga olib chiqish uchun vaqtni ayamasliklari meni maftun etgan.

BBC: Siz O‘zbekistonda ham ishlashingizni aytdingiz. O‘zbekistonning qaysi hududlarida ish olib borayapsiz?

Meri Mitchell: Bu yil men O‘zbekistonda bir necha hunarmandlik jamoalarida bo‘ldim. Farg‘ona vodiysining Marg‘ilon shahri va Rishton tumaniga bordim. Buxorodagi so‘zanachi ayollar bilan uchrashdim. To‘g‘ri, men O‘zbekistonda ko‘p muddat qololganim yo‘q. Lekin u yerdagiqo‘l san‘ati namunalari bilan tanishdim va qaysi mahsulotlarni g‘arbda sotish mumkinligini o‘rgandim. Men ayrim hunarmandlarni filьmga ham oldim va ularning san‘ati hamda mehnatini Britaniyada ko‘rsatishni istadim.

BBC: Meri, internet do‘koningiz qanday ishlaydi? Ya‘ni mahsulotlarni keltirish, sotish va daromadni taqsimlash kabi jarayonlar va nihoyatda, mahalliy hunarmandlar hayoti qanday o‘zgarayotgani haqida ayta olasizmi?

Meri Mitchell: Avvalo, aytishim kerakki, bu do‘kon yaqindagina ochilgan. O‘tgan sentyabrda ish boshlaganmiz. Shu bois bu loyiha odamlar hayotini qanchalik o‘zgartirayotgani haqida aniq bir gap aytish juda qiyin. Ammo biz, menimcha, mahalliy o‘zbek hunarmandlari mahsulotlarini chetda sotayotgan yagona internet do‘kon bo‘lsak kerak. Odatda, ular mintaqaga boradigan sayyohlarga o‘z mahsulotlarini sotib, pul topadilar. Britaniyada internet do‘kon ochish bilan biz bu hunarmandlarga sayyohlik mavsumidan tashqari, yil bo‘yi pul topish imkoniyatini yarata olamiz. Biz hunarmandlarga har bir alohida mahsulot uchun pul to‘laymiz. Ular narxni belgilashadi. Ayni damda, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda joylashgan va hunarmandlarga yordam ko‘rsatadigan ikkita kichik tashkilotga ham ko‘mak ko‘rsatamiz. O‘zbekistonning Arslanbob qishlog‘ida ham qo‘l san‘ati yaxshi rivojlangan. Lekin u yer juda ovloq va mahalliy ayollar qo‘l mehnati namunalarini chetga olib chiqib sotish bilan, hunarmandlar hayotida o‘zgarish yasash mumkin.

BBC: O‘zbek hunarmandlari mahsulotlariga Britaniyada qiziqish qanday? Ya‘ni bu mahsulotlar savdosi yaxshi ketmoqdami?

Meri Mitchell: Ha, savdo yaxshi. Biz kelajakda internet do‘konini rivojlantirishni istaymiz. Bu ko‘chada do‘kon ochgandan ko‘ra o‘ng‘ayroq. Chunki mahsulot tannarxi yanada qimmatlab ketishi mumkin. Mahsulotlarni olib kelish va boj masalalarida qiyinchiliklar bor. O‘zbekistondan qo‘l san‘ati namunalarini olib chiqish oson emas. Bu o‘rinda murakkabliklar mavjud. Shu bois bosh e‘tibor internet do‘koniga qaratilmoqda. Kelasi hafta va may oyida yangi mahsulotlar suratlarini e‘lon qilamiz. Bu esa mahsulotlarimiz borasida ko‘proq ma‘lumot beradi. Umuman, bu mahsulotlarga qiziqish katta. Qirg‘izistondan kelayotgan yangi mahsulotlarni sotib olayotganlar ham ko‘paymoqda.

Meri ochgan madeandtold.com internet do‘konida o‘zbekcha kashta, lagan, yostiqpo‘sh va so‘zonalar sotiladi

BBC: Vodiydan Baxt ismli tinglovchimiz milliy mahsulotlarni sotuvchi internet do‘koni ochish borasida nima maslahat bera olishingizni bilishni istaydi?

Meri Mitchell: Menimcha, bu juda oson. Avvalo, yaxshi fotosuratlar kerak ekan. Biz hozir shuni o‘rganayapmiz. Avvalida o‘zim olgan fotosuratlarni e‘lon qilgandik. Qarasak, tajribali suratkash olgan va sifatli akslar muhim o‘rin tutarkan. Hozir biz qaytadan fotosuratlar olayapmiz. Shuning uchun suratlarga katta e‘tibor qaratish lozim. Agar vebsahifangizda o‘ziga jalb etuvchi suratlarni yuklasangiz, albatta, e‘tibor tortadi. Arzon vebsahifa ochish mumkin. Qo‘lingizdan kelsa, uni o‘zingiz ham qila olasiz.

BBC: Toshkentdan Dilshod ismli o‘quvchimiz agar Markaziy Osiyodan biron hunarmand Britaniyaga borsa, ish topishi mumkinmi, qabilida savol yo‘llagan. Siz qanday yordam va yo maslahat bera olgan bo‘lardingiz?

Meri Mitchell: Menimcha, bu juda qiyin bo‘lsa kerak. Bosh muammo - viza olish. Ayni jarayon oson kechmasa kerak, deb qo‘rqaman. Ammo AQShda o‘zbekistonlik hunarmandlarni har yili taklif qilib turadigan qo‘l san‘ati yarmarkalari bor. Menimcha, ana shunga harakat qilib ko‘rishlari mumkin.

BBC: Bugun Britaniyada o‘qiydigan Gulsora ismli tinglovchimiz Samarqanddagi mahoratli hunarmand ayollarga siz kabi yordam ko‘rsatishni istaydi. Va ayni masalada siz qanday maslahat bera olishingizni bilmoqchi?

Meri Mitchell: Bu juda ajoyib savol. Menimcha, xorijda yashayotgan o‘zbeklar vatanda qolgan yurtdoshlarini qo‘llashlari juda muhim va zarur. Bilaman, o‘zbeklar har doim shunday qilishadi ham aslida... Gulsora menga elektron pochta orqali murojaat qilishi mumkin. Balki muayyan biron hunarmand ayolni bilsa, biz uning mahsulotlarini sotamiz. Va yoki Gulsoraning o‘zi bu o‘rinda qandaydir ko‘maklashish yo‘llarini ko‘rar. Ammo ayni o‘rindagi bosh muammo - ushbu mahsulotlarni import qilish va boj to‘lovlari. O‘zbekistondan mahsulot olib kelish ancha qimmatga tushadi. Hukumat kiritgan muayyan cheklovlar bor va bu masalani o‘z yo‘lida ko‘rib chiqish kerak. Ya‘ni boshqa mamlakatlardan farqli tarzda, hammasi oson kechavermaydi.

BBC: Britaniyada ko‘proq qaysi mahsulotlarga qiziqishadi? Sopol buyumlar, atlas matolar va yostiqpo‘shlarni olsak, qay birining bozori chaqqon?

Meri Mitchell: Asosan, atlas, adras va so‘zonalarga qiziqish katta. Hozir g‘arbda atlas va so‘zonalar juda urfga kirayapti. Kelajakda ularga qiziqish yanada ortsa kerak. Ayniqsa, Samarqand so‘zonalarini yaxshi olishadi. Atlasning har qanday turini sotib olishaveradi. Lekin kulolchilik mahsulotlarini sotish biroz qiyin kechishi mumkin. Chunki Britaniyada Shimoliy Afrikadagi arab yurtlaridan keladigan sopol buyumlar ko‘p sotiladi. Biroq Rishton kulolchilik makhsulotlarini juda xush ko‘rib olishmoqda. Bundan biz ham hayron qoldik. To‘g‘risi, sopol buyumlarni bunday osonlik bilan sota olamiz, deb o‘ylamagandik.

BBC: Abdullo ismli tinglovchimiz Londonda o‘zbek do‘stlaringiz bormi, ular bilan gaplashganda nimalarni bilishga qiziqasiz, so‘ramoqda.

Meri Mitchell: Mening mintaqalik o‘zbek do‘stlarim bor. Lekin ko‘proq Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklarga qiziqishim katta. Men xalqaro taraqqiyot doirasida O‘shda ishlab, yashaganman. O‘shanda O‘zbekiston chegarasiga yaqin mahallada bir o‘zbek oilasida qolgandim. Shu oila bilan o‘tgan hayotim davomida men o‘zbeklarga va ularning tili va san‘atiga qiziqish paydo bo‘ldi. Keyinroq, O‘zbekistonga bordim. To‘g‘risi, O‘zbekistonga oshufta bo‘lib qoldim. Bu - juda go‘zal tarix va madaniyati boy mamlakat. O‘zbeklar esa o‘ta mehmondo‘st xalq. Men xuddi ana shu narsalarni dunyoga ko‘rsatgim keldi. Chunki, menimcha, dunyo O‘zbekistonning ayni jihatlarini, shunchalik ko‘p ajoyib xususiyatlarni yaxshi bilmaydi.

BBC: Meri, suhbatingiz va javoblar uchun katta rahmat!

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.