BBC navigation

Agar ayol davlat tepasiga kelsa...

Сўнгги янгиланиш 8 март 2013 - 15:26 GMT

Benazir Bhutto borasida fikrlar ziddiyatli edi, lekin uning boshqaruvi Pokiston jamiyatida chuqur iz qoldirdi

Jahonga dong‘i ketgan siyosatchi ayollar ozmuncha emas. Margaret Tetcher, Hillari Klinton, Madlen Olbrayt, Kondoliza Rays, Tansu Chiller, Benazir Bhutto va Indira Gandi kabi ismlarni bilmaydigan odam kam topiladi.

Ammo dunyo aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi xotin-qizlarning siyosat, tijorat va jamiyatdagi mavqei hatto teng huquqlilikning eng cho‘qqisiga erishgan g‘arbda ham to‘liq namoyon bo‘lmagani aytiladi.

Biroq bugun ayol kishi dunyoni boshqarsa, ya‘ni siyosat va iqtisodda ayollar mavqei kuchaysa, qashshoqlikni tugatish va oilalar baxtini ta‘minlashga ko‘p e‘tibor qaratilmasmidi, urushlarga chek qo‘yilmasmidi va ijtimoiy adolatni ta‘minlashga qattiqroq intilmasmidilar, degan savollar aytilmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollar yetakchilik usullari boshqacharoq: Ular ko‘proq hamkorlik qilishadi va jamiyat fikriga quloq tutishadi.

"Ayol kishi hokimiyatda bo‘lsa, har bir olgan qarorida bolalari, nevaralari taqdirini o‘ylaydi" - deydi Irlandiyaning sobiq prezidenti Meri Robinson.

Bugun ayollar jahon iqtisodini yurgizishda katta kuchga aylanmoqda. Ayollar sarflayotgan 20 trillion dollardan ko‘proq pul yil sayin ko‘paymoqda.

"Jamiyatlar taraqqiy etishi uchun ayollarga ehtiyoj katta" - deydi AQSh sobiq davlat kotibi Kondoliza Rays - "Tinchlik jarayonlarida ayollarning o‘rni beqiyos. Chunki ular oilasini asrashga intilishadi. Nizolarda axir ayollar eng ko‘p aziyat chekishadi".

So‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, rahbar ayollar o‘z jamoalariga toza ichimlik suvi keltirish, ta‘lim va tibbiyotni rivojlantirishga ko‘proq e‘tibor qaratadilar. Tijorat ochgan ayollar boshqa xotin-qizlarni ishga ola boshlashadi.

Bugun Janubiy Amerikada ayol prezidentlar hokimiyatga kela boshlashgan.

Mintaqaning mashhur ayollari

"O‘zbekiston sharoitida ayol kishining prezident bo‘lishi muammo emas, jamiyat bunga qarshilik qilmaydi "

Kamoliddin Rabbimov, siyosiy tahlilchi

Mintaqadagi mashhur siyosatchi ayollardan biri - marhuma Benazir Bhutto.

Ko‘plar uning bosh vazirlikka erishishi otasi tufayli desa, boshqalar uning xonadoni korruptsiyaga botgandi, deb ayblaydi.

"Ammo Benazir Bhuttoning hokimiyatga kelishi Pokiston uchun ulkan o‘zgarish bo‘ldi" - deydi BBC O‘rdu Xizmatidan Umber Xayriy - "U ayollar huquqini ta‘minlovchi qonunlar qabul qilishga intildi, ilk ayollar bankini tashkil etdi va hatto zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qishloq ayollari bilan bevosita borib uchrashdi".

"To‘g‘ri, Pokistonda harbiylar va diniy ulamolar mavqei baland, shu bois Benazir Bhutto ayni to‘siqlarni yengib o‘tib, ko‘p rejalarini amalga oshira olmadi".

Hozir marhumaning maslakdoshlari Bhutto xonimning g‘oyasidan biri - o‘ta qashshoq ayollarga muntazam ko‘makni ta‘minlaydigan ijtimoiy kartochka tizimini yo‘lga qo‘yishgan. Shu asno yordam nafaqasi erkakning emas, bevosita ayolning qo‘liga topshirilmoqda.

Gulnora Karimova O‘zbekistonning eng mashhur ayoliga aylangan, desa bo‘ladi

Markaziy Osiyoda esa Qirg‘izistondagi g‘alayon ortidan qisqa muddat ayol kishi - Roza O‘tinboyeva prezident bo‘ldi.

"Roza O‘tinboyeva ayollarga oid yangi qonunlar qabul qilgani yo‘q, bu qonunlar bor edi" - deydi BBC Qirg‘iz Xizmatidan Oqcho‘lpon Qo‘ychiyeva - "Lekin u ayollarni ruhlantirdi va parlamentga ko‘plab xotin-qizlar kirishdi".

"Ayrim fikrlarga ko‘ra, o‘sha qonli voqealar ortidan ayol kishining prezident bo‘lgani ehtiroslarni bir qadar tushirgan. Erkak kishi bo‘lganida, kim biladi, nizolar yana kuchayib ketarmidi, degan fikrlar ham bor".

Mintaqadagi yirik oilalar vakilalari ham o‘z mamlakatlari va hatto xalqaro miqyosda nom qozonishmoqda.

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonda bu holatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Ammo O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bugun o‘z mamlakatidagi eng mashhur ayollardan. Xalqaro miqyosda esa turli fikrlarga sabab bo‘layotgan ko‘p qirrali shaxs.

So‘nggi chiqishlaridan birida Gulnora Karimova "Ambitsiyali har qanday shaxs prezident bo‘lishi mumkinligi" haqida ham gapirgandi.

Bugun g‘arb matbuotida Gulnora Karimova O‘zbekistonning yangi prezidenti bo‘lishga intilmayaptimi qabilidagi fikrlar ham o‘rtaga chiqa boshlagan.

"O‘zbekiston sharoitida ayol kishining prezident bo‘lishi muammo emas, tarixda ham bizda ayol boshqaruvchilar bo‘lgan" - deydi o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov -"Jamiyat bunga qarshilik qilmaydi".

"Ammo bu shaxs ayol bo‘ladimi, erkak bo‘ladimi, baribir, adolatli saylovlar orqali hokimiyatga kelishi kerak".

"Agar erkin saylov o‘tkazilsa, Gulnora Karimovada saylanish imkoniyati bo‘lmasa kerak" - davom etadi tahlilchi - "O‘zbekistondagi mavjud muammolarni hal etishda ham uning potentsiali ko‘rinmaydi".

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.