BBC navigation

Gulnora Karimova Bilan jurnaliga to'la intervyusini e'lon qildi

Сўнгги янгиланиш 11 март 2013 - 17:18 GMT

O'tgan hafta Shveytsariyaning "Bilan" jurnalida e'lon qilingan suhbatning to'liq varianti ekanini aytgan Gulnora Karimova shaxsiy blogida G'arb matbuotida o'ziga qarshi ilgari surilgan korruptsiya iddaolarini yana bir marta rad etgan.

Ushbu suhbatda Karimova xonim shu yil 1 mart kuni o'zining Jenevadagi uyiga tashrif buyurgan faollar orasida bo'lgan Britaniyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurreyga qarshi qator ayblovlarni ilgari surgan.

Uning aytishicha, britan elchisi MTSning qochuvdagi direktori Bekzod Ahmedov bilan tanish bo'lgan va Ahmedovga pokistonlik ishbilarmonlarni tanishtirish orqali pul ishlab qolishga uringan.

Gulnora Karimova yozishicha, "Bilan" jurnalining mazmuni va qat'iy belgilangan o'lchami sababli o'zining bu nashrga javoblarining ancha-muncha qiziq joylari kadr ortida qolgan.

Va "uni o'qib chiqqanlarning so'rovlaridan kelib chiqib, diskussiya-javoblarning to'la versiyasini e'lon qilishni ma'qul ko'rdim", deb yozadi Gulnora Karimova.

Wordpress dagi Gulnora Karimovaning shaxsiy blogida savol-javoblarning rus va ingliz tilidagi versiyalari e'lon qilingan.

Karimova xonimning yozishicha, shuningdek, bu erda yuqori darajadagi konfidentsial yozishmalardan keltirilgan iqtiboslar ancha-muncha narsaga oydinlik kiritadi.

"Bilan"da e'lon qilinmay qolib ketgan Gulnora Karimova javobining bir muhim nuqtasi - u, Bekzod Ahmedov taniqli klanga yaqin bo'lgani uchun o'zining ichki siyosiy o'yinini o'ynagan va komanda bo'lib ulkan mablag' to'plagan, deb yozadi.

Gulnora Karimovaga ko'ra, o'ziga qarshi bo'layotgan barcha yomonotliq qilish kampaniyalari ortida Bekzod Ahmedovning jinoyatlari fosh etilganidan keyin u ishlagan MTS shirkatining O'zbekistonga qarshi "e'lon qilgan atom urushi" turipti.

Karimova xonim centrasia.ru veb-saytida o'tgan yili avgustida e'lon qilingan maqolani keltirgan. Bu maqolada Toshkentda ro'yxatga olingan bir necha soxta shirkat bo'lgani, bu shirkatlar mablag'ni naqd pul qilish bilan shug'ullangani, MTS katta miqdordagi mablag'larni bu shirkatlar orqali naqd pulga aylantirgani haqida yoziladi.

centrasia.rudagi maqolaga ko'ra, bu shirkatlarni O'zbekiston Bosh prokuraturasi hamda Milliy Xavfsizlik xizmatidagi katta odamlar o'z panohiga olgan, bu shirkatlar orqali noqonuniy naqd pul qilingan 35 milliard so'mni Bekzod Ahmedov cho'ntagiga solgan.

Shveytsariya nashri Karimova xonimning Tvitter va Internetdagi faolligi haqida so'ragan.

Bunga javob berarkan, Gulnora Karimova mashhur bo'lgan sari sening shaxsiy hayotingga suqilib kiradiganlar ham ko'payib borar ekan, degan mazmunda javob qaytaradi va taniqli inson huquqlari himoyachisi Mo''tabar Tojiboevani va Britaniyaning sobiq elchisi Kreyg Myurreyni Jenevadagi o'zining xususiy mulkiga bostirib kirishga urindilar, deb yozadi.

Gulnora Karimova faollarni olgan pullarini oqlashga doim tayyor "qo'llab-quvvatlash komandasi" deb ataydi.

Karimova xonimning yozishicha, Bekzod Ahmedov va Britaniya elchisi Kreyg Myurrey Toshkentning ayshu-ishrat ko'p joylarida uchrashganlar, ularning davrasida Kreyg Myurrey manfaatlarini himoya qilgan pokistonlik soxta biznesmenlar bo'lganlar.

Gulnora Karimova yozishicha, o'ziga qarshi boshlangan sun'iy mojaroni boshlagan kuchlar ko'zlagan muddaolariga etishmagach, yana biror joyda kimdir nimanidir aytib qoladimi, degan maqsadda mana shunday amallarga qo'l urmoqdalar.

Gulnora Karimova yozishicha, shu yil 9 yanvarida Bekzod Ahmedov o'zining ko'p sonli oilasi a'zolari bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilgan.

Financial Timesga o'xshagan ro'znomalar Bekzod Ahmedov to'qib chiqargan hamma narsani e'lon qilishga tayyor, MTS uch oydan buyon bu maqolani e'lon qilish bilan po'pisa qilib kelardi, deb yozadi Gulnora Karimova o'zining shaxsiy blogida.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.