BBC navigation

'O‘zbekiston mintaqa gigantiga aylanadi'

Сўнгги янгиланиш 12 март 2013 - 11:58 GMT
AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton davrida Toshkent va Vashington aloqalari qaytadan iliy boshlagan

AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton davrida Toshkent va Vashington aloqalari qaytadan iliy boshlagan

Tahlilchilar bir fikrni takrorlashayotir: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda AQShning asosiy hamkoriga aylanmoqda, deb boshlanadi Nezavisimaya gazetaning bir qadar xavotirlarga to‘la maqolasi.

Rossiya nashrining hadiklari, shaksiz, Markaziy Osiyoning eng strategik muhim va aholisi katta bo‘lgan O‘zbekistondek bir mamlakati G‘arb bilan hamkorlik sari tobora ko‘proq moyillik ko‘rsatayotganiga taqaladi.

Toshkent bu hamkorlikdan iqtisodiy manfaat ko‘rishni ham istaydi. Hьyuman Rayts Uotch kabi xalqaro inson huquqlari guruhlari bu hamkorlik doirasida Vashington Toshkent oldiga inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilash talabini qo‘yishga chaqirmoqdalar.

Ammo Vakillar palatasida allaqachon O‘zbekistonga berilajak harbiy yordam muboyasa etilgan va inson huquqlari tashkilotlari chaqiriqlari Amerikaning qulog‘iga kirmasa kerak.

Buning ustiga, deb yozadi Nezavisimaya gazeta, fevral oyida Toshkentga borgan Amerika kongressi a‘zolari hay‘ati bir fikrni aytishdi, ya‘ni O‘zbek hukumati kiritayotgan inson huquqlariga oid cheklovlarni oqlaydigan sabab bor va bu islomiy ekstremizm tahdididir.

Gazetaga ko‘ra, Prezident Islom Karimov ham AQSh kongressi Ovro‘po va Osiyo quyi qo‘mitasi raisi Dan Rorabaxer bilan uchrashuvda Vashington bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirgan.

AQSh kongressi a‘zosidan iqtibos keltirgan Eurasianet esa O‘zbek hukumati Sovet davridan qolgan qurol-yarog‘larni Amerikaning yangicha qurol-aslahasi bilan yangilamoqchi, deb ta‘kidlaydi.

Shu asno, mana shu mart boshida Toshkent o‘z istagiga ijobiy javob olgan.

AQSh davlat kotibi muovini Robert Bleyk esa O‘zbekistonga halokatli xususiyatga ega bo‘lmagan qurollarni, xususan, uchuvchisiz parvoz qiladigan dron uchoqlarini berishini ham aytgan.

Nezavisimaya nashriga binoan, Afg‘onistondan olib chiqiladigan texnika va qurollarning muayyan qismini AQSh tarafi Markaziy Osiyoda qoldirmoqchi degan xabarlarga so‘nggi ta‘kid juda mos tushadi.

Matbuotda esa ana endi Toshkent Rossiya qurollaridan voz kechadi degan fikrlar kuchaygan.

Ammo Rossiyalik harbiy mutaxassislarga ko‘ra, gap bu yerda O‘zbek armiyasining NATO andazalarini qabul qilayotgani haqida ketmoqda.

"Oldinroq Gurjiston va Ozarbayjon xuddi shu yo‘ldan o‘tishgandi" - deydi Chegaralar bo‘yicha hamkorlik uyushmasi rahbari Aleksandr Sobyanin - "Hozir MDH hududlarida eng jangu jadalga tayyor armiya bu - NATO andazalariga javob beruvchi Ozarbayjon qurolli kuchlari".

"Boku bilan kechgan tajribaga qaralsa, O‘zbekiston Rossiya qurollaridan voz kechmaydi, balki yanada ko‘proq miqdorda Rossiyadan zamonaviy qurollarni sotib ola boshlaydi".

Aleksandr Sobyanindan iqtibos keltirayotgan Nezavisimaya gazetaga ko‘ra, O‘zbekiston allaqachon o‘z armiyasini xorijiy qurollar bilan ta‘minlamoqda, chunki sovetlardan qolgan eski qurol-aslaha va askarlarni tayyorlash usullari zamonaviy talablarga javob bermaydi.

"Hali 1990-yillar boshida O‘zbek armiyasi Marg‘ilon va Namangandagi ichki isyonlarni bostirishga qaratilgan edi, 2005 yilda esa Andijonga e‘tibor berildi" - deydi Aleksandr Sobyanin - "Shuningdek, 1999-2000 yillari O‘zbekistonga suqilib kirishga intilgan islomiy jangarilarga qarshi kurashga yo‘naltirilgan".

O‘zbekiston kelajagi

G‘arbdagi Djeymstaun jamg‘armasi tahlilchisi Margarita Asenovaga tayanib yozayotgan gazeta O‘zbekiston ishtirokisiz mintaqada xavfsizlikni ta‘minlab bo‘lmasligini urg‘ulaydi.

Rossiyalik tahlilchilarga ko‘ra, Islom Karimov hozir o‘z mamlakati manfaatlariga zarar yetkazmagan holda ham AQSh va ham O‘zbekistonning strategik qarashlarini eng oliy muvofiqlik nuqtasiga chiqarishdek bir vazifani Abdulaziz Komilovning yelkasiga yuklagan.

"Xullas, O‘zbekiston ham iqtisodiy, ham harbiy gigantga aylanishda izchil davom etadi" - deydi rossiyalik tahlilchi Aleksandr Sobyanin - "Bu degani Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston uchun bemalol yuradigan davrlar tugaydi".

"O‘zbekiston, shuningdek, iqtisodiy zamonaviylashish uchun ham ochiladi va AQSh nazorati ostida g‘arb davlatlari O‘zbekistonga sarmoya kirita boshlaydilar".

Amerika Qo‘shma Shtatlari bu borada strategik yo‘nalishni belgilaydi, lekin o‘zlari bu respublikaga katta pul yotirishni istashmaydi, deb yozadi gazeta.

"Bundan boshqa bir maqsad ko‘zlanmoqda, u ham bo‘lsa - O‘zbekistonni jadal rivojlantirib, Ovrosiyo Ittifoqi g‘oyasini chippakka chiqarish" - deya xulosa qiladi Rossiya tahlilchisi.

Ammo gazetaga ko‘ra, Markaziy Osiyoda aniq to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, Moskva yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketish yo‘llarini topishi kerak.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

Алоқадор мавзулар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.