BBC navigation

FIFAning yangi reytingida: Eron O‘zbekistonning o‘rniga chiqib oldi

Сўнгги янгиланиш 15 март 2013 - 15:02 GMT

Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasining bu oygi reytingida O‘zbekiston ikki pog‘ona pastlab, 59-o‘ringa tushib qolgan va qit‘aning eng yuqori to‘rtligi saflaridan chiqib ketgan. Uning o‘rnini ashaddiy raqibi Eron egallagan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bor-yo‘g‘i yanvar oyida o‘z tarixidagi ikkita eng yuqori natijadan birini qayd etib, 56-o‘ringa ko‘tarilib olgandi.

So‘nggi natijasi O‘zbekiston milliy terma jamoasining qit‘adagi o‘rniga ham ta‘sir etmay qolmagan. Jamoa yuqori to‘rtlikdagi o‘rnini boy berib, 5-o‘ringa pastlagan.

Bor-yo‘g‘i ikki oy burun FIFA reytingida 60-o‘ringa tushib qolgan Eron esa, O‘zbekistonning o‘rniga 57-o‘ringa chiqib oldi.

Ammo Eron ushbu o‘rinni Kabo-Verde orollari terma jamoasi bilan bo‘lishib turibdi.

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston FIFA reytingida qayd etgan so‘nggi natija – hanuz Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich.

FIFAning yangi reytingida ham Osiyoda hanuz qit‘aning to‘rt karra chempioni Yaponiya peshqadamlik qilmoqda.

Undan keyingi o‘rinlarni Avstraliya, Janubiy Koreya va Eron egallashgan.

Reyting shov-shuvi

Qo‘shni Afg‘oniston milliy terma jamoasi FIFA so‘nggi reytingining shov-shuvlaridan biri bo‘lgan

Qo‘shni Afg‘oniston milliy terma jamoasi FIFA so‘nggi reytingining shov-shuvlaridan biri bo‘lgan

Qo‘shni Afg‘oniston milliy terma jamoasi FIFA so‘nggi reytingining shov-shuvlaridan biri bo‘lgan.

Afg‘oniston bir oyning ichida 48 o‘rin yuqorilab, 141-o‘ringa chiqib olgan.

Milliy terma jamoa yaqinda guruh bosqich bellashuvlarida ketma-ket ikki g‘alaba va bir durang natija qayd etib, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Chaqiruv Kubogining final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

Afg‘onistondan avvalgi ikki o‘rinni esa, Markaziy Osiyo mintaqasi vakillari bo‘lgan Qozog‘iston (139-o‘rin) va Turkmaniston (140-o‘rin) egallab turishibdi.

FIFA yangi reytingida Tojikiston 152-o‘rinda bo‘lsa, Qirg‘iziston 201-o‘ringa tushib qolgan.

O‘tgan oy mintaqada O‘zbekistondan keyin eng yaxshi ko‘rsatkichni Turkmaniston qayd etgan bo‘lsa, bu gal uch o‘rin yuqorilab olgan Qozog‘iston ikkinchi yaxshi natijani ko‘rsatgan.

Boshqa MDH davlatlari bilan taqqoslaganda esa, O‘zbekiston FIFAning mart oyidagi reytingida ham Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinni egallagan.

Rossiya xuddi o‘tgan oydagisi kabi bu gal ham 10-o‘rinda bormoqda. Ammo, shunda ham, bu - MDH davlatlari orasidagi eng yaxshi natija.

FIFAning bu oygi reytingida yana Ispaniya peshqadamlik qilgan.

So‘nggi Jahon chempioni ortidan yuqori uchlikni egallab turgan Olmoniya va Argentinalarning ham o‘rinlari o‘zgarishsiz qolgan.

Eng yaxshi ko‘rsatkich

FIFAning yangi reytingi O‘zbekiston milliy terma jamoasining qator muhim xalqaro uchrashuvlari arafasida e‘lon etilgan

FIFAning yangi reytingi O‘zbekiston milliy terma jamoasining qator muhim xalqaro uchrashuvlari arafasida e‘lon etilgan

O‘zbekiston 2006 yilda dunyoning manaman degan milliy terma jamoalarini ortda qoldirib, FIFA reytingida 45-o‘rinni egallagan va Osiyoning eng kuchli terma jamoalari orasida kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar 1994 yilgi Osiyo O‘yinlari chempioni bo‘lishlari ortidan qit‘a tarixida bu kabi natijaga erishishmagandi.

Lekin bor-yo‘g‘i 4 yilning ichida 108-o‘ringa tushib qolishga ham ulgurishgandi.

Bunga o‘zbekistonlik futbolchilarning o‘tgan Jahon chempionatining final bosqich uchrashuvlariga chiqish yoki Osiyo O‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish urinishlari chippakka chiqqani sabab bo‘lgandi.

2011 yilda esa, O‘zbekiston terma jamoasi Xalqaro Futbol Uyushmasi reytingida 31 o‘rin yuqorilab, rekord natija ko‘rsatgan va Qatardagi Osiyo Kubogida qo‘lga kiritgan natijalari ortidan 77-o‘ringa chiqib olgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi Osiyo kubogida ilk bor yarim finalga chiqib, o‘yinlarni to‘rtinchi o‘rin bilan yakunlashga muvaffaq bo‘lishgandi.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, o‘tgan dekabr oyidagina FIFA reytingida 67-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston bir oyning ichida o‘z natijalarini bu qadar yaxshilashga erishgan.

FIFA reytingi esa, milliy terma jamoalarning turli xalqaro tadbirlarda erishgan yutuqlariga asoslanib ishlab chiqiladi.

Saralash bosqich bellashuvlarini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan O‘zbekiston joriy paytda Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga 4.5 ta yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritishga da‘vo qilayotgan yagona Markaziy Osiyo davlatidir.

FIFAning yangi reytingi O‘zbekiston milliy terma jamoasining qator muhim xalqaro uchrashuvlari arafasida e‘lon etilgan.

Jamoa kelasi hafta - 22 mart kuni 2015 yilgi Osiyo Kubogining navbatdagi guruh bosqich uchrashuvida safarda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi maydonga tushadi.

Oradan to‘rt kun o‘tib esa, 2014 yilgi Jahon chempionatining so‘nggi bosqich saralash bellashuvlari doirasida Toshkentda Livanni qabul qiladi.




* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

Алоқадор мавзулар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.