BBC navigation

Birma: buddoyilar va musulmonlar to'qnashgan joyda favqulodda vaziyat

Сўнгги янгиланиш 22 март 2013 - 15:07 GMT

Birmada buddoyilar bilan musulmonlar o'rtasidagi yangi to'qnashuvlarda kamida 20 inson halok bo'lgani tasdiqlangan. Birma rahbariyati to'rtta shtatda favqulodda holat e'lon qilgan.

Buddoyilar va musulmonlar o'rtasidagi to'qnashuvlar Birma markazidagi Meytila shahrida oltin buyumlar bilan savdo qiladigan musulmon do'kondor bilan buddoyi xaridorlar o'rtasidagi kelishmovchilikdan boshlangan.

Chorshanba kuni musulmon do'kondor bilan xaridorlar oltin narxi bo'yicha kelisholmaganlar, shundan keyin ikki tomonda ham tarafdorlar ko'payib to'qnashuv yuz bergan.

Bir buddoyi ruhoniy rahbarligidagi olomon musulmonlarning do'konlari va boshqa mulklariga hujum qilganlari, o'sha kuni bu ruhoniy o'ldirilgani xabar qilinmoqda.

Shundan keyin g'azablangan buddoyilar musulmonlar yashaydigan uylar va masjidlarga o't qo'yishni boshlaganlar.

Mana bugun uchinchi kun bo'lsa, vaziyat borgan sari yomonlashayotgani haqidagi xabarlar olinmoqda, lekin haqiqiy ahvolning qandayligini ko'pchilik bilmaydi.

Hatto mahalliy politsiya qaerda nima bo'layotganidan bexabarligini tan olgan.

Ular kamida 20 inson halok bo'lganini tasdiqlashlarini aytmoqdalar.

Jurnalistlar va mahalliy faollar bugunga kelib Meytila shahri butkul olov va tutun orasida qolganini aytmoqdalar, masjidlarda kuyib ketgan insonlarning jasadlari ko'ringan.

Bir joyda jurnalistlar pichoqlar bilan qurollangan buddoyi yoshlarga duch kelganlari, ular jurnalistlarning kameralari flesh-kardlarini tortib olganlarini aytganlar.

Bi-bi-si bilan suhbatda muxolifat a'zosi bo'lgan siyosatchi zo'ravonliklarda ishtirok etgan buddoyi yoshlarni politsiya hibsga oldi, deb aytgan.

Birma prezidenti nafaqat Meytila shahri, balki musulmonlar aralash istiqomat qiladigan 4 ta shtatda komendantlik soati e'lon qilgan.

80 ming aholi istiqomat qiladigan Meytila shahrida musulmonlar soni anchani tashkil etadi.

Meytila musulmonlari o'zlarining yashab turgan joylaridan boshqa joyga qochishga, yashirinishga majbur bo'lganlar.

Bozorlar yopilgan, odamlar bugunga kelib oziq-ovqat etishmayotgani haqida aytmoqdalar.

Bi-b-si Birma xizmati rahbari Xtar Svening aytishicha, bu komendantlik soati e'lon qilinib, Meytilaga armiya kiritilganiga qaramasdan, allaqachon shikoyatlar kelib tushgan.

Odamlarning aytishlaricha, zo'ravonliklar oldini olishi kerak bo'lgan harbiylar hodisalarga indamay qarab turishipti.

Birma muxolifati rahbari Aun San Su Chi hukumatga murojaat qilgani, armiya, politsiya kuchidan samarali foydalanishga chaqirgani haqidagi xabarlar olinmoqda.

O'tgan yilgi buddoyi-musulmon to'qnashuvlarida rasman 200 odam o'lgani xabar qilingan, 100 minglab Roxinya musulmonlari boshqa joylarga ko'chib ketishga majbur bo'lgan edilar.

Birma rasmiylariga ko'ra, roxinyalar Birmaning tub aholisi emas, ular noqonuniy qo'shni mamlakatlardan kelib qolganlar, shuning uchun ularga Birma fuqaroligi berilmagan.

Mamlakatda 800 ming atrofida roxinya musulmoni yashaydi, deb ko'riladi.

Birmada musulmonlarga nisbatan bo'layotgan kamsitishlarga nisbatan sukut saqlab turishni ma'qul ko'rgan Aun San Su Chi xonim nomiga ham tanqidlar bildirilayotganini ko'rish mumkin.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.