O‘zbekistonda siyosiy kurashlar jadallashmoqdami?

Karimova xonimning Rustam Azimovga hujumi Prezident Karimovning kasalligi borasidagi xabarlar manzarasida kuzatilmoqda
Image caption Karimova xonimning Rustam Azimovga hujumi Prezident Karimovning kasalligi borasidagi xabarlar manzarasida kuzatilmoqda

Gulnora Karimova Tvitterdagi sahifasida Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovni tanqidga tutgan.

O‘zbekistonda muqobil energiyadan foydalanish loyihalari haqida gapirarkan, Karimova xonim Navoiy viloyatida quyosh batareyalarini ishlab chiqarish loyihasi bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov nazoratiga berilgani va u nimagadir sirli va yopiq holatda amalga oshirilayotganini aytgan.

"Ishoning, ularning ijtimoiy tarmoq bilan ishi yo‘q, muhimi, Osiyo taraqqiyot bankining pulini qaror ostida o‘z vaqtida olib ketish", - degan Gulnora Karimova.

Keyingi tvitlarda Karimova xonim ushbu loyiha janob Azimovning sog‘in sigiriga aylanib qolganini yozgan. Sal pastroqda esa, Rustam Azimov ushbu muhokamani provakatsiya o‘laroq qabul qilganini ham yozgan.

Karimovaga ko‘ra, ushbu ochiq yozishmalar, nimagadir Rustam Azimovning turmush o‘rtog‘ini asabiylashtirgan.

"Nahotki, u ham ishning ichida bo‘lsa, tushunmayman", deya tabassum belgisi - smaylikni qo‘ygan Karimova xonim.

U shuningdek, boshqa bir foydalanuvchining "Bilasizmi,Azimovning katta kuyovi Aziz Osiyo Taraqqiyot bankining Filippindagi ofisida ishlaydi. Ular hammasini egallab olishgan", degan so‘zlarini retvit qilgan va "vov" deyish bilan o‘z munosabatini bildirgan.

Rustam Azimov xuddi Gulnora Karimova kabi O‘zbekiston prezidentining ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sanaladi. Xo‘sh, Tvitterdagi so‘z urushi ortida nimalar turgan bo‘lishi mumkin?

Parijdan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar instituti sobiq xodimi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, "bu yerda Gulnora Karimova va Rustam Azimov o‘rtasida kurash ketmayapti, bu yerda prezidentlikka bo‘lajak nomzodlar o‘rtasida kurash ketmoqda".

Image caption Rustam Azimov xuddi Gulnora Karimova kabi O‘zbekiston prezidentining ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sanaladi

Rustam Azimov 1991 yildan beri Prezident Karimovning eng ishongan odamlaridan va siyosiy sahnadagi asosiy o‘yinchilardan hisoblanadi.

Kamoliddin Rabbimov "Gulnora Karimova Rustam Azimovni o‘yindan chiqarishga harakat qilmoqchi" degan fikrni bildiradi.

"O‘zbekistonda siyosiy hokimiyat uchun kurash ancha jaddallashgan. Buning bir qancha simptomlarini ko‘rib borayapmiz. Gulnora Karimovaning internet saytidagi Xavfsizlik Xizmati raisi o‘rinbosari va boshqa shaxslarga qilgan hujumi va shunga o‘xshagan omillar", deydi Kamoliddin Rabbimov.

Gulnora Karimovaning Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovga Tvitterdagi hujumi Prezident Islom Karimovning kasalligi borasidagi xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.