Gulnora Karimova otasining kasalligi haqidagi xabarlarni rad etdi

75 yoshli Prezident Islom Karimovning kasalligi haqidagi xabarlar bundan avval ham paydo bo‘lgan, ammo keyinroq tasdig‘ini topmagan
Image caption 75 yoshli Prezident Islom Karimovning kasalligi haqidagi xabarlar bundan avval ham paydo bo‘lgan, ammo keyinroq tasdig‘ini topmagan

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova otasining yurak huruji kechirgani haqida muxolifat manba‘lari tarqatgan xabarni rad etgan.

Tvitter foydalanuvchilaridan birining Prezident Karimovning sog‘ligi haqidagi savoliga javob berarkan, Karimova xonim Prezidentni kasal deb o‘ylash uchun odam "aqldan ozgan bo‘lishi kerak", deb aytgan.

Gulnora Karimova otasining Navro‘z tantanalari chog‘ida 20 daqiqa to‘xtamay o‘yinga tushganini xotirlatgan.

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati 75 yoshli Prezident Karimovning 19 mart kuni yurak huruji kechirgani haqida xabar tarqatgan yagona manba‘ bo‘lib qolayotir.

Muxolifatning da‘vosi Prezident devonidagi manba‘larning raddiyasiga sabab bo‘lgan.

Oldinroq, RIA Novosti agentligi Prezident kotibiyatidagi manba‘ning "Prezident Karimov payshanba kuni infarkt bo‘lgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi" degan so‘zlaridan iqtibos keltirgandi.

Avvalroq, agentlik Prezident devonidagi manba‘ning xorijdagi muxolifat nashrlarida paydo bo‘lgan xabarlarni "uydirma" deb atagan so‘zlarini chop etgandi.

Prezident Karimov atrofidagilarning uning kasalligi inkor qiluvchi so‘zlari yanada qat‘iylashgan esa-da, rasman na Oqsaroy va na O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bu borada hech qanday xabar tarqatgani yo‘q.

Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Odilbek Qayipbergenov Bi-bi-sining so‘roviga Prezidentning kasalligidan xabari yo‘qligini aytgandi.

75 yoshli Prezident Islom Karimovning kasalligi haqidagi xabarlar bundan avval ham paydo bo‘lgan, ammo keyinroq tasdig‘ini topmagan.