Arab Ligasi sammitida Suriyaning rasmiy o‘rni muxolifatga berildi

Xatib janoblari Arab Ligasi sammitida ishtirok etgan va nutq irod qilgan
Image caption Xatib janoblari Arab Ligasi sammitida ishtirok etgan va nutq irod qilgan

Suriya muxolifati Milliy Koalitsiya Qatardagi Arab Ligasi sammitida mamlakatning rasmiy kursisini egallagan.

Qatar amiri Shayx Hamad bin Xalifa al - Taniy ikki kunlik anjumanni ocharkan, Suriya muxolifati vakillarini ushbu o‘ringa rasman taklif qilgan.

Suriya bayrog‘i ham Milliy Koalitsiya bayrog‘i bilan almashtirib qo‘yilgan.

Bu muxolifat rahbari Ahmad Muaz Xatib yakshanba kuni iste‘fo berishi ortidan koalitsiya ichida tartibsizliklar kuzatilayotgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Ammo, Xatib janoblari Arab Ligasi sammitida ishtirok etgan va nutq irod qilgan. O‘zining hayajonli chiqishida u Suriya xalqi ozodlik uchun xun to‘layotganini aytgan.

Janob Xatib va yangi saylangan muvaqqat bosh vazir G‘assan Hitto Suriyaning rasmiy kursisini egallasharkan, Arab davlatlari rahbarlari ularni qarsaklar bilan kutib olishgan.

Milliy Koalitsiyaning sammitga taklif etilishi Damashqning g‘azabini keltirgan.

"Liga Suriyaning o‘g‘irlangan kursisini bezorilar va kallakesarlarga oshirdi", deyiladi rasmiy al-Zavra nashrida.

Arab Ligasi yig‘ini ochilishida amir Shayx Hamad bin Xalifa al - Taniy BMT Xavfsizlik Kengashidan Suriyadagi ikki yillik mojaroga barham berishga yordam so‘ragan.