O‘XHning vebsahifasiga hujum qilindi

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakatining veb sahifasi xakerlar hujumiga uchragan.

Xakerlik hujumi Harakat O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning yurak xurujini boshdan kechirgani haqida xabar tarqatishidan roppa-rosa bir hafta o‘tib yuz bergan.

O‘tgan yili ham muxolifat sayti xakerlar hujumiga uchragandi.

"Aslida biz bunday hujumlarni kutayotgandik. Har doim saytimizda sensatsion, fosh qiluvchi material chiqishi bilan, O‘zbekiston tarafidan deya taxmin qilinadi doim, mana shu turdagi javoblar bo‘lib keldi. Biron bir siyosiy javob emas yoki ochiq tarzdagi bayonot, tushuntirish emas, mana shunday shakldagi javoblar bo‘lib kelgan", deydi harakat so‘zchisi Kamoliddin Yo‘ldosh.

O‘zbekiston Xalq Harakati faollari harakat vebsahifasi hujumdan ziyon ko‘rmaganini aytishadi.

"Bu xaked degan rasm bosh sahifada ochiladi. Ammo, ichkaridagi maqolalarni ular sindira olmagan. Saytimiz uch tilda yoritiladi. Ruscha, turkcha sahifamizga hech qanday mudoxala qilisholmagan", deya qo‘shimcha qiladi Kamoliddin Yo‘ldosh.

O‘XH o‘z saytiga uyushtirilgan xaker hujumi ortida O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik turganini da‘vo qiladi.

"Chunki, kimga kerak bu safarbarlik va kim bundan manfaatdor bo‘lishi mumkin va eng muhimi, bu yerdagi ma‘lumotlarning aylanmasligi kimga zarur bo‘lib qoldi? Aynan O‘zbekiston prezidentining yurak xurujiga daxldor ma‘lumotlar chiqqanidan keyin nima uchun sarosima boshlandi, bu endi tushunarli bo‘lsa kerak", deydi O‘zbekiston Xalq Harakati voizi.

Bu mavzuda batafsilroq