Jeneva politsiyasi: "o‘zbek diplomatlarining mashinasiga hujum siyosiy emas"

Image caption Karimova xonim hodisa ortida o‘zbek faollari turgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan

Jeneva politsiyasi 19 mart kuni O‘zbekistonning BMTdagi vakolatxonasi mashinasiga uyushtirilgan hujum ortida siyosiy sabablar yo‘qligini aytdi.

Politsiya vakili shuningdek, hodisaning avvalroq O‘zbekistonning BMTdagi doimiy missiyasi rahbari Gulnora Karimova da‘vo qilganidek, "O‘zbekistonning BMT Missiyasi hududidagi yer osti garajida" emas, balki Jeneva xalqaro aeroporti yaqinidagi avtostoyankalardan birida yuz berganini aytdi.

Nomi e‘lon qilinishini istamagan politsiya mulozimiga ko‘ra, avtostoyanka O‘zbekiston missiyasi joylashgan BMT idorasidan 3 chaqirim uzoqdagi Pre-bois ko‘chasida joylashgan va u faqat diplomatlar emas, oddiy haydovchilar ham foydalanadigan jamoat joyidir.

Politsiya vakilining BBCga aytishicha, hodisada faqat o‘zbek diplomatlarining emas, balki yana bir diplomatik hamda boshqa 8 ta avtoulovning oynalari sindirilgan.

Jeneva politsiyasi vakili Pre-bois ko‘chasida yuz bergan hodisani siyosiy emas, balki jinoiy hodisa sifatida tekshirayotganliklarini ta‘kidladi.

"Har kuni Jenevada o‘nlab mashinalarning oynalari sindiriladi va ashyolar o‘g‘irlanadi", - dedi nomini e‘lon qilmaslikni so‘ragan politsiya vakili BBC bilan suhbatda.

Politsiya mulozimiga ko‘ra, hozirda jinoiy tekshiruv boshlangan, ammo politsiya xali hech kimni hibsga olmagan.

U O‘zbekistonning BMTdagi doimiy missiyasi hujum yuzasidan Jeneva politsiyasiga ariza bilan murojaat etganini tasdiqladi.

Ammo politsiya vakilining bildirishicha, o‘zbek diplomatlari o‘z arizalarida hujum ortida kim turgan bo‘lishi mumkinligi borasida rasman hech qanday farazni bayon qilishmagan.

"Qo‘rqitish"

Jenevadagi "o‘zbek diplomatlarining mashinasiga hujum" haqida birinchi bo‘lib O‘zbekiston vakolatxonasi rahbari bo‘lgan Gulnora Karimova o‘z blogida xabar tarqatdi.

"Pul to‘layetganlarning asabi bardosh bera olmaganda …" deb sarlavha qo‘yilgan blogda Karimova xonim hodisani o‘zini yomonotliq qilishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi sifatida talqin qilgan.

"Seni qo‘rqitishni boshlashadi (inglizcha aytganda blackmail))), bizning holatda umuman "qo‘rqmasdan", chunki jazosiz O‘zbekistonning BMT Missiyasi hududidagi yer osti garajidagi xizmat mashinasining oynalarini chilparchin qilishmoqda",- deb yozadi Karimova xonim gkarimova.wordpress.com sahifasida.

Uning da‘vo qilishicha, o‘zbek diplomatlarining mashinasi oynalarining sindirilishi bilan avvalroq bir guruh o‘zbek faollarining uning Jenevadagi uyiga kutilmagan tashrifi orasida bog‘liqlik bor.

"Shveytsariyada sodir bo‘layotgan voqeada turli kuchlarning manfaatlari birlashdi – birlari buyurtma berishsa, boshqalari pul to‘lab, ijod qilishadi, qolganlari esa ijro etadilar…".

Shu yilning 1 mart kuni Gulnora Karimovaning Jenevadagi hashamatli mavzelardan biri bo‘lmish Kolonьyada joylashgan uyiga tashrif buyurgan bir guruh faollar "o‘zbek diktatorining to‘ng‘ich qizi qanday dabdabali hayot kechirishi" haqida o‘zbekistonliklarni ogoh qilish maqsadini ko‘zlaganliklarini aytishgan.

"Gulnora Karimovaning ko‘p million dollarlik koshonasini ko‘rishga urinishimiz O‘zbekiston xalqi tomonidan ishlab topilgan yoki undan o‘g‘irlangan millionlab dollarlar qayoqqa sarflanayotgani haqida ma‘lumot olish istagidan kelib chiqqandi", deb aytgan Parijda yashayotgan taniqli inson huquqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Gulnora Karimova oralarida Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey ham bo‘lgan faollarning tashrifidan g‘azabga kelgan.

Karimova xonim so‘nggi maqolasida uning uyini suratga tushirishga uringan faollar uyning xat qutisiga "g‘alati buyumlar"ni tashlashganini ham aytgan, ammo ularning qanday buyumlar ekaniga aniqlik kiritmagan.

"Evropa mamlakatlari va AQShda jinoiy javobgarlikka tortiladigan hatti-harakat – pochta qutisiga g‘alati buyumlarni tashlash (darvoqe, bu haqida o‘zining to‘poriligi va jazosiz qolishini bilgan ijrochilarning o‘zlari – janob Myurrey va xonim Tojiboyeva hatti-harakatlari haqida politsiyaga rasman xabar berilganidan so‘ng, tezkorlik bilan Jenevani tark etib rahnamolari tomonidan qisqa fursat – atigi 2 kun ichida tezlikda LeTemps gazetasida uyushtirilgan intervьyularida ma‘lum qilishgan)", deb yozadi Karimova xonim o‘z blogida.

Mo‘‘tabar Tojiboyeva so‘nggi hodisaga o‘zlarining biron-bir shaklda aloqalari yo‘qligini aytgan.

U shuningdek, Karimova xonimning uyi xat qutisiga "g‘alati buyumlar" emas, balki o‘zlarining tashrif qog‘ozlarini qoldirganliklarini aytadi.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi xodimining rasmiy murojaati ortidan Jeneva politsiyasi 1 mart kungi tashrif yuzasidan Mo‘‘tabar Tojiboyeva bilan suhbatlashgan.

Jeneva politsiyasining BBCga ma‘lum qilishicha, so‘nggi bir oyda o‘zbek diplomatlari politsiyaga uch marta ariza bilan murojaat etganlar.

Politsiya mulozimiga ko‘ra, 7 mart kuni o‘zbek diplomatlari O‘zbekiston vakolatxonasi idorasi oldida bir guruh odamlarning to‘planganidan xavotirga tushib, politsiya chaqirishgan.

Ammo voqea joyiga borgan politsiya diplomatlarga qarshi biron-bir harakat sodir etilganini aniqlamagan.