Buyuk gurji yozuvchisi Otar Chiladzening ikkinchi kitobi ingliz tilida

Image caption Otar Chiladze, Tamaz Chiladze va Bella Axmadullina

Marhum Otar Chiladze shubhasiz 20-nchi asr oxiri va 21-nchi asr boshida yashagan eng buyuk gurji yozuvchisi bo‘lsa kerak. Bu yil mart oyida u 80 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Otar Chiladzening kitoblarini ingliz tiliga tarjima qilgan Donald Rayfildning aytishicha agarda Nobel sovriniga loyiq bironta gurji bor bo‘lsa - bu Otar Chiladze edi. Sovet Ittifoqi davrida kitoblari millionlab o‘quvchilar orasida mashhur bo‘lgan yozuvchi 2009 yilning 1 oktyabrida olamdan ko‘z yumgan edi. Hozirda uning asarlari keng ravishda G‘arb kitobxonlariga va jumladan ingliz o‘quvchilariga yetib kelmoqda. "Yo‘l bo‘ylab qadam bosgan odam" romani o‘tgan yili, "Avelum" romani esa shu kunlarda ingliz tilida dunyo yuzini ko‘rmoqda. Biz Otar Chiladzening akasi - atoqli gurji yozuvchisi Tamaz Chiladze bilan Otarning hayoti haqida suhbatlashdik.

BBC: Otarning bolalik yillari haqida aytib bersangiz, u qay yoshdan boshlab adabiyotga mehr qo‘ygan.

T.Ch.: Biz Batumi shahrida ziyoliylar oilasida ulg‘ayganmiz. Otar ilk she‘rini 14 yoshida yozgan. U payt biz Tbilisiga ko‘chib o‘tgan edik. Men bu she‘rning birinchi o‘quvchisi bo‘lganman. Rost, u yoshda she‘r yozish boshqalardan berkitilardi, biroq Otar o‘z she‘rini men bilan bo‘lishgan.

BBC: Sizlarning qardoshlik rishtalaringiz nihoyatda qattiq bo‘lgan, bir umr bir-biringizdan deyarli ajramay yashadingiz, o‘z yo‘llaringizni tanlash qanday kechgan? O‘qishga kirish haqida maslahatlashganmisizlar?

T.Ch.: Men filologiya fakultetiga kirganman. U payt agarda hech qayerga aqlingu kuching yetmasa - filologiyaga kirasan degan naql yurardi. Otar esa jurnalistikaga kirdi. Elliginchi yillarning oxiriga borib ikkalamiz ham bittadan she‘riy kitob chop etib ancha-muncha tanilib qoldik. Mening ilk kitobim 1956 yil, Otarning to‘plami esa 1959 yil chop etildi. O‘shanda ikkalamiz ham taqdirimizni qalamu qog‘oz bilan bog‘lagan bo‘lsak kerak.

BBC: Ikkalangizdan kim birinchi bo‘lib nasr yozishga o‘tgan?

T.Ch.: Men 60-nchi yillarning boshida qissalar yoza boshlaganman. Lekin kunlarning birida ukam qo‘limga ulkan bir papkani topshirdi-da: "Mana buni o‘qib boq!" - dedi. Bu uning "Yo‘l bo‘ylab qadam bosgan odam" romani edi. Men bu kitobni o‘qidimu gangib qoldim, u shunchalik qudratli edi. Odamni esankiratib qo‘yadigan darajadagi asar... Hozirga qadar bu asar meni seskantiradi!

BBC: Sizlar o‘sha paytlari Iosif Brodskiy bilan do‘st tutingan ekansiz...

T.Ch.: Ha, she‘ru kitoblarimiz keng tarqala boshladi. Bir kun Leningraddanmi, Moskvadan o‘zini Iosif Brodskiy deb atagan yigit telefon qilib qoldi. "Men, - deydi, - bugun Tbilisiga uchyapman. Sizlarni tiriklayin ko‘rmoqchiman!" - deydi. "She‘rlaringizni tarjima qilmoqchiman!" - deydi. Bu yetmishinchi yillarning boshida edi. Chindan ham bir kuni kirib keldi. Ertalab kelib tun yarmida qayta uchib ketdi. Lekin rosa miriqib sharob ichganmiz, quyuq-quyuq suhbatlar qurganmiz. U payt uning kitobi Sovet Ittifoqida chiqishi dargumon edi. Keyinchalik bu tarjimalar chet elda chiqqan ekan.

BBC: Sovet va rus yozuvchilarning yana qay birlari bilan do‘st tutingansiz?

T.Ch.: Bella Ahmadulina, O‘ljas Sulaymonov, Ivan Drach, Vasiliy Aksenov va ko‘pgina boshqalar bilan do‘st edik. Bir-birimizni tarjima qilib she‘riyat dunyosini inkishof etardik.

BBC: Biroq Sovetlar davrida milliy yozuvchilar millati qayg‘usida ham kuyukishgan. Shu ma‘noda Otarning mavqei qanday bo‘lgan?

T.Ch.: U hamisha Gurjiston ozodligini, mustaqilligini o‘ylab, bu o‘y qayg‘usida yurgan. Uning barcha kitoblari shu o‘y bilan sug‘orilgan. Bir kun emas bir kuni Gurjiston mustaqil bo‘lib o‘z taqdirini o‘zi hal qiladi deb orzu qilgan.

BBC: Mana, Gurjiston ham boshqa ittifoqdosh o‘lkalar qatorida mustaqil bo‘ldi, erkka erishdi, biroq mustaqillik davrida Otarning yozgan kitoblarini o‘qiydigan bo‘lsangiz uning mustaqillik haqidagi achchiq fikrlariga yo‘liqasiz emasmi? Masalan uning "Godori" romanini eslaylik - bu kabi achchiq kitob bironta SNG mamlakatida yozilmagan bo‘lsa kerak...

T.Ch.: To‘g‘ri aytasiz. Ruslarning ajoyib shoiri Velimir Xlebnikovning bir satri bor: "Ozodlik kelar qip-yalang‘och" - deydi u. Otarning o‘ylashicha ozodlikning, erkning narxi baland bo‘lar ekan. Uning o‘ziga yarasha tikonu xoruxorlari bor ekan. Ba‘zan bularning ketida ozodlikning o‘zini ham ko‘rmay qolar ekan kishi...

BBC: Otarning Gurjiston hokimiyatiga munosabati qanday bo‘lgan?

T.Ch.: U hech qachon hokimiyatni xushlamagan. Sovetlar davrida ham, keyingi mustaqillik davrida ham. Bulardan ozod va yiroq o‘z hayotini yashagan. Mana endi aytishlaricha uning insonlarga bo‘lgan ta‘siri siyosatchilardan ham kuchli bo‘lgan. Ziyoliylarning eng muta‘siri bo‘lgan deyishadi odamlar.

BBC: O‘z kitobxonlaringizga, Otar Chiladze kitobxonlariga nimalarni tilagan bo‘lardingiz?

T.Ch.: Kitoblardan ayirilmasinlar. Hozirgi texnologiyayu internetlar kitob o‘rnini bosolmaydi. Kitob fikr yuritishga undaydi. Inson esa fikr bilan tirik. Tilaganim shu...