Toshkent militsiyasi "kommunal qotillar"ni qidirmoqda

Image caption Toshkent shahar militsiyasi qotillarni tutishning uddasidan chiqolmayapti

Toshkent militsiyasi poytaxtda qator qotillik, bosqinchilik va o‘g‘irliklarni sodir etgan jinoyatchilarni ushlashda yordam berganlar uchun 5 million so‘m miqdorida pul mukofoti va‘da qilgan.

Gumondorlarning Osiyo milliatiga mansub 40 yosh atrofidagi ayol va erkak ekani aytiladi.

Militsiyaga ko‘ra, poytaxtni larzaga solgan jinoyatchilar qarovsiz qolgan qariyalarni o‘ldirish va ularning mol-mulkini talash bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Bir ayol va bir erkakdan iborat guruh Toshkent shahrida 2012 yilning oxiridan buyon 20 dan ortiq jinoyat sodir etilgani aytiladi.

Jinoyatchilarning qurboni asosan yolg‘iz va qarovsiz qariyalar va yosh bolalar ekanligi ma‘lum.

Toshkent shahar militsiyasi qotillarni tutishning uddasidan chiqqani yo‘q.

Shahar ko‘chalariga qotillarning taxminiy portreti chizilib xabar berishni so‘rab yopishtirib chiqilgan.

Unda Osiyo millatiga mansub 30-40 yosh atrofidagi ayol va erkak aks ettirilgan. Jinoyatlar asosan Hamza tumanida sodir etilgani xabar qilinadi.

Hamza tuman ichki ishlar boshqarmasidan ismini oshkor qilishni istamagan militsiya xodimi jinoyatchilarning o‘zinini qanday tutishi haqida aytadi.

"Ayol kishi 25-30 yoshgacha, erkak kishi 40-45 yosh. Gazdanman deb, keladi. Yoki eshikni taqillatib bolamga suv bering deb so‘raydi. Maqsad-eshikni ochdirish. Eshikni ochsa yaxshi bo‘lmaydi, agar yolg‘iz odam bo‘lsa qo‘l oyog‘ini bog‘lab, tunaydi".

Militsiya xodimi mana shunday holatlar bo‘lganida 02 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qildi. U jinoyatchilarni topish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani borasida ma‘lumot bermadi.

Barmoq izlari

Fergananews.com web saytining yozishicha, Ichki ishlar xodimlari jinoyatchilarni topish maqsadida shahardagi uy-kommunal xo‘jaligida ishlovchilarning barmoq izlarini olishni tashkillashtirgan.

Uy-kommunal xo‘jaligida ishlovchilar ishdan qolib barmoq izlarini qoldirib kelish talab qilinayotgani aytiladi. Ammo ushbu choralar hozircha biror samara bergani yo‘q.

Toshkentdan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov qator qotilliklar shaharda shov-shuv bo‘lib ketganini aytadi.

"Toshkentda o‘ziga yarasha mish-mishlar to‘planib bo‘ldi. Bu hodisalar asosan Hamza tumanida sodir bo‘layotganmish", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Jurnalist qotillarning O‘zbekistondek huquq-tartibot tizimi kuchli davlatda tez fursatda qo‘lga olinishiga ishonadi.

Bungacha ham Toshkent shahri va viloyatida yolg‘iz ayollarga nisbatan bir necha bor qotillik sodir etgan jinoyatchilar qo‘lga olinib uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan edi.

3 kishidan iborat jinoiy guruh O‘zbekiston va Qozog‘istonda jami 11 ta qotillik sodir etgan va o‘ldirilgan ayollarning tilla taqinchoklarini bozorda sotish bilan shug‘ullangan.

Jinoiy guruhning rahbari Qozog‘istonda qo‘lga olingan bo‘lsa, uning bir ishtirokchisi O‘zbekistonga ushlangan va ikkala jinoyatchi sud tomonidan uzoq yillik ozodlikdan mahrum qilingan.

Jinoiy guruhning 3 chi ishtirokchisi esa hamon qidiruvda.