Mobil telefondan qilingan birinchi qo‘ng‘iroqqa 40 yil to‘ldi

Image caption Dastlabki qo‘ng‘iroq Motorola DynaTAC 8000x orqali amalga oshirilgan.

Bugunga kelib zamonaviy hayotni qo‘l telefonlarisiz tasavvur qilish deyarli imkonsizdek tuyulsa ham, qo‘l telefonlari ommaviy ravishda o‘tgan asrning 90-yillaridagina tarqala boshladi.

Biroq birinchi mobil telefondan dastlabki qo‘ng‘iroq amalga oshganiga bugun roppa-rosa 40 yil bo‘ldi.

Bu 1973 yil 3 aprelda Nyu Yorkda, hayrat bilan qarab turgan odamlar ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Motorola shirkatining xodimi Martin Kuper raqib Bell Laboratories kompaniyasining telefon raqamlarini terib shunday so‘z boshlagan edi:

"Aytchi, qayerdan qo‘ng‘iroq qilyapman?" - deb qiziqadi janob Kuper raqobatdosh shirkatning tadqiqot bo‘limi rahbari Joel Engelga. Va so‘ngra xursandchiligidan ichiga sig‘may - Men senga haqiqiy mobil telefonidan qo‘ng‘iroq qilyapman!" deya o‘zi javob qaytaradi.

Bu tarixiy kunni eslar ekan, janob Kuper kulib shunday deydi: "Men hozir uning nima deganini eslolmayman, lekin bilasizmi, men uning tishlari g‘ijirlab ketganini eshitgandek bo‘lgandim".

Bu qo‘ng‘iroq bejizga emas edi. Aslida AT&T shirkati, aniqrog‘i Bell Laboratories 1940 yillarning oxirida birinchi bo‘lib qo‘l telefonlari kashf etish g‘oyasi bilan chiqqan edi.

Kuper telefonining og‘irligi 1,5 kgni tashkil qilib, hozirgi telefonlarga solishtirganda juda bahaybat tuyulsada, o‘sha paytda bu deyarli og‘ir sanalmagan.

Bu voqea munosabati bilan Bell Laboratoriesning xodimi Richard Frenkel shunday deydi:

"Bu haqiqiy g‘alaba edi. O‘sha paytda biz mashinalarda 14 kilolik telefonlardan foydalanar edik. Unday telefonning butun imkoniyatlarini bor-yo‘g‘i 1 kilogrammlik telefon orqali amalga oshirish ulkan yorib chiqish deb aytish mumkin edi".

Dastlabki qo‘l telefoni modeli Motorola DynaTAC 8000x bo‘lib, 22,5 santimetr hajmdagi telefonga ikki ming detal sig‘dirilgan.

To‘liq zaryadli telefon bilan 20 daqiqalik suhbatni amalga oshirish imkoni bo‘lgan.

30-40 kilolik telefonlar

40-yillarda bu g‘oya juda jasoratli hisoblanib, kashfiyotchilar avtomashinalarga telefon o‘rnatish fikri bilan cheklanishgan edi. U telefonlarning og‘irligi 30-40 kilo bo‘lib, unday telefonlarni qo‘lda ko‘tarib yurishni tasavvur qilishning o‘zi kulguli edi.

1950 yillardan boshlab mashinalardagi telefonlar hajmi tobora qisqarib, kamroq o‘rin ola boshladi. 1970-yillarda esa ularning og‘irligi 12-14 kilogacha "ozib qolgan" edi.

Motorola shirkatining muhandisi Martin Kuper 1967 yil o‘zining dastlabki qo‘l ratsiyalarini Chikago politsiyasi uchun yaratadi. Biroq uning bu loyihasi shov-shuvlarga qaramay keng miqyosda ishlab chiqarilmaydi.

Oradan o‘n yil o‘tgachgina, Motorolaning omma uchun mo‘ljallangan birinchi mobil telefonlari 1983 yil 6 martda savdoga chiqariladi. U telefon og‘irligi 800 gramm bo‘lib, 3,5 ming dollarga baholangan.

"Xaridorlarni har doim telefon orqali aloqada bo‘lib turish imkoniyati shu qadar hayratga solgan ediki, juda qimmat bahosiga qaramasdan minglab odamlar DynaTAC 8000Xni sotib ola boshladi", - deydi dastlabki qo‘l telefoni ishlab chiqaruvchilardan biri Rudi Krolopp.

Hashamat yo ehtiyoj

O‘tgan to‘rt o‘n yillikda qo‘l telefonlari birinchi darajali ehtiyoj vositalaridan biriga aylanib ulgurdi, dastlabki telefon egasi bo‘lgan Motorola vaqt o‘tib boshqa raqobatdosh shirkatlarga o‘rnini bo‘shatib berdi.

Bugun dunyoda taxminan 7 milliard mobil telefonlari mavjud deya hisoblanadi. Ulardan Yer yuzi aholisining 87 foizi foydalanadi.

Turli shirkatlarga taluqli qo‘l telefonlarining imkoniyatlari esa misli ko‘rilmagan darajada oshib ketdi.

1980-yillarda qo‘l telefonining narxi bir avtomashina bahosiga teng kelgani ham aytiladi. Amerika matbuoti yozganidek, qo‘l telefoniga ega bo‘lish biznesmenlar uchun hashamat belgisi hisoblansa, siyosatchilarning jamiyatdagi mavqei qandayligining ramzi sifatida ham ko‘rilardi.

Bahosi 3995 dollar bo‘lgan Motorola DynaTAC 8000Xning baxtli sohiblari so‘zlariga ko‘ra, "dastlabki qo‘l telefonlari g‘ishtni yelim qolipga solib qo‘ygandek shaklda bo‘lib, bir yonboshida raqamlarni teradigan klaviatura tursa, tepasidan uzun stantsionar antenna chiqib turar edi".

Ilk qo‘l telefonining asoschisi Martin Kuperning yoshi hozir 84 da va u hali ham shu sohada faoliyat yurgizib keladi.