Qirg‘iziston: "O‘sh sadosi" muharriri uy qamog‘iga o‘tkazildi

Image caption Ismoilov 2010 yil iyun oyi tartibsizliklari payti qo‘shnisi Anvar Mahmudovning bedarak ketganligida aloqador ko‘rilmoqda.

2010 yil iyun voqealariga aloqadorlikda ayblanib o‘tgan yakshanba kuni hibsga olingan o‘zbek tilidagi "O‘sh sadosi" gazetining bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilov uy qamog‘iga chiqarilgan.

Muhammadsoli Ismoilov "Odam o‘g‘irlash" da ayblanmoqda.

Qirg‘iziston Ichki Ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Ismoilov 2010 yil iyun oyi tartibsizliklari payti qo‘shnisi Anvar Mahmudovning bedarak ketganligida aloqador ko‘rilmoqda.

Muhammadsoli Ismoilov bilan birga yana olti kishi hibsga olingan.

Ma‘lumotlarda aytilishicha, 1960 yilda tug‘ilgan Anvar Mahmudov o‘zi yashab kelgan Qorasuv tuman Sharq posyolkasidan taxminan 18-19 iyun kunlari Tiko avtomashinasiga o‘tirib ketganicha qaytib kelmagan.

Ushbu voqea yuzasidan O‘sh prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi bergan ma‘lumotga ko‘ra, 10-17 iyun kunlari Anvar Mahmudov tartibsizliklarda 10 dan ortiq qirg‘izlarni yashirgan va yegulik bergan, u bergan xabar asosida harbiylar kelib qirg‘izlarni qutqazishgan.

Bundan go‘yoki xabar topgan Mahmudovning qishloqdoshlari uni "xiyonat"da ayblashgan. Militsiyaning ishonishicha ular orasida "O‘sh sadosi" bosh muharriri Ismoilov ham bo‘lgan.

Shundan so‘ng g‘azablangan o‘zbeklar Anvar Mahmudovni Tiko mashinasiga o‘tirg‘izib, noma‘lum tomonga olib ketishgan.

2010 yil iyun voqealaridan keyin bolalarini olib O‘zbekistonga ketgan Mahmudovning xotini oradan uch yil o‘tib O‘shga qaytgani va haqiqatni yuzaga chiqishida yordam so‘rab militsiyaga murojaat qilgani aytiladi.

Militsiya xodimlari Mahmudov tomonidan qutqarilgan 12 qirg‘izni topishgani, ularning ko‘rsatmalari olinganini ma‘lum qilishgan.

Mahmudovning yo‘qolishida ayblanayotgan Ismoilov ikki oylik uy qamog‘iga chiqarilgan, uning qanday ko‘rsatma bergani hali ochiqlanmagan.

Voqea yuzasidan hibsga olingan yana ikki kishi O‘sh shahar Ichki Ishlar bo‘limi vaqtinchalik qamoqxonasida qoldirilgan.