"Ashulani faqat ruschasidan oling, axir, bu qanaqa gap?"

Image caption Rossiyada yaqindan boshlab mehnat muhojirlarining rus tilidan imtihon topshirishlari ham shart qilib qo‘yildi

Tojikcha yoki o‘zbekcha o‘ynoqi musiqa siz o‘tirgan taksi yoki marshrutka salonidan taralsa, nima qilgan bo‘lardingiz?

Raqsga tushish uchun maydon bo‘lmasa ham, beixtiyor qo‘lingizni ko‘tarishingiz yoki hech qursa, boshingizni qimirlatishingiz tabiiy.

Ammo Rossiyaning Yekaterinburg shahrilik yo‘lovchi o‘ziga tabiiy tuyulmagani uchun "quloqni qomatga keltiruvchi" ruscha bo‘lmagan ashula yuzasidan Sverdlovsk viloyati ombudsmeniga shikoyat qilgan.

Yo‘lovchi ayolning shikoyati ortidan Yekaterinburg shahar hokimiyati naqliyot shirkatlariga faqat rus tilidagi radiostantsiyalarni qo‘yish tavsiya etilgan yo‘riqnomani yuborgan.

Bularning barchasi ortidan, yekaterinburglik huquq faoli Vyacheslav Bashkov esa, ruscha bo‘lmagan musiqalarni taqiqlash qarorini kamsituvchi deya prokuraturaga ariza bilan murojaat etgan.

Faolning aytishicha, "hokimiyatning yo‘riqnomasi inson huquqlarini poymol etishi, noslavyan davlatlar fuqarolariga qarshi diskriminatsiya ekani bois, noqonuniydir".

Vyacheslav Bashkovning shikoyatiga mahalliy prokuraturaning munosabati qanday bo‘lgani ma‘lum emas.

Moskvadan biz bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri Rossiyaning chekka viloyatlarida marshrutka haydovchilarining aksariyatini markaziy osiyoliklar tashkil etishi va yekaterinburglik yo‘lovchining shikoyatiga sabab bo‘lgan hollar, kam bo‘lsa-da, uchrab turishini aytadi.

"Bu - to‘g‘ri gap. Bitta, ikkita haydovchi shunday qiladi. Keyin hamma shikoyat qilishga tushib ketadi. Buning ortidan, bu gap xuddi mish-mish kabi tarqalib ketadi", deydi.

Suhbatdoshimiz Rossiyada hozirgi vaziyat tamaddunlar, madaniyatlar to‘qnashuvi darajasida ekani, xuddi, Ovro‘podagi kabi islomofobiya ham kuzatilayotgani, shu bois, pashshadan fil yasash kabi holat bo‘layotganini aytadi:

Birinchi holat emas

Image caption Rossiya bugun markaziy osiyolik aksariyat fuqarolar uchun tirikchilik manbaiga aylangan

Turli manbalarga tayanib, Rossiyada 5 milliongacha o‘zbekistonlik mehnat muhojiri borligi taxmin qilinadi.

Yaqinda Rossiyaning Omsk shahridagi eng yirik "Triumf" savdo markaziga markaziy osiyoliklar kiritilmayotgani ham xabar berilgandi.

Savdo markazi ma‘murlaridan biri bu xabarlarni tasdiqlagan, ammo buning irqchilik ko‘rinishi emasligini aytib, bunga ular tarafidan o‘g‘rilik sodir etish hollari ortgani sabab bo‘lganini aytgandi.

Markaziy osiyoliklarga qarshi bu kabi ochiqcha man etuvchi holat shu paytgacha Rossiyada kuzatilmagan.

Moskvada mehnat muhojirlari huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol Bahrom Hamroyev yuz bergan bu ikki voqea Rossiyada millatchilik kayfiyatlarining yanada kuchayib borayotganiga dalolat qilishini aytadi.

Faolga ko‘ra, Rossiyada vujudga kelgan bu kabi vaziyatga eng avvalo Rossiya hukumatining o‘zi aybdor:

Suhbatdoshimiz bu kabi hodisalarni yaxshilab o‘rganishda davom etishlari, so‘ngra huquqiy talablar bilan chiqishlari va agar shunda ham, Rossiya jamoatchiligi ushbu muammoni yechishga yetarlicha e‘tibor qaratmasa, siyosiy talablarni ilgari surishga o‘tishlarini aytadi.

"Chunki, bu kabi holatlar faqat tojik yoki o‘zbekka nisbatan bo‘layotgani yo‘q. Qofqoz xalqlari, deylik, chechenlar, dog‘istonliklar bilan doim muammolarimiz bir", deydi faol.

So‘rov va kayfiyat

Image caption Faollar so‘nggi yillarda Rossiyada millatchilik kayfiyatlari yanada kuchayib borayotganini ta‘kidlashadi

Agar, o‘tgan yil yakunida "Levada" omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan olib borilgan so‘rov natijalariga qaralsa, Rossiya aholisining aksariyati mehnat muhojirlari sonining kamaytirilishi va ularni ortga qaytarish yo‘lida keskin choralar ko‘rilishini istashadi.

Markaz rahbari muovini Aleksey Grajdankinga ko‘ra, Rossiyadagi ko‘pchilik hukumatning mehnat muhojirlarini jamiyatga moslashtirish masalasiga yetarlicha e‘tibor bermayotganidan xavotirda.

Uning aytishicha, xuddi shu sababdan ham, so‘rov ishtirokchilarining aksari mehnat muhojirlari Rossiyada jinoyatchilik hollarining ortishiga olib kelmoqda, degan fikrda.

Rossiya aholisi ko‘pchiligining nazdida mavqe‘larining noqonuniy ekani va jamiyatga aralashib keta olmaganliklari sabab, mehnat muhojirlari o‘zlariga tahdid solishadi.

O‘tgan yil avgust oyida Rossiya fuqarolarining noroziliklari tarixda kuzatilmagan bir darajaga yetgan, 70 foizga yaqin aholi hukumat mehnat muhojirligi oqimining oldini olishi shart, degan fikrni bildirishgandi.

Janob Grajdankinning aytishicha esa, mehnat muhojirlarining o‘z oilalari va madaniyatlaridan uzilib qolganliklari ularning jinoiylashuvlariga yo‘l ochadi.

So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘prog‘iga ko‘ra, kuchli vatanparvarlik tuyg‘ularigina Rossiyaning yaxlitligini saqlashga ko‘mak beradi.

Ulardan yana yarmining fikricha, xuddi ana shu vatanparvarlik tuyg‘usining yuzaga chiqishi mehnat muhojirlariga qarshi yovqarashlikni kuchaytiradi.