Sobiq tojik bosh vaziri Kiyevda hibsdan ozod etildi

Image caption Tojikiston hukumati Abdullajonovni 1997 yilda Prezident Imomali Rahmonga qarshi suiqasd amalini uyushtirishda ayblaydi

Sobiq Tojikiston bosh vaziri Abdumalik Abdullajonov Kiyevdagi hibsxonadan ozod etilgan.

Janob Abdullajonov shu yilning 5 fevral kuni AQShdan uchib kelgan chog‘i "Borispol" aeroportida hibsga olingan.

Ukraina rasmiylari uning Tojikiston tomonidan xalqaro qidiruvga e‘loni qilingani asosida qo‘lga olishgandi.

Kiyev mahkamasi Abdumalik Abdullajonovni 12 oy ektstraditsiya hibsida saqlash haqida qaror qabul qilgan edi.

4 aprel kuni janob Abdullajonov AQShda qochqin maqomiga ega ekani haqidagi tasdiqlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritganidan so‘ng, Ukraina rasmiylari uni qo‘yib yuborishga qaror qilganlar.

BBC janob Abdullajonovning ozod etilishiga Moskvadagi taniqli tojik muxolifati namoyandasi Dodojon Atoulloyev munosabatini so‘radi.

Atoulloyev: O‘ylaymanki, uning ozod bo‘lishida avvalambor Abdumalik Abdullajonovning o‘zining obro‘i, ta‘siri asosiy rol o‘ynadi. U o‘z vaqtida Tojikistonning bosh vaziri, va Tojikiston prezidentligiga nomzod bo‘lgan. Abdumalik Abdullajonov AQShda qochqin maqomiga ega va Qo‘shma Shtatlar Ukrainadan uni Tojikistonga topshirmaslikni so‘radi. Bu yil Ukraina Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining raisi ekani ham bu yerda rol o‘ynadi. Men Tojikiston hukumati Abdumalik Abdullajonovni Ukrainadan qo‘lga kiritish uchun o‘z imkoniyatlaridagi hamma ishni qilishganidan yaxshi xabardorman. Tojikistondan Ukrainaga o‘nlab hay‘atlar borgan, ular Prezident Yanukovichdan, Ukraina bosh prokuraturasidan Abdullajonovni o‘zlariga topshirishni so‘radilar. Men fursatdan foydalanib Ukraina rasmiylariga o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Tojikistonda ko‘pchilik Abdumalik Abdullajonovning ozod etilganini katta xursandchilik bilan kutib oldilar. Bizga telefon orqali, internet, skayp orqali bu haqda xabarlar keldi.

BBC: Sal oldinroq Kiyev mahkamasi Abdumalik Abdullajonovni 12 oyga ekstraditsiya hibsida qoldirish qarorini qabul qilgan edi. Uni qo‘yib yuborishda rasmiylar nimaga asoslanishgan?

Atoulloyev: Bu izoh juda oddiy bo‘ldi. U Amerika Qo‘shma Shtatlarida siyosiy qochqin maqomiga ega bo‘lgani uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar haqidagi Konventsiyasiga muvofiq Tojikistonga topshira olmaymiz, deyishdi. Agar biz Abdumallik Abdullajonovni Tojikiston ixtiyoriga bersak, biz xalqaro konventsiyani buzgan bo‘lamiz, deyishgan.

BBC: Ozod bo‘lganidan keyin siz janob Abdullajonovning o‘zi bilan gaplasha oldingizmi? Gaplashgan bo‘lsangiz, u o‘zining keyingi rejalari haqida nima deydi?

Atoulloyev: Ha, men uning o‘zi bilan, unga yaqin insonlar, farzandlari bilan suhbatlashdim. Ularning hammasi xursandlar. Men u bilan gaplashgan paytda u juda hayajonda edi. Hayajondagi inson nima derdi: Yordam bergan hammaga rahmat, men oilam bag‘riga qaytaman, dedi. O‘ylaymanki, Amerikaga yetib borganidan keyin u bayonot chiqarsa kerak.