O‘zbekistonni bir umrga tark etgan bo‘larmidingiz?

12 sobiq Sho‘ro davlati katta yoshdagi aholisining 15 foizi doimiy muhojirlik xayolida ekanlar.

Bunga Gallup xalqaro omma fikrini o‘rganish markazining so‘nggi so‘rov natijalari dalolat qilgan.

Aholisining deyarli yarmi bunday istakda bo‘lgan Armaniston ro‘yxatda ilg‘orlik qilgan.

O‘zbekistonliklar esa, bor-yo‘g‘i 5 foizlik ko‘rsatkich bilan eng quyi o‘rinni egallashgan.

Markaziy Osiyo xalqlari tabiatan muqim hayotni afzal bilishi bilan ham tanilgan.

Ammo, agar, muhojirlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mahalliy ekspert Anvar Husainovning so‘zlariga qaralsa, 5 foiz ham O‘zbekiston uchun katta raqam:

Gallup kelgan xulosalarga tayanilsa, so‘rov ishtirokchilarining aksariyati iqtisodiy omillar sabab o‘z Vatanlarini bir umrga tark etishni xohlasharkan.

Deylik, so‘rov olib borilgan sobiq MDH davlatlari aholisining yarmidan ko‘prog‘i o‘z hayotlarini yaxshilash orzusida ekanlar.

O‘n foizi esa, yaxshiroq ish topish ilinjida yoki o‘z vatanlarida shunday ish yo‘qligi bois, hijrat etishga hozirliklarini bildirishgan.

So‘rov ishtirokchilarining har sakkiztadan deyarli ikkitasi o‘zlari emas, bolalarining kelajagi uchun umrbod xorijda yashashga tayyor ekanlar.

Markaziy osiyoliklar esa, o‘z istaklari sababini asosan chetda bo‘lgan "oilalariga yaqin bo‘lish" istagi bilan izohlashibdi.

Bundaylarning soni, ayniqsa, Qozog‘istonda katta (11 foiz) ekan.

Keyin bolalarining kelajagini o‘ylab, o‘z yurtlarini tark etishga tayyor bo‘lgan insonlarning foizi ham Turkmaniston (29%) va Qozog‘iston(21%) da ko‘pchilikni tashkil etibdi.

So‘rov mualliflarining bildirishlaricha, bu kabi holat boshqa sobiq Sho‘ro davlatlarida deyarli kuzatilmagan.

Gallupning yangi so‘rovi 15 yosh va undan katta bo‘lgan qirq mingdan ortiq inson orasida olib borilgan.

Xalqaro markaz o‘z tadqiqotlarini Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gurjiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina va O‘zbekistonda olib borgan.

Agar, Rossiyada o‘tgan yili o‘tkazilgan so‘rov natijalariga qaralsa, o‘zbekistonlik har uch muhojirdan bittasi ortga qaytishni istamaydi.

Ustiga ustak, ular iloji bo‘lsa, fuqaroligini olib, Rossiyada doimiy yashab qolishni ham xohlashar ekan.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, buning sababini o‘tgan 20 yil ichida O‘zbekiston ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida vujudga kelgan ahvol bilan izohlashadi.

Turli manbalarga tayanib, Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni taxminan 5 million atrofida ekani aytiladi.