AQSh Davlat kotibi yordamchisi Mayk Hammer Toshkent va Dushanbega yo‘l olgan

Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti tarqatgan xabarga ko‘ra, AQSh Davlat kotibining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Mayk Hammer Tojikiston va O‘zbekistonga safar qilmoqda.

Janob Hammerning Markaziy Osiyo bo‘ylab safari 7 apreldan 14 aprelgacha davom etishi haqida Davlat departamenti xabar qilgan.

AQSh Davlat kotibi yordamchisi Mayk Hammerning ikki mamlakatda muhokama etishni mo‘ljallayotgan asosiy mavzulari sifatida so‘z erkinligi, oshkoralik bo‘lishi aytilmoqda.

Janob Hammerning O‘zbekiston va Tojikistonda jurnalistlar, hukumat rasmiylari, fuqarolik jamiyati vakillari va talabalar bilan uchrashishni rejalayotgani, boshqa mavzular qatori AQShning demokratik institutlarni dastaklash masalasi ham muhokama etilishi xabar qilinmoqda.

Dushanbe shahrida janob Hammerning Tojikiston Aloqa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari bilan uchrashishi, bu uchrashuvlarda matbuot va Internet erkinligi masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Davlat departamentiga ko‘ra, amerikalik yuqori lavozimli mehmon hukumat shaffofligi va matbuot erkinligi masalalarini Toshkentdagi anjumanda, jurnalistlar, vazirliklar vakillari va parlament a‘zolari bilan uchrashuvlarda gaplashmoqchi.

Anjumanning 11 aprelga mo‘ljallangani ma‘lum etilgan.

Shuningdek, AQSh Davlat kotibi yordamchisi Mayk Hammerning mustaqil jurnalistlar bilan Facebookda chatlashishi va yozib olinadigan muhokamada qatnishishi xabar qilingan.

Mayk Hammer 2012 yilning 30 martida AQSh Davlat kotibi yordamchisi sifatida qasamyodga keltirilgan.