Wikileaks 1970 yillarga oid 1,7 million hujjatni oshkor etgan

Maxfiy hujjatlarni ommaga oshkor etishga istisoslashgan Wikileaks web-sayti 1970 yillarda oid AQSh diplomatik yozishmalari va josuslik ma‘lumotlarini e‘lon qilgan.

Diplomatik yozishmalar, josuslik xabarlari va Kongress nomalari 1973 yildan boshlanib 1976 yilda tugaydi.

Nomalarning aksari Henri Kissinjer tomonidan yozilgan.

Janob Kissinjer AQSh Davlat kotibi va prezidentning Milliy Xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarida ishlagan paytida yozgan yozuvlar o‘z vaqtida maxfiy hisoblangan.

Bugungi kunga kelib 40 yil oldingi yashirin yozishmalar o‘zining maxfiyligini yo‘qotgan, biroq ommaga oshkor etilmagan.

Bu hujjatlar bilan Amerikadagi arxivlarda tanishish mumkinligi aytiladi.

Wikileaks web-sahifasining asoschisi Julian Assanj AQSh maxfiy hujjatlarini oshkor etish ustida Londondagi Ekvador elchixonasi binosida boshpana olgan paytida ishlagan.

Yozishmalarda Hindistonning sobiq Bosh vaziri marhum Radjiv Gandi, Margaret Tetcherning Britaniya Bosh vaziri lavozimini egallashi, Chilida Salvador Alende hukumati Augusto Pinochet tomonidan uyushtirilgan davlat to‘ntarishi oqibatida qulatilishi va Eronda terrorchilik xurujlari soni ortib borayotgani muhokama etilgan.

Julian Assanj o‘tgan yili iyunida Londondagi Ekvador elchiligi binosi ichiga kirib yashiringan, bunga Britaniya mahkamasining uni Shvetsiyaga ekstraditsiya etish qarori sabab bo‘lgan.

2010 yilda Shvetsiyada ikki ayol Julian Assanjga qarshi ariza berganlar, ular Wikileaks asoschisini jinsiy zo‘rlashda ayblaganlar.

Shvetsiya huquq-tartibot organlari ushbu ayblovlar bo‘yicha janob Assanjni so‘roq qilishni istaydi, biroq Julian Assanj bu ayblov siyosiy sabablarga asoslangan va Wikileaks web-saytini yomonotliq qilish kampaniyasining bir qismi ekanini aytib keladi.