Margaret Tetcher - Britaniyani eng uzoq boshqargan ayol bosh vazir

Margaret Xilda Tetcher 1925 yilning 13 oktyabrida Linkolnshir grafligining Grantam shaharchasida tug‘ilgan.

Uning otasi baqqolik do‘koni sohibi Alfred Roberts va Beatris bo‘lganlar.

Alfred Roberts mahalliy kengash a‘zosi, mahalliy metodist cherkovi ibodatchilaridan edi va Tetcher xonim o‘z hayotidagi hamma narsani otasidan olgani haqida aytgan.

"Men bugun ishonadigan hamma narsaga ishonchimni otam yetkazgan", deb aytgandi u.

Margaret Oksforddagi Sommervil kolledjida tabiiy fanlarni o‘rgangan va Oksford universitetidagi Konservatorlar jamoasidagi uchinchi ayol vakil bo‘lgan.

Tetcher universitetdagi tahsilini tugatganidan keyin Kolchesterdagi plastik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi shirkatda ishlay boshlaydi va Konservatorlar partiyasining faol a‘zosiga aylanadi.

Margaret Tetcher birinchi marta 1949 yilda Kent grafligining Dartford shahrida Konservatorlar partiyasining istiqbolli nomzodi sifatida ro‘yxatga olingan.

Biroq 1950-51 yillardagi parlament saylovlarida muvaffaqiyatga erisholmagan.

Ammo yosh Konservator nomzod sifatida u matbuotning e‘tiborini o‘ziga ko‘p jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan.

1951 yilda Margaret oilasi bilan ajrashgan biznesmen Denis Tetcherga turmushga chiqadi.

Ayni paytda u huquqshunoslikni o‘rgana boshlaydi va 1953 yili egikzaklari - Mark va Kerol tug‘ilgan yili advokatlik diplomini ham qo‘lga kiritadi.

Bir necha yillik muvaffaqiyatsiz intilishlardan keyin 1959 yildagi parlament saylovida Londonning Finchli bo‘lgasidan u Konservatorlardan parlament a‘zosi etib saylanadi.

Hukumatdagi ilk lavozim

Alek Duglas Konservatorlar liderligidan bo‘shaganidan keyin Margaret Tetcher Ted Xesni dastaklab ovoz beradi, u partiyaning uy-joy va yerlar uchun mas‘uliga aylanadi.

1970 yilda Ted Xes Bosh vazirlikni qo‘lga kiritganida Tetcher xonim hukumatdagi maorif vaziri lavozimini egalladi.

U Leyboristlar joriy etgan 7 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilariga bepul sut tarqatilishga qarshi chiqqan, maorif vazirligidagi qisqartirishlar ijodkori bo‘lgan edi.

Shuning uchun Leyboristlar matbuoti uni qofiyali nom bilan atay boshlaydi: Margaret Thatcher, milk snatcher - Margaret Tetcher, sut o‘g‘risi.

Biroq neft inqirozi, konchilarning ish tashlashlari bilan ro‘para kelgan Ted Xes hukumati 1974 yilda iste‘foga chiqishga majbur bo‘ldi, Tetcher xonim soya hukumatidagi atrof-muhit vaziriga aylandi.

Orada u o‘z partiyasi rahbariyatiga qarshi bordi, ko‘plar uchun kutilmaganda 1975 yilda Torilar rahbarligi uchun saylovda raqiblarini yengib chiqib Britaniya siyosiy partiyalari tarixida ilk marta partiya raisi bo‘lgan ayolga aylandi.

1976 yildagi nutqida u Sho‘rolar Ittifoqining repressiv siyosatini tanqid qilgan ma‘ruzasini o‘qidi. Buning uchun Sovet matbuoti uni "Temir Ledi" deb atagani uning o‘ziga ham yoqib tushgan.

Bu paytda mamlakatda kasaba uyushmalari to‘xtovsiz ish tashlashlari tashkil etar, bular hammasi hukumatdagi Leyboristlar mavqei susayishiga yetaklar edi.

Konservatorlar Leyboristlarga qarshi yirik kampaniya boshladi, 1979 yil 28 martida Jim Kallaxanning hukumatiga ishonchsizlik izhor etildi.

Hokimiyat tepasiga kelgan Margaret Tetcher davlatning iqtisoddagi rolini kamaytirish maqsadidagi amallarini boshladi.

Uning hukumati inflyatsiyani kamaytirish va byudjet xarajatlarini qisqartirish amallarini boshladi.

Tetcher xonimning qattiqqo‘l siyosati nafaqat kasaba uyushmalari, muxolifat, balki Konservatorlar partiyasidagi o‘z safdoshlarining ham noroziligiga olib keldi.

1981 yil oxirida Margaret Tetcherning reytingi 25 foizga tushdi.

Britaniya bosh vazirlaridan birortasining ham reytingi bu qadar pasaymagan edi.

Folklend urushidagi g‘alaba

1982 yil aprelida Argentina armiyasi Folklend orollariga bostirib kirdi, Tetcher xonim zudlik bilan Britaniya harbiy-dengiz qo‘shinlarini mintaqaga tashladi.

Iyun oyida Argentina Folklend urushini yutqazdi, bu g‘alaba esa Tetcher xonim mashhurligini oshirib yubordi.

1983 yildagi parlament saylovlarida Konservatorlar katta ovoz to‘plab g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Margaret Tetcher tashqi siyosatda Britaniyaning obro‘sini yanada oshirishga intildi, u Leyboristlar hukmronligi yillarida Birlashgan Qirollikning jahon minbaridagi obro‘si tushib ketdi, deb hisoblar edi.

Tetcher xonim bilan AQSh prezidenti Ronald Reyganning qarashlari bir joydan chiqdi, ular iqtisodiy masalalarda hammaslak bo‘ldilar.

"Temir Ledi"ning SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyov bilan umumiy til topishgani ko‘pchilik uchun hayratlanarli bo‘ldi.

"Biz birga ishlay olamiz", degan Margaret Tetcherning so‘zlari dunyoga mashhur bo‘lib ketgan edi.

Bu yillarda Leyboristlar partiyasi ichida siyosatchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik avjiga chiqqan, 1987 yilda Britaniya tarixida birvarakayiga uchinchi marta Tetcher rahbarligidagi Konservatorlar saylovda g‘alaba qozondilar.

Saylovdan keyin hukumat soliqlarni ko‘tarishga qaror qildi, bu esa Britaniya tarixidagi qattiq ko‘cha noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Tetcher xonimning siyosatidan norozilik yana partiyadoshlari orasida ham paydo bo‘ldi.

Uning qudratdan ketishiga Ovro‘po hamjamiyati rolini oshirishga qarshi chiqqani sabab bo‘ldi, deyish mumkin.

1989 yil Rim shahrida bo‘lib o‘tgan sammitdan qaytganidan keyin u Ovro‘po Komissiyasi vakolatlari kuchaytirilishiga qarshi chiqqanini aytdi.

"Matbuot anjumanida komissiya raisi Mese Delor Ovro‘po parlamentini demokratik organ sifatida ko‘rishni, Komissiya ijroiya organ vazifasini bajarishini xohlashini, vazirlar kengashini senat rolida ko‘rmoqchi ekanini aytdi. Yo‘q. Yo‘q. Yo‘q", deb aytgan Margaret Tetcher.

Shundan so‘ng Konservatorlar liderligi uchun ovoz berildi, 1990 yilgi ovoz berishda Tetcher xonim uncha ko‘zga tashlanmagan partiyadoshiga yutqazdi.

Baronessa Tetcher

Britaniya Bosh vaziri Jon Meyjor bo‘ldi.

Biroq 1992 yilda ko‘plar uchun kutilmaganda Konservatorlar yana ko‘p ovoz to‘pladi, biroq Tetcher xonim parlament a‘zoligidan voz kechdi.

1995 yilda Margert Tetcherga Kesteven Baronessasi unvoni va Britaniya ritsarlik ordenining eng oliy nishoni beriladi.

U faol siyosat yuritish bilan birga ikki jildlik xotiralarini nashrdan chiqardi.

Ayni paytda Maastrixt bitimiga qarshi kampaniya olib bordi, Bosniyadagi Serbiya siyosatini tanqidlarga tutdi.

2001 yilda uning salomatligi yomonlasha boshladi.

Shifokorlar unga ommaviy ma‘ruzalar va bayonotlar bilan chiqishni taqiqlashdi.

2008 yilda u dimentsiyaga duch kelgani, qisqa payt xotirasidan ayrilgani haqida qizi ma‘lum qilgan edi.