Femen harakati qizlari Putin qarshisiga kiyimsiz chiqishgan

Image caption "Siyosat haqida kiyingan holda gapirgan ma‘qul, yechinishni esa boshqa joyda qilish kerak", - deb aytgan Putin.

Rossiya prezidentining 8 aprelda Olmoniya va Hollandiyaga safarini Femen qizlari o‘ziga xos kutib olishgan.

Vladimir Putin va Olmoniya kantsleri Angela Markel Gannover yarmarkasida Volkswagenga bog‘liq qismini tomosha qilayotganlarida otilib chiqqan faollar ingliz tilida tsenzurasiz so‘zlarni aytib qichqirganlar.

Qizlarning orqalariga Putinga qaratilgan haqorat so‘zlari yozib olganlar.

Ular Putinni o‘z siyosiy muxoliflari va fuqarolik faollarga nisbatan munosabatini qoralab, uning safari davomida borgan joylarida ta‘qib qilmoqdalar.

Femenchi qizlarni prezident qo‘riqchilari darhol ushlab olgan bo‘lsalar ham, Putin ularni bosiqlik va kulgu bilan qabul qilgan.

"Siyosat haqida kiyingan holda gapirgan ma‘qul, yechinishni esa boshqa joyda qilish kerak", - deb aytgan u. Olmoniya matbuoti esa janob Putinga qizlarning harakati hatto yoqqandek ko‘rindi, deb yozgan.

Yakshanba kuni janob Putin va Markel xonim xalqaro Gannover yarmarkasini ochishgan.

Rossiyaning 160 shirkatlari o‘z imkoniyatlarini namoyon etishgan. Ular orasida "Gazprom", "Rosneft", RJD, "Rosnano", "Rostex", "Skolkovo" "Uralvagonzavod" kabi shirkatlar g‘arblik investorlarning e‘tiborini qozonishga harakat qilishgan.

Yarmarkaning Nobel mukofotining texnik muqobili deb ataladigan "Germes-2013" mukofoti ishlab chiqarishda smartfonlar uchun loyiha ishlab chiqqan shirkatga berilgan.

Janob Putin Olmoniya bilan hamkorlik tufayli Rossiyada minglab ishchi o‘rinlari ochilayotganligini ta‘kidlagan.

Angela Markel esa Rossiya bilan viza munosabatlariga yengillik kiritilishi haqida gapirgan.

Uchrashuvda shuningdek Shimoliy Koreya va Suriyadagi vaziyat ham muhokama qilingan.

Nodavlat tashkilotlar haqidagi savolga janob Putin "hukumatning xavotiri tashkilotlarning faoliyatidan emas, balki ularni xorijda moliyalashtirilishi haqida"ligini aytgan. Faqat to‘rt oyning ichida ularning hisob raqamlariga xorijdan bir milliard dollardan ziyod mablag‘ kelib tushgan. Bu kichkina bo‘lmagan pullarni masalan Kiprga yordam sifatida yo‘naltirish mumkin edi"

O‘z o‘rnida Angela Markel "Femen" aktsiyasi haqida "Bizda erkin davlat, lekin baribir odob va qoidalarga rioya qilish kerak", degan.

Janob Putin bu yerda ham hazil bilan qo‘shimcha qilgan. "Aktsiya menga yoqdi. Buning uchun ukrainalik qizlarga yarmarkangizning reklamasiga yordam berishgani uchun rahmat aytish kerak. Men ularning nima deb qichqirganlarini eshitmadim, qo‘riqchilar ular bilan yumshoqroq muomala qilishsa ham bo‘lardi. Lekin siyosat to‘g‘risida kiyingan holda gaplashgan yaxshi. O‘ylaymanki, qizlar sovuq qotib qolishmagan".

Femen harakati faollari Pussy Riot qizlariga Rossiya mahkamasi chiqargan hukmni qoralashgan edi.

Pussy Riot

Cherkov mehrobida aksilhukumat norozilik amali o‘laroq boshiga balaklava o‘rab, ashula aytgan Pussy Riotning harakati nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda turli fikrlarga sabab bo‘lgan.

Bundan oldin, AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va huquqni himoya qilish tashkilotlari Rossiyada Pussy Riot pank-guruh qizlariga berilgan qamoq jazosini qoralashgan.

Amnesty International xalqaro tashkiloti qizlarga chiqarilgan hukmni bekor qilishga chaqirgan.

Tolokonnikova, Alexina va Samutsevich o‘zlarining harakatlari bilan cherkovga emas, Vladimir Putinni ochiq qo‘llagani uchun Patriarx Kirillni hajv etishganini aytishgan.