"Tetcherning o‘rnini hech kim bosa olmaydi" - siyosiy tahlilchi

Britaniyaning dushanba kuni 87 yoshida vafot etgan sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher Britaniya va xorijda xotirlanmoqda.

Bosh Vazir Deyvid Kameron uni "buyuk britan" deya olqishlasa, AQSh Prezidenti Barak Obama marhuma baronessani "ozodlik va erkinlik yo‘lidagi buyuk kurashchi" deya eslagan.

Dushanba kuni Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev maktub orqali janob Kameronga o‘z ta‘ziyasini izhor qilgan. Boshqa markaziy osiyolik rahbarlarning ta‘ziya bildirgani borasida xabar yo‘q.

Nazarboyev janoblari Tetcher xonim Buyuk Britayaning taraqqiyoti va farovonligiga katta hissa qo‘shgan buyuk siyosiy rahbar va oqil inson sifatida butun jahonga tanilganini aytgan.

Jahon bo‘ylab "Temir ledi" deb tanilgan Tetcher xonim shu hafta oxirida dafn etilishi kutiladi.

Uning dafn marosimi rasmiy davlat marosimi bo‘lmaydi, ammo Malika Diana va Qirolicha ona kabi tantanali tarzda dafn etiladi. Odatda bu kabi tantanaga monarxiya a‘zolari mos ko‘riladi va buning uchun Qirolicha ruxsat berishi kerak.

Margaret Tetcher nafqat Britaniyada ko‘plar sevgan va yo ko‘plar xush ko‘rmagan siyosatchi edi. U Sovuq urush davrida butun dunyoda nom qozongan rahbarlardan biri bo‘ldi.

Xo‘sh, bu uning Britaniyada ilk ayol bosh vazir bo‘lgani boismi, yo qattiqqo‘l siyosati tufaylimi? Yoki bunga uning siyosatda qoldirib ketgan me‘rosi sababmi?

Margaret Tetcher davrida diplomat bo‘lib faoliyat yuritgan va hozirda AQShda yashayotgan siyosiy tahlilchi Toshpo‘lat Yuldoshevning aytishicha, Tetcher Sovet Ittifoqi bilan iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish bilan birga, unga qattiq bosim o‘tkazgan siyosatchi sifatida tarixda qoladi.