Eronda kuchli zilzila yuz bergan

Image caption AQSh va BMT Bushehrda yadroviy qurol ishlab chiqarilayotganiga ishonadi

Eron janubi-g‘arbida, mamlakatning yagona yadroviy majmuasiga yaqin hududda, kuchi 6.3 ballga teng zilzila yuz bergan.

Bu haqida AQSh Geologiya tadqiqot markazi xabar tarqatdi.

Davlat matbuotidagi ilk xabarlarga binoan, uch kishi halok bo‘lgan.

Ijtimoy muloqot tarmoqlari foydalanuvchilari xabarlariga ko‘ra, odamlar Fors Ko‘rfazi bo‘ylab, xususan Dubay, Abu Dabi va Bahraynda yer qimirlaganini sezganlar va binolardan evakuatsiya qilinganlar.

Eronning yadroviy dasturi G‘arb davlatlari orasida Tehron yadroviy qurollarni ishlab chiqarayotgani borasida xavotirni uyg‘otgan. Eron bu kabi qurol ishlab chiqarilayotganini butkul rad etadi.

AQSh Geologiya tadqiqot markazi zilzila soat 11:52da yadroviy zavod joylashgan Bushehr shahridan 90 chaqirim uzoqlikda yuz berganini bildirdi. Zilzilaning manbai yer ostida 10 chaqirim chuqurlikda bo‘lgan.

Bushehr shahridagi Eron Seysmologiya instituti Bushehrdan 60 chaqirim masofada bo‘lgan Kaki shahrida 6.1 balli zilzilani qayd qilganini bildirdi.

Zilzila ortidan yana beshta yer qimirlashi yuz bergan, ularning eng kuchlisi 5.4 ballga teng bo‘lgan.

Rossiyaning Interfaks xabar agentligiga ko‘ra, Bushehrdagi zavodni qurgan Rossiyaning Atomstroyeksport shirkati zilzila zavodga shikast yetkazmaganini aytgan.

Xabarga binoan, zavod xodimlari yer qimirlashini sezganlar, ammo ishni davom ettirishmoqda. Atomstroyeksportdagi ismini oshkor etmagan manbaga ko‘ra, radiatsiya darajasi o‘zgarmagan.