Osiyo Chempionlar ligasi: "Paxtakor"ga nima pand berdi?

Bugun guruh bosqich saralash bellashuvlarining ilk javob uchrashuvini o‘tkazgan sherlar Toshkentda qatarlik raqiblari bilan durang natija qayd etishdi.

"Paxtakor" stadionida mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlangan o‘yinda hisobni dastlabki daqiqalardayoq mehmonlar ochishdi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni so‘nggi uchrashuvini aynan "Lahviya"ga 1:3 hisobida boy bergan va bugun faqat g‘alaba uchun maydonga tushgandi.

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning uchrashuv ortidan biz bilan suhbatida aytishicha, o‘yinda qayd etilgan natijadan har ikki jamoa ham mamnun qolishgan.

"O‘sha 2:2 hisobi o‘yinga mos, menimcha, "Paxtakor" ham, "Lahviya" ham xursand bo‘lishi kerak. Chunki o‘yin qaysidir bir jamoaning yaqqol ustunligi ostida o‘tmadi", deydi faxriy sharhlovchi:

Axbor Imomxo‘jayev qolgan ikki javob uchrashuvini safarda o‘tkazishini nazarda tutib, guruh bosqichidan chiqish sherlarga oson bo‘lmasligi, ammo o‘yinlarda katta mahorat va g‘alabaga bo‘lgan ishonchgina ularga g‘alaba keltirishi mumkinligini ta‘kidlaydi.

Faxriy sharhlovchi "Paxtakor"ning umumiy natijasi ijobiy bo‘lishini istab qolishlari va O‘zbekistonning amaldagi chempioni keyingi bosqichga chiqa oladi, degan o‘ydaligini aytadi.

Bugungi durang natijasi ortidan, "Paxtakor" to‘rt o‘yindan 7 ochko to‘plagan holda "B" guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Qatarning "Lahviya"si esa, ja‘mi 8 ochko bilan guruhda hanuz peshqadamlik qilmoqda.

O‘zbekiston chempioni navbatdagi javob uchrashuvini safarda 24 aprel kuni Saudiya Arabistonining "Al-Ittifoq" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Sherlar o‘z tarixlarida ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Guruhning bugun bo‘lib o‘tishi rejalangan ikkinchi uchrashuvida esa, "Al-Ittifoq" "Ash-Shabab al-Arabiyni qabul qiladi.

Lekin, shunda ham, bu o‘yin natijasi guruhdagi jamoalar tartibiga ta‘sir ko‘rsatish darajasida bo‘lmaydi.

Tarixcha o‘rnida

Sherlar bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasini ketma-ket g‘alaba bilan boshlashgan, ammo o‘tgan hafta uchinchi tur uchrashuvini safarda boy berib qo‘yishgandi.

"Lahviya"ga qarshi Dohada bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuviga qadar "Paxtakor" ikki o‘yindan 6 ochko to‘plab, o‘z guruhida peshqadamlik qilib turgandi.

Ammo 3-tur uchrashuvida qayd etilgan natija jamoalarning guruhdagi mavqe‘lariga ta‘sir etmay qolmagan va hozir uch o‘yindan 7 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan "Lahviya" "B" guruhi peshqadamiga aylangan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, "Paxtakor" bilan taqqoslaganda, Qatarning "Lahviya"si Osiyo Chempionlar ligasida juda oz tajribaga ega.

Arab jamoasining Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk ishtiroki bor-yo‘g‘i o‘tgan yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi va ustiga ustak, o‘sha yili guruh bosqich bellashuvlarining o‘zidanoq ortga qaytishga majbur bo‘lgan.

"Paxtakor" esa, O‘zbekistonning Osiyo Chempionlar ligasida katta tajribaga ega ikki jamoasidan biri sanaladi.

Jamoa o‘z tarixida ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

"Alamli mag‘lubiyat va faqat g‘alaba uchun"

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev "Paxtakor" bugun maydonga faqat g‘alaba uchun tushishini aytadi:

"Mening nazarimda, "Paxtakor" murabbiylari bugungi o‘yinda shunaqangi taktika tanlashadiki, bu - asosan himoyadan hujumga o‘tish, ya‘ni, uchrashuv boshlangandan hujumga emas, oldin himoyani mustahkamlab, keyin hujumga o‘tish tarzida bo‘ladi", Axbor Imomxo‘jayev.

Faxriy sharhlovchiga ko‘ra, "Lahviya"ga qarshi dastlabki uchrashuvdagi mag‘lubiyatga "Paxtakor" darvozaboni Temur Jo‘rayevning ikkita qo‘pol xatosi sabab bo‘lgan.

Axbor Imomxo‘jayev bugungi o‘yinda g‘alabalariga ishonishlari kerakligini aytarkan, "Paxtakor"ning javob uchrashuvida yengilmasligini ta‘kidlaydi.

"Paxtakor"ning murabbiylari anchagina tajribali, mana shu o‘yinga o‘zlarining taktik holatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishadi, yigitlarni yaxshi tayyorlashadi", deydi faxriy futbol sharhlovchisi.

Axbor Imomxo‘jayev joriy paytda "B" guruhidagi jamoalarning barchasida keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlari 50:50, deydi.

"Hozir har bir jamoa qanday bo‘lmasin yutib, ochkolarini ko‘paytirishni mo‘ljallab yuribdi. Shuning uchun ham, "Paxtakor"ga oson raqib yo‘q. Hammasi bolalarning o‘z qo‘llarida bo‘ladi".

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joizki, O‘zbekistonning amaldagi chempioni bu yil o‘z guruhida Saudiya Arabistonining "Al-Ittifoq", Birlashgan Arab Amirliklarining "Ash-Shabab al-Arabiy" va Qatarning "Lahviya"siga qarshi to‘p surmoqda.