Suriyadagi janglarda qatnashgan AQShning sobiq askariga oliy jazo berilishi mumkin

Image caption Erik Xarrunning himoyachisi uni isyonchilarga qo‘shilganini yoqlagan.

Amerikalik sobiq askar "Al-Qoida"ga aloqador jangari guruh safida Suriya hukumat kuchlariga qarshi kurashgani uchun vatanida mahkamaga tortilgan.

Qoralovchiga ko‘ra, 30 yoshli Xarrunning harakatlari inson o‘limiga olib kelgani isbotlansa, unga oliy jazo beriladi.

Xabarlarda aytilishicha, 2000- 2003 yillar AQSh armiyasida xizmat qilgan Xarrun Suriyada "Front al-Nusra" islomiy guruhi tarafida turib isyonchilarga ko‘maklashgan.

Iroqdagi "Al-Qoida"ga aloqadorligi aytiladigan "Front al-Nusra" G‘arbda terroristik guruhlardan sanaladi.

Tergov davomida Erik Xarrun Suriyada 10 kishini otganini, ulardan kimdir tirik qolganini bilmasligini aytgan.

Virjiniya shtatidagi mahkamada uni garov evaziga ozod qilish so‘rovi rad etilgan.

Ayblovga ko‘ra, Xarrunga Suriyada isyonchilarning matbuot voizi bo‘lish taklif qilingan, lekin u xohlamagan.

Xarrunning himoyachisi uni AQSh manfaatlari uchun kurashgani, Amerika ham Bashar al-Assad tuzumi qulashi tarafdori ekanini ta‘kidlamoqda.

Himoyachilar fikricha, Amerika maqsadlari bilan mos tushadigan ishda ayblanayotgan odamga hukm chiqarish oson bo‘lmaydi.

Erik Xarrun 2003 yil sog‘ligi vajidan armiya xizmatidan ozod qilingan.

2013 yil yanvarda Suriyaga kelib, isyonchilarga qo‘shiladi.

Xarrun ikki videorolikda "Front al-Nusra"ning janglarini gapirib bergani aks etgan. Bittasida u Bashar Assadga murojaat qilib, unga o‘lim tilaydi.

Mart oyida u Istambuldagi Amerika elchiligiga o‘z hohishi bilan borgan va so‘roq qilingan.

Suriya

Suriyadan olingan oxirgi xabarlarga ko‘ra, Damashqda janglar ketmoqda.

Suriya hukumati BMTning kimyoviy qurol ishlatilganligini aniqlash komissiyasiga mamlakatda tekshirish o‘tkazishga ruxsat bermagan.

Oldinroq Suriya hukumati Aleppoda isyonchilar kimyoviy qurol ishlatganlariga ishonishini aytgan edi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, kimyoviy hujum qurbonlari 26 kishi bo‘lishi mumkin.