Rossiyada ikki yarim milliondan ortiq o‘zbek muhojiri bor

Image caption Rossiyaga keladigan mehnat muhojirlarining asosiy muammosi o‘z huquqlarini bilmasliklaridir.

Rossiya Federal Migratsiya xizmati rahbari Anatoliy Fomenkoga ko‘ra, o‘tgan yillarda mamlakatga kirib kelayotgan mehnat muhojirlarining soni yanada oshgan.

Migratsiya xizmati 2010 yildan 2012 yilgacha Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlarining sonini taqqoslab, ana shunday xulosaga kelgan.

Fomenkoning aytishicha, ayni paytda Rossiyada 10,5 million xorijiy mehnat muhojiri bo‘lib, undan 2,5 millioni o‘zbek, 1,1 millioni tojik, 500 mingi qirg‘iz fuqarolaridir. Bu raqamlar asosan qaysi tabaqa muhojirlariga taaluqli, ularning qanchasi qonuniy yoki yo‘q?

Biz Rossiyadagi "Migrantlar va qonun" markazining xodimi Yulduz Aminova bilan bog‘lanib, Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari haqida so‘radik.

"Fomenko keltirgan raqamlar muhojirlarning umumiy soniga taaluqli, -deydi Yulduz Aminova. - Lekin buni aniq raqamlar deb bo‘lmaydi. Migratsiya xizmati o‘z imkoniyatidan kelib hisoblab chiqqan. Bular qonuniy va noqonuniy muhojirlarning taxminiy soni hisoblanadi".

Yulduz Aminova o‘zi ishlayotgan markazga murojaat qiladigan muhojirlarning katta qismi avvalo ish haqini ololmagan odamlar ekanini aytadi.

Patent bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish yoki o‘tmaslik ham muhojirlarni qiziqtiradigan masala. "Biz yaqinda bu masalada javob oldik. Endi patenti bo‘lsa ro‘yxatni cho‘zish shart emas, ya‘ni patent bo‘yicha ming rubldan to‘lab borgan bo‘lsa, o‘sha asosda registratsiya muddati cho‘ziladi", deb ma‘lum qiladi Yulduz Aminova.

Rossiyadan turli sabablar bilan vataniga qonuniy yoki noqonuniy deportatsiya qilinadigan muhojirlar muammosi doimo bo‘lgan. Ularning muammosi markazning aralashuvi bilan 20 foizgacha yechilishiga erishiladi.

Yulduz Aminova mehnat muhojirlari haq-huquqlarini Rossiyaga kelmasdan turib o‘rganishlari uchun O‘zbekistonda jamoat tashkilotlari tuzilgani, ularga barcha yo‘l-yo‘riqlar berilganini aytadi.

Biroq unga ko‘ra, keluvchilar o‘zlaricha ish qilishadi. Ko‘pchilik qo‘shnim bor, uning oldiga borib pul ishlab kelaman deb orqa qilib borishadi Rossiyaga.

"Birinchidan birovning puliga kelmaslik kerak bu yerga. Yonida hech bo‘lmasa 600-700 dollarsiz Rossiyaga kelishi kerak emas. Bunday insonlar bu yerda huquqiy tomondan bilimsizliklari tomonidan aldanib qolishlari oson", deya achinadi u.

Rossiyaga ketayotgan muhojirlarning jug‘rofiy chiqishi ham o‘zgarib borayotganligi, oldinlari ko‘proq odamlar O‘zbekiston shaharlaridan Rossiyaga ketishgan bo‘lsa, keyingi yillardan tirikchilik ilinjida dehqonlar ham oqib borayotgani kuzatilmoqda.

Dehqonlarning aksariyati esa rus tilini umuman bilmasligi, kim nima deyapti tushunmasligi oqibatida qiyin, ba‘zan nochor vaziyatlarga tushib qolishganining guvohi bo‘linadi.

"Ish beraman degan odamning gaplariga ishonib, aldanib qolayotgan judayam ko‘p. Shunisi achinarliki, topgan ishi o‘zining ovqatiga yetadimi yoki uyiga jo‘natishgami o‘ylamaydi. Bu yerga tayyor bo‘lib kelish kerak. Qanday qiyinchiliklarga duch kelishini bilishi kerak mehnat muhojirlari. Ular esa katta shaharda bilinmay ketaman deb o‘ylashadi. Lekin bilinmay ketishning umuman ilojisi yo‘q hozir", - deydi Rossiyadagi "Migrantlar va qonun" markazining xodimi Yulduz Aminova.