Frantsiya Prezidentiga tortiq qilingan tuya yeb qo‘yildi

Image caption Prezident Ollandga tuya yoqib qolib, hatto Parijda unga minib sayr qilishi haqida hazillashgandi.

Fransua Ollandning tuyasi yeyilgani aniq bo‘lgach, Mali hukumati unga boshqa tuya sovg‘a qilishga ahd qildi, deb xabar beradi Reyter agentligi.

Frantsiya Prezidenti maliliklar sovg‘a qilgan tuyani Timbuktudagi oilaga vaqtinchalik saqlab turishga qoldirgan edi.

Biroq tuyaga qarab turish topshirilgan oila ko‘p ham o‘ylab o‘tirmadi, jonivorni darhol so‘yib, an‘anaviy "ko‘za ichidagi taom" pishirib, butun oila a‘zolari bilan iste‘mol qildi.

"Sovg‘aning o‘limi"

Frantsiya yanvar oyida Malini islomiy guruhlardan ozod qilish rejasi bilan o‘z qo‘shinlarini mamlakatga kiritgandi.

Malining bir guruh aholisi qutqaruvchi-prezidentga minnatdorchilik ma‘nosida bo‘taloq olib kelishdi.

Tuyani tantanali topshirish marosimida janob Olland tuya bilan Parijning tig‘iz ko‘chalarida bajonidil yurishini aytib hazillashadi.

Oldiniga tuyani Parijdagi hayvonot bog‘iga olib borish mo‘ljallangandi. Biroq uni olib ketish bilan bog‘liq hujjat ishlari bois, tuyani vaqtincha Malida ishonchli oilada qoldirishga qaror qilindi.

"Sovg‘a"ning vaqtli o‘limi haqida Frantsiya Mudofaa vazirligining majlisida bildirilgandan so‘ng, Mali rasmiylari uning o‘rniga "kattaroq va chiroyliroq" tuya qaytarishga va‘da qilishdi.

"Biz sodir bo‘lgan voqeadan juda uyatdamiz. Yangi tuya albatta Parijga yetkaziladi", deyiladi rasmiy murojaatda.

Ayni paytda Frantsiya Mudofaa vazirligi Malidan o‘zining qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini aytgan.

Albatta tuya uchun emas, zimmadagi vazifa o‘z nihoyasiga yetgan.