Prezident Karimov Rossiyaga safar qiladi

Image caption Karimov va Putinning uchrashuvlari kun tartibi tig‘iz bo‘lishi kutilmoqda

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 15 aprel kuni Moskvaga rasmiy tashrif bilan borishini tasdiqlagan.

Vazirlik tarqatgan rasmiy xabarda aytilishicha, janob Karimovning tashrifiga hozirlik masalasi Rossiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari - G. Krasin va E. Oripovlarning chorshanba kuni Moskvada o‘tgan uchrashuvi kun tartibida bo‘lgan.

Uchrashuvda o‘zbek-rossiya munosabatlariga oid dolzarb masalalar muhokama etilgani aytilgan, ammo Prezidentlar Islom Karimov va Vladimir Putinning kutilayotgan muzokaralariga doir ma‘lumot berilmagan.

Prezident Karimovning sog‘ligi yomonlashgani borasidagi xabarlar manzarasida ushbu tashrif Rossiya va jahon matbuotining diqqatini tortgan.

Tahlilchilar tashrifning amalga oshib-oshmasligi 75 yoshli O‘zbekiston rahbarining sog‘ligi bilan bog‘liq o‘zbek muxolifat manba‘lari tarqatgan xabarlarni bilvosita tasdiqlashi yoki inkor qilishi mumkinligini aytishgan.

Rossiya matbuoti o‘tgan oy oxirida Islom Karimovning go‘yoki yurak huruji kechirgani haqidagi xabarlar va uning o‘rnini kim egallashi mumkinligi haqidagi siyosiy bashoratlarga keng o‘rni bergan.

Suv va havo

Kommersant ro‘znomasining o‘z manba‘lariga tayanib yozishicha, janob Karimov Putin bilan birinchi navbatda Qirg‘izistonda Rossiya shirkatlarining puliga qurilishi rejalangan "Qamabarota1" va Yuqori Norin kaskadlari atrofidagi vaziyatni muhokama qilish niyatida.

O‘zbekiston ushbu gidroinshoot loyihalari mintaqadagi suv muvozanatini izdan chiqarib yuborishidan xavotirda.

Moskva ziddiyatni Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya vakillari ishtirokidagi ishchi guruhi doirasida hal qilishga uringan, ammo o‘zbek hay‘ati bu guruhning o‘tgan yil oxiridagi birinchi majlisidan keyin boshqa yig‘inlarga qatnashmagan.

Kommersantga ko‘ra, loyihaga veto huquqini qo‘lga kiritish payida bo‘lgan rasmiy Toshkent, aftidan, o‘z maqsadiga ishchi guruhi doirasida emas, balki davlat rahbarlarining yuzma-yuz uchrashuvi orqali erishmoqchi.

Qirg‘iz va tojik matbuoti O‘zbekiston Prezidentining aynan suv masalalarini muhokama qilish uchun Moskvaga borayotganiga urg‘u bermoqda.

Payshanba kuni O‘zbekiston Rossiya aviashirkatlarining konvertatsiya bilan bog‘liq maummolarini hal etgani haqida xabarlar olingan.

Uzmetronom nashri o‘zining hukumatdagi manba‘lariga tayanib, 10 aprel kuni O‘zbekiston Rossiya aviashirkatlaridan konvertatsiya bo‘yicha qarzlarini to‘la uzgani to‘g‘risida xabar tarqatgan.

Rossiya o‘zining 13 ta havo shirkatiga tegishli mablag‘lar 15 aprelga qadar konvertatsiya qilinmagani taqdirda, O‘zbekiston uchoqlariga o‘z havo hududidini yopish bilan tahdid qilgan edi.

MTS

Tahlilchilarga ko‘ra, davlat o‘rtasida "havo urushi"ning oldi olingan, ammo Rossiyaning yirik mobil shirkati MTS atrofidagi mojaro janob Karimovning tashrifiga hanuz soya solish mumkin.

Kommersantning yozishicha, Putin va Karimovning uchrashuvlari chog‘ida MTS atrofidagi vaziyat muhokama etiladi.

Shu oy boshida O‘zbekiston Oliy Xo‘jalik Mahkamasi MTSning sho‘‘ba korxonasi bo‘lgan Uzdunrobitanining kassatsiya tartibidagi shikoyatini rad etgan.

"Birjevoy lider" nashriga ko‘ra, MTS rahbariyati hanuz O‘zbekistonga qaytish niyatida voz kechmagan va janob Karimovning Moskvaga tashrifidan so‘ng o‘zbek mahkamalarining Uzdunrobitaga nisbatan hukmlarini yumshatishiga umid qilmoqda.

"Aks holda, deb yozadi "Birjevoy lider", MTSning xalqaro mahkamaga murojaat qilishdan boshqa iloji qolmaydi".

"Bazagacha bir qadam"

Janob Karimovning Moskvaga navbatdagi rasmiy tashrifi O‘zbekiston MDHning Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotidan chiqqan va AQSh bilan siyosiy va harbiy hamkorlikni kuchaytirgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Prezident Karimov Putinni O‘zbekiston hududida Amerika harbiylarini joylashtirmaslik borasida yana bir marta ishontirishi mumkin.

Moskva Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketish jarayonida harbiy jihozlarning bir qismini O‘zbekistonga qoldirish rejasidan xavotirda ekani aytiladi.

AQSh Davlat departamenti avvaliga gap aloqa va navigatsiya, shuningdek, elektron xavfsizlik jihozlari haqida borayotganini aytgan, ammo o‘tgan oy O‘zbekiston Qo‘shma Shtatlardan ko‘proq qurol-yarog‘ni qoldirishni istayotgani ma‘lum bo‘lgan.

AQSh Davlat Kotibining yordamchisi Robert Bleyk O‘zbekiston taqdim etgan harbiy jihozlar ro‘yxatida uchuvchisiz uchoqlarning ham borligini tasidqlagan.

Kommersant ro‘znomasining Rossiya davlat tizimlaridagi manba‘dan iqtibos keltirishicha, vaziyat Moskvani bezovta qiladi.

"Qurol-yarog‘ va jihozlar bilan birga O‘zbekistonga g‘arblik instruktor va texniklar kelishadi, u yerdan esa bazagacha bir qadam", deya Rossiya mulozimining so‘zlarini keltiradi Kommersant.