O‘zbekiston: sobiq militsiya xodimi "qiynoqlar natijasida vafot etgan"

Image caption O‘zbekiston militsiyasi shafqatsiz qiynoq usullari uchun mas‘ul ko‘riladi

Qarorgohi Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" tashkilotiga ko‘ra, o‘tgan oy toshkentlik sobiq militsiya xodimi Umid Ahmedovning qiynoq izlari bo‘lgan jasadi yaqinlariga topshirilgan.

Tashkilot rahbari Nadejda Atayevaning aytishicha, rasmiylar jasadni tezda dafn etishni talab qilganlar va yaqinlaridan qiynoq izlari haqida ma‘lumot tarqatmaslik borasida tilxat olishgan.

O‘lim holati yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazishning ham taqiqlangani aytiladi.

Nadejda Atayevaga ko‘ra, marhumning yaqinlari o‘limning rasmiy sababi borasida ma‘lumot berish va huquq faollari bilan muloqot qilishni istashmayati.

"Chuqur jarohat"

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" tashkilotining aytishicha, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining odam savdosiga qarshi kurash bo‘limi xodimi bo‘lgan 38 yoshli Umid Ahmedov shu yilning 15 mart kuni pora olishda gumon qilinib, hibsga olingan.

Uning shaxsi va ayblov tafsilotlari haqida boshqa hech narsa ma‘lum emas.

Nadejda Atayevaning aytishicha, o‘lim tafsilotlari borasida marhumning yaqinlari bilan bog‘lanishga urinishlar zoye ketgan.

Ammo huquq faoli jasadni ko‘rgan guvohlardan birining qiynoq izlari haqida so‘zlab berganini aytmoqda.

"Umid Ahmedovning badanida, buyni atrofida pichoq sanchilganidan keyingi chuqur jarohat bo‘lgan, butun badanida qattiq kaltaklanish izlari bo‘lgan, ularning diametri 10 santimetr atrofida. Bu yaralarning kelib chiqishini uni tepishgan, deb izohlashimiz mumkin. Bu gematomalarni marhumning qovurg‘asi, tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘inda hamda yuzida ham ko‘rsa bo‘lardi. Qattiq kaltaklanishdan uning yuzi tanib bo‘lmaydigan holatga kelgan", deya guvohning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Nadejda Atayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Umid Ahmedovdan "hukumatdagi yuqori martabali shaxs" ga qarshi ko‘rsatma talab qilingan.

Atayeva xonim manba‘ bu shaxsning xavfsizligini o‘ylab, uning kimligini oshkor etmaganini aytmoqda.

"Umid Ahmedovning ishi bo‘yicha batafsil ma‘lumot olishga qaratilgan urinishlarimiz zoye ketdi", - deydi huquq faoli.

Shafqatsiz qiynoqlar

O‘zbekiston tergov hibsxonalari va qamoqxonalarida mahbuslarning qiynoqlar natijasida vafot etish hollari bot-bot uchraydi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus ma‘ruzachisi o‘nlab bu kabi holatlarni hujjatlashtirgan.

Huquq faoli Surat Ikromovga ko‘ra, qiynoq qurbonlarining yaqinlari qo‘rqitiladi va tahdid etiladilar.

"Shunda ham bizning qo‘limizga yetib kelayotgan ma‘lumotlar o‘lim hollarining ko‘payayotgani, kamaymayotganidan dalolat beradi", - deydi Surat Ikromov.

Mustaqil Inson huquqlari Tashabbus guruhiga ko‘ra, 2010 yilda 39 nafar mahbus qiynoqlar natijasida vafot etgan.

Qiynoq qurbonlarining aksariyati diniy-siyosiy ayblovlar bilan mahkum etilganlardir.

O‘zbekiston militsiyasi shafqatsiz qiynoq usullari uchun mas‘ul ko‘riladi.

O‘tgan yil oxirida Prezident Islom Karimov qiynoqlarni taqiqlovchi qonunga imzo chekkan.

"Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonun faqat 2013 yil oxiridan kuchga kiradi.

Ammo kuzatuvchilar qonun amaldagi vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishiga shubha qiladilar.