Adib Mamadali Mahmudovning qamoq muddati yana uch yilga uzaytirildi

Image caption Mamadali Mahmudov 1999 yil Toshkent portlashlaridan ko‘p o‘tmay qamoqqa olingandi

Taniqli o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudovning rafiqasi Gulsara Mahmudovaning BBCga ma‘lum qilishicha, yozuvchining jazo muddati yana uch yilga uzaytirilgan.

Bu haqda adibning o‘zi Gulsara Mahmudova bilan 10 aprel kuni Toshturmada bo‘lgan ikki soatlik uchrashuvi chog‘ida ma‘lum qilgan.

Evril Turon adabiy taxallusi bilan mashhur Mamadali Mahmudov 1999 yilda Toshkentda yuz bergan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, 14 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Adibning shu yil boshida ozodlikka chiqarilishi kutilayotgandi.

72 yoshli Mamadali Mahmudov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 221 - moddasi - "Jazoni ijro etish muassasi ma‘muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik" da aybdor deb topilgan.

Xalqaro Pen klub va jahondagi bir qator taniqli yozuvchilar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga Mamadali Mahmudovni ozod etishni so‘rab, maktublar yo‘llashgan.

Biroq O‘zbekiston mazkur talablarni e‘tiborsiz qoldirib keladi.

Xalqaro Pen Klub Mamadali Mahmudovning qamoq muddati yana uch yilga uzaytirilishidan "xafsalasi pir" bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Pen Klub so‘zchisi Ket Lukasning BBCga ma‘lum qilishicha, yozuvchi qo‘shimcha jazo muddatiga "dosh bere olmasligi mumkin.

"1999 yilda ozodlikdan mahrum etilgan Mahmudov dunyoda eng uzoq qamoq muddatini o‘tayotgan yozuvchilaridan biriga aylandi. U sil va yuqori qon bosimidan azob chekadi... Biz uning yangi jazo muddatiga dosh bera olmasligi mumkinligidan chuqur xavotirdamiz. Biz uni darhol va shartsiz ozod etish haqidagi talablarimizni davom ettiramiz..." - deb aytgan Ket Lukas.

Gulsara Mahmudova BBC bilan suhbatda turmush o‘rtog‘ining mart oyida yurak xurujini boshdan kechirganini ma‘lum qildi.

Unga ko‘ra, Mamadali Mahmudov "uchrashuvga hassatayoqqa suyanib" chiqqan.

"Ahvollari juda ayanchli edi. Juda ozib ketganlar. Ahvollari juda yomon. Ikki marta infarkt bo‘lishdi. Oshqozonlarida yaralari bor, qon bosimlariyam baland," - deb aytdi Gulsara Mahmudova.

"Prezident dushmani"

Jumladan, o‘zbekistonlik muxolifat va inson huquqlari faoli Dilorom Dilorom Ishoqovaning BBC bilan suhbatida aytishicha, yaqinlari Mamadali Mahmudovning, hech bo‘lmasa, shu yil avfga tushishiga umid qilishayotgandi.

"Yoshi 73 ga qarab ketayotgan keksa va juda bemor odamni "jamiyatga tinchlikka xavf soluvchi shas," deb ko‘rilishi, oddiy qilib aytganda, insonfsizlik. Mahkama qarori na qonun nada insoniylik tamoyillariga rost keladi," - deydi taniqli inson huquqlari faoli Dilorom Ishoqova.

Ishoqova xonim Mamadali Mahmudovning ozodlikka chiqarilmasligini bir jumlada izohlaydi: "Mamadali Mahmudov prezident dushmani bo‘lsa kerak-da!"

Sho‘ro davrida "O‘lmas qoyalar" nomli romani bilan nom qozongan adib mustaqillik yillarida muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi va uning rahbari Muhammad Solih bilan aloqalari uchun 14 yilga ozodlikdan mahrum etilguniga qadar ikki marta qamoqqa tashlangan.

Qamoqxonada adibning sog‘ligi yomonlashgani haqida bir necha marta xabar qilingan.

Adib va uning oilasini yaqindan bilgan faollarga ko‘ra, hozirga qadar Mamadali Mahmudovga nisbatan avf farmoni qo‘llanilmagan.