"Miyamiz yangi qo‘shiqqa jon deydi"

Bu kabi xulosaga kanadalik bir guruh olimlar kelishibdi. Ularning aytishlaricha, yangi kuy-qo‘shiq inson miyasiga juda xush yoqarkan.

"Science" jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, musiqani birinchi marta eshitgan paytda miyaning sezishga mas‘ul qismi "yashnab ketarkan".

Bu kabi xulosaga kanadalik bir guruh olimlar kelishibdi. Ularning aytishlaricha, yangi kuy-qo‘shiq inson miyasiga juda xush yoqarkan.

"Science" jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, musiqani birinchi marta eshitgan paytda miyaning sezishga mas‘ul qismi "yashnab ketarkan". Tadqiqotchilarning ishonishlaricha, miya avval "quloq tutgan"lari bilan taqqoslab, kuyning eski yoki yangi ekani borasida o‘zi xulosa chiqarib oladi.

Ular so‘nggi tadqiqotlari jarayonida miyani ohanrabo ta‘sirini aks ettiruvchi (MRI) uskuna orqali kuzatib turishgan.

Olimlar o‘z kuzatuvlari chog‘ida yangi kuy yoki ashula eshitgan paytda miyaning sezishga mas‘ul qismi faollashganini aniqlashgan.

Ya‘ni, insonlar o‘zlari eshitayotgan yangi kuy-qo‘shiqdan qanchalik ko‘p rohatlanishsa, miyaning ularda yoqimli his-tuyg‘ular paydo qiluvchi yondosh yadrochalari shunchalik jonlanib ketarkan.

Kanadalik olimlar yondosh yadrochalarning vazifasi o‘zlariga ancha oldin ayon esa-da, kuy-qo‘shiq mavhum bo‘lgani uchun tadqiqotlari arafasida bunga boshqa narsa sabab bo‘lsa kerak, degan o‘yda bo‘lishgan.

"Odatda, qorningiz tatalab ketayotgan paytda bir bo‘lak non yoki bir miringiz bo‘lmagan paytda kattaroq miqdorda pul topib olgan paytingizda miyangizdagi yondosh yadrochalar "raqsga tushib kelgan".

"Tadqiqotimizning butun ajoyiboti ham shundaki, inson, hatto, mutlaq mavhum narsadan ham xuddi shunday zavq ola bilarkan", deydi Torontodagi "Rotman" tadqiqot markazidan doktor Valoriy Salimpur.

Ammo, uning ta‘kidlashicha, avval eshitgan kuy-qo‘shiqlari farqli bo‘lgani uchun, har bir inson miyasining bu qismi ham o‘ziga xos bo‘ladi.

Monreal Tadqiqot markazida o‘tkazilgan tajriba yigirmaga yaqin ko‘ngilli ustidan olib borilgan va foydalanilgan yangi 60 ta kuy-qo‘shiq ham ularning istak-xohishlariga qarab tanlangan.

Tajriba ostidagi ko‘ngillilar, 30 soniyali kuy-qo‘shiqni eshitish jarayonida , hatto, yotgan joylarida o‘zlariga yoqib qolganlarini soxta internet do‘koni orqali sotib olishga ham imkonli bo‘lishgan.

So‘nggi topildiqlari ortidan, tadqiqotchilar, endi, insonlarning musiqiy didini nima belgilashini aniqlashmoqchi.

Ular kimningdir jazz, boshqaning rok-n-rollni yoqtirishiga ham bizning miyamiz faoliyati sababchimi yoki yo‘qligini o‘rganishmoqchi.