"Meni qul qilib ishlatishdi"

Image caption Rossiya Muhojirlik masalalarini o‘rganish markazining ma‘lumotlariga tayanilsa, chetdan kelayotgan muhojirlarning aksariyati qonuniy yo‘llardan foydalanmay, vositachilar yordamida ish topishga urinishadi

Agar, Xalqaro Mehnat Tashkilotining ma‘lumotlariga qaralsa, o‘tgan uch yil ichida yuzlab tojikistonliklar turli huquqni himoya etish idoralariga ana shunday shikoyat bilan chiqishibdi.

Shikoyatchilarga ko‘ra, o‘zlarini turli davlatlarda qul kabi ishlatishgan.

Xalqaro tashkilotning bildirishicha, bu kabi og‘ir mehnat natijasida o‘zlariga murojaat qilgan muhojirlarning chorak foizdan ortiqrog‘i nogiron bo‘lib qolishgan.

Biroq ularni qul qilib ishlatgan insonlar ustidan ochilgan jinoiy ishlar bu raqamlarning yaqiniga ham kelmaydi.

O‘zlarini deportatsiya etishlari yoki ortlaridan tushishlaridan qo‘rqqan muhojirlar, o‘zga yurtlarga tirikchilik ilinjida borishgan emasmi, kamdan-kam hollarda huquq-tartibot idoralariga murojaat etishadi.

Tojikistonliklar ishlagani asosan Rossiyaga borishadi. Ammo ko‘pchiliklari qishloq hududlaridan ekanliklari bois, rus tilini yaxshi bilishmaydi.

Vositachi...

Agar, Rossiya Muhojirlik masalalarini o‘rganish markazining ma‘lumotlariga tayanilsa, chetdan kelayotgan muhojirlarning aksariyati qonuniy yo‘llardan foydalanmay, vositachilar yordamida ish topishga urinishadi.

Markazning bildirishicha, xuddi ana shu bois, ularning 20 foizdan ortiqrog‘i qul kabi sharoitda mehnat qilishadi.

Rossiyadagi mehnat muhojirlarining huquqiy ahvollari bilan bog‘liq vaziyat esa, o‘tgan bir necha yildan buyon deyarli o‘sha-o‘sha.

Bu yerda eng asosiy masala – muhojirning mavqei bo‘lib qolmoqda.

Qulchilik hollariga oid jinoiy ish ochish uchun lozim hujjatlarni yig‘ish oson ish emas – chunki noqonuniy mehnat muhojirlarini qo‘llikdan ozod etishlari bilan yurtiga deportatsiya etib yuborishadi.

Image caption Rossiya Muhojirlik masalalarini o‘rganish markazi rahbari Dmitriy Poletayev

"Mavqeing noqonuniymi, demak himoyasizsan. Eng avvalo ish beruvchi seni istagan kuyiga solishi mumkin bo‘ladi. Sizga misol tariqasida aytay, tojikistonlik bir muhojir 17 yashar o‘g‘lini axlatxonaga ishga joylashtiradi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, bolasi yo‘qolib qoladi. Rasman qayddan o‘tmagani uchun, hujjatlari bo‘yicha Rossiyada emas. Otasi o‘g‘lini faqat oradan bir yil o‘tib topdi. Ayon bo‘lishicha, bolasini ish beruvchilar hali u axlatxonadan hali bunisiga olib yurib, tekin ishlashga majbur qilishgan", deydi Rossiya Muhojirlik masalalarini o‘rganish markazi rahbari Dmitriy Poletayev.

Janob Poletayevning aytishicha, xuddi shu sababdan ham, bu kabi vaziyat eng avvalo mehnat muhojirlarini chuv tushiruvchi ish beruvchilarga qo‘l keladi.

Shirkatlar ham qolishmaydi

Muhojirlar odatda u yerda bo‘lgan yaqinlariga orqa qilib o‘zga yurtlarga borishadi.

Galalashib ish izlasharkan, ulardan ko‘pchiligi davlat va xususiy shirkatlarga murojaat etishadi.

Hatto, ana shu kabi shirkatlar ham soddadil odamlarni ishga yollab, keyin qul qilib sotib yuborgan hollar oz emas.

"Ularga ish, maosh va turar-joy va‘da qilishadi. Lekin qurilishning o‘rniga, ularni xarsang maydalashga olib borishlari mumkin. Go‘yoki, muhojirlar bilan mehnat shartnomasi ham imzolashadi. Aslida esa, u ham qalbaki bo‘lib chiqadi. Bu kabi jinoyatlar davlatlararo tusga ega. Shu bois ham, buni isbotlovchi ma‘lumotlarni yig‘ish qiyin bo‘ladi", deydi Tojikiston Inson huquqlari markazining Mehnat muhojirligi dasturi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Nodira Abdullayeva.

Bu kabi hollarning oldini olish uchun esa, rossiyalik mas‘ullar chetdan kelgan mehnat muhojirlarini rasman qaydda o‘tishga undab kelishadi.

Ammo, agar, tojikistonlik muhojirlarning so‘zlariga qaralsa, bu jarayon ko‘p vaqt oladi va katta pulga tushadi.

"Buni tez hal qilishning ham yo‘li bor. Bir yarim ming Rossiya rubliga qalbaki yangi muhojirlik kartochkasi va ruxsatnomani uyingizga keltirib berishadi. Hech yoqqa borib yotishingizning ham hojati bo‘lmaydi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, shunday bo‘lgach, kimning qonuniy ishlagisi keladi. Agar, haqiqiysini olaman desangiz, bu sizga 20.000 Rossiya rubliga tushadi", deydi tojikistonlik mehnat muhojiri Umid Toxirov...

Uning aytishicha, shuncha katta pulga hammasini rasman hal qilgan taqdirlarida ham, muhojir bir oyning ichida ish topishi shart bo‘ladi.

Aksariyat ish beruvchilar esa, ularni qonuniy yo‘l bilan ishga olishga oshiqishmaydi. Chunki soliq to‘lashlari lozim bo‘ladi.

"Bir oydan so‘ng ishga kirganingizga oid ma‘lumot olmagach, Rossiya Federal Muhojirlik Xizmati ruxsatnomangizni bekor qiladi. Keyin registratsiya muddati tugaydi. Sizning yana chegarani kesib o‘tishingiz taqazo etiladi. Bu esa, yana qo‘shimcha pul degani", deydi Umid.