"Tojik va qirg‘izlar ahvoli yaxshi, hamma farrosh faqat o‘zbeklar"

Image caption Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiyadagi o‘z fuqarolari haqida qayg‘urishadi, shu bois ko‘cha supuruvchilar aksar o‘zbeklar, deyiladi

Prezident Islom Karimovning Rossiyaga safaridan u yerdagi millionlab o‘zbeklar ham umidvor.

Sababi - Rossiyadagi eng ko‘p sonli muhojir bo‘lishiga qaramasdan, eng huquqsizi ham o‘zbeklar.

Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘zlari ish topib berolmagani bois, Rossiyadagi fuqarolari sharoitlarini yaxshilashga intilishmoqda.

Deylik, qirg‘izlar yengillatilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olib, o‘z Qirg‘iziston vatandoshligini ham saqlab qola oladilar.

Tojiklar esa o‘z hukumatlari sa‘y-harakati tufayli birdaniga uzoq yillik ro‘yxatdan o‘tib, bemalol yaxshi maoshli ish topib ketadilar. Ular uchun ham ikki fuqarolikka ruxsat berilgan.

Ammo O‘zbeklarning ahvoli qiyin. Ularning ro‘yxatdan o‘tishlari qiyin, O‘zbekiston fuqarosi sifatida har vaqt kam maoshli va og‘ir ishlarni qilishadi.

"Tojikistonga Putin borib kelgach, ularning Rossiyadagi sharoitlari birdaniga yaxshilanib ketdi, hozir ko‘chada bironta ham tojik farrosh qolmagan" - deydi Moskvadan jurnalist Sohiba Hayitboyeva - "Ko‘chada farroshlik qilayotganlar hammasi faqat o‘zbeklar".

O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi millionlab yoshlarga ish o‘rni yaratib berolmayapti. Ammo tirikchilik uchun chetga ish izlab ketgan fuqarolar haqida mamlakat ichida salbiy fikr yaratish an‘anasi seziladi.

Bu muhojirlarni ko‘p hollarda mamlakatdagi noz-ne‘matlarga shukur qilmay, chetdan mo‘may pul topib, boyishni istaganlar, deb aytishadi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘z boshqaruvi tarixida faqat bir marta chetda qiynalayotgan o‘zbeklarni esga olgan: U Rossiyada o‘lgan o‘zbek muhojiri masalasini eslagandi.

Ammo prezident ushbu masala yechimi borasida Mehnat vazirini emas, negadir Prokuratura va Ichki ishlar vazirligini savolga tutdi.

Shu asno kuch tizimlari ham o‘ziga mos javob berib, muhojirlarning chetga ketishini to‘sish va ularni ta‘qib etish harakatlarini boshlashgani haqida xabarlar chiqmoqda.

"Bunday choralar natija bermaydi, chunki O‘zbekiston bu odamlarga ish topib berolmaydi" - deydi jurnalist - "Rossiyaga ish izlab kelayotganlar esa boyish emas, tirikchilik g‘amidalar".

"Aks holda oliy ma‘lumotli odam nega ko‘cha supurib, idish-tovoq yuvadi?"

Prezident Karimov o‘z mamlakatidan Rossiyaga kelib ishlashga majbur bo‘layotgan o‘zining millionlab fuqarolari muammolarini Vladimir Putin bilan uchrashuvda ko‘tarish-ko‘tarmasligi noma‘lum.

Sohiba Hayitboyevaga ko‘ra, O‘zbek muhojirlari Moskvada kutilayotgan ikki prezident uchrashuvida o‘z ahvol va sharoitlarini, muhojir sifatidagi mavqelarini biroz yaxshilashga oid qandaydir kelishuvlarga borilarmikan, degan umiddalar.