Ochlik e‘lon qilgan Guantanamo mahbuslari soqchilar bilan to‘qnashgan

Ochlik e‘lon qilgan mahbuslarni umumiy bo‘lmadan alohida kameralarga o‘tkazishga harakat qilingan paytda qo‘riqchilar bilan mahbuslar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan.

AQSh armiyasi so‘zchisiga ko‘ra, tutqunlikda saqlanayotganlar kuzatuv kameralari va derazalarni bekitib olganlar, shundan keyin ularni umumiy bo‘lmadan chiqarishga qaror qilingan.

Amerikalik harbiylarga ko‘ra, Guantanamo mahbuslari soqchilarga qarshi qo‘lbola qurollarni ishga solganlar.

Mahbuslarning polni tozalaydigan tayoqcha va plastik idishlaridan yasab olgan qo‘lbola to‘qmoqlari bilan umumiy bo‘lma ichiga kirgan harbiylarga hujum qilganlarni aytilmoqda.

Harbiylar esa inson hayotiga xavf solmaydigan qurollarni ishga solishga majbur bo‘lganlar.

AQSh armiyasining Janubiy Qo‘mondonligidan kapitan Robert Durand so‘zlariga ko‘ra, "qo‘riqchi yoki mahbuslar orasida jiddiy jarohatlanganlar bo‘lmagan".

Assoshiyeyted Press axborot agentligi polkovnik Greg Juliandan iqtibos keltirgan, u "men bir mahbusni urishganini bilaman, biroq jarohatlari kichkina, faqat tilinish" deb aytgan.

Guantanamo mahbuslarining himoyachilari harbiylarning amallarini qoralaganlar.

Bir necha mahbus manfaatini himoya qilayotgan advokat Karlos Uornerning Assosheyted Press axborot agentligiga aytishicha, harbiylar o‘zlarining bu amallari bilan konfliktni yanada kuchaytirmoqdalar.

Pentagonga ko‘ra, Guantanamoda saqlanayotgan 43 mahbus ochlik e‘lon qilgan.

Biroq tutqunlarning advokatlariga ko‘ra, ovqat yeyishdan bosh tortganlarning soni bundan ko‘p.

Amerikalik harbiy manbalarga ko‘ra, o‘nlab mahbuslar majburan ovqatlantirilmoqda.

Guantanamoda saqlanayotgan mahbuslarning fevral oyi boshida o‘zlarining shaxsiy buyumlari tortib olingani va Qur‘on tahqirlanganiga qarshi ochlik e‘lon qilganlari xabar qilingan.

Amerikalik harbiylar Qur‘on tahqirlanganini rad etadilar.

Guantanamoda ochlik amaliyotlari tez-tez yuz berib turadi, biroq bu galgisi eng uzoq davom etgan va unda ko‘p mahbus kishi ishtirok etgan.

Inson huquqlari guruhlari va advokatlarga ko‘ra, ochlik amaliyoti AQSh harbiylarining mahbuslar kelajagi borasida bir qarorga kelmaganlari tufayli yuzaga chiqqan g‘azab natijasidir.

Kubaning Guantanamo bo‘g‘ozidagi AQSh harbiy qamoqxonasida 166 mahbus ushlab turilgani xabar qilinadi.

Guantanamo o‘zining ilk tutqunlarini 2002 yilda qabul qilgan.

Ularning aksari AQShga 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin boshlangan aksilterror amaliyotlari chog‘i qo‘lga olinganlar.

Guantanamoda ushlab turilgan 100 ga yaqin shaxs bo‘yniga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlangan, biroq AQSh Kongressi joriy etgan cheklovlar hamda vatanlariga qaytadigan bo‘lsalar kelajagi borasidagi xavotirlar sababli hamon ushlab turiliptilar.