"Shu bahona Beruniy qabri ham yangi maqbarali bo‘lib qoladi"

O‘zbekistonlik taniqli yozuvchi, shoir va tarjimon Jamol Kamol Afg‘onistonning qadimiy G‘azniy shahriga "Islomiy Tamaddun markazi" maqomi berilishiga ana shunday munosabat bildirdi:

G‘azniy 2007 yilda Islomiy Ilm-fan va madaniyat xalqaro tashkiloti tomonidan ushbu sharafga loyiq, deb topilgan va kecha viloyatda bo‘lib o‘tgan tantanalar ortidan rasman ushbu maqomni qabul qilib olgandi.

"Birgina G‘aznaviylar davrida ilm-fan, san‘at va adabiyot qanchalik gullab-yashnaganining o‘zi shaharning ushbu maqomga loyiq ekaniga kifoya qiladi", deydi o‘zbekistonlik adib.

Uning aytishicha, barcha davrlarning eng zukko allomalaridan biri sifatida ko‘riluvchi Abu Rayxon Beruniy o‘zining eng ulug‘ asarlarini G‘azniyda yaratgan.

"Agar, bitta o‘sha Abu Rayxon Beruniy yaratgan ilmiy merosi, asarlarini tarozining bir pallasiga qo‘ysa, ikkinchi pallasiga har qancha og‘ir tosh qo‘ysangiz ham o‘shani bosib ketadi. Mana, sizga misol", deydi Jamol Kamol biz bilan suhbatida.

Adibga ko‘ra, agar Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilsa, yangi maqomi G‘azniyga juda ko‘p narsa beradi.

"Siz aytgan xushxabardan keyin mening mening birinchi umidim shuki, eng avvalo G‘azniy obod bo‘ladi. Tarixiy obidalari, masjidlari, madrasalari ta‘mirlanadi. Shu bahonada Abu Rayxon Beruniyning qabri ustiga bir shiyponmi, ayvonmi, maqbarami, ko‘tarish imkoniyati bo‘ladi".

Bundan ham tashqari, Jamol Kamolga ko‘ra, G‘azniyga ushbu maqomning berilishi ortidan, "yana Islomiy Tamaddun haqida gap bo‘ladi, u bosib o‘tgan yo‘llar, bosqichlar haqida gap bo‘ladi, qadriyatlari, qo‘lga kiritgan boyliklari haqida gap bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Islomiy Tamaddunning obro‘yini ko‘taradi".

G‘azniy

Shaharga qachon asos solingani noma‘lum esa-da, uning tarixini VII asrlarga bog‘lashadi.

G‘azniyda o‘z vaqtida G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Buyuk Mo‘g‘ullar va Durroniylar taxtu saltanat yuritishgan.

Bu yerda Abu Rayxon Beruniy, Mahmud G‘aznaviy kabi musulmon olamining qator zabardast olimu davlat arboblarining qabrlari ham bor.

Biror bir shaharga ushbu sharafli maqomini berarkan, xalqaro tashkilot ham uning islomiy ilm-fan va madaniyatga qo‘shgan hissasiga e‘tibor qaratib keladi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston poytaxti Toshkent ham ushbu sharafli nomga loyiq deb topilgan.

Qadim G‘azniy ham bir necha asrlik boy madaniyatga ega. Ammo bir necha o‘n yillik urushlar sabab, tarixiy obidalarining aksariyati xarob ahvolga kelib qolgan.

Yangi maqomi bilan bog‘liq bir necha yil avval va‘da qilingan aksariyat loyihalarning ham o‘lda-jo‘lda qolib ketgani aytiladi.

Ustiga ustak, G‘azniy Afg‘onistonning hanuz toliblar doxil turli isyonchi guruhlar faol eng beqaror uch viloyatidan biri sanaladi.

Shu sababdan ham, shaharning asrlarga guvoh noyob obidalarini tomosha qilish uchun u yerga borish yillarki xavfliligicha qolmoqda.