Jarayon.com: Bishkekda g‘oyib bo‘lgan Shuhrat Musin Andijon qamoqxonasida

Muhojirotdagi inson huquqlarini himoya qilish "O‘tyuraklar klubi"ning internet sahifasi Jarayon.com xabar qilishicha, bundan qariyb ikki oy oldin Bishkekda yo‘qolib qolgan o‘zbekistonlik qochqin Shuhrat Musin Andijon qamoqxonasida saqlanmoqda.

Bu haqda Shuhrat Musinning qarindoshlari xabar berganlar.

Jarayon.com ga ko‘ra, "Shuhratning Andijonda yashaydigan xolavachchasi 15 sutkaga qamalib qolibdi. Ozodlikka chiqqach esa u Shuhratning hozirda Amerikada qochqinlikda yashayotgan ota-onasini o‘g‘illari o‘sha qamoqxonaning yerto‘lasida saqlanayotganidan xabardor qilibdi".

29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Shuhrat Musin va uning oilasi a‘zolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi hujjatiga ega bo‘lganlar.

Oilasi a‘zolariga ko‘ra, Shuhrat Musin shu yilning 18 fevral kuni Bishkek shahrida bedarak yo‘qolgan.

Yaqinlarining aytishlaricha, o‘sha kuni Shuhrat Musinning mobil telefoniga qo‘ng‘iroq bo‘lgan, u qo‘ng‘iroq qilgan kishi bilan uchrashmoqchi bo‘lib uydan chiqqan va shundan keyin daraksiz ketgan.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Shuhrat Musinning g‘oyib bo‘lganidan bong urdilar.

Uning O‘zbek maxsus xizmatlari tomonidan Qirg‘izistondan o‘g‘irlab ketilgani haqidagi xavotirlar bildirildi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari andijonlik qochqinni konstitutsion tuzumga tajovuz qilish va O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolikda ayblagan.

Biroq inson haqlari tashkilotlari Shuhrat Musinga O‘zbekistonda qo‘yilgan ayblovlar soxtaligini ta‘kidlab kelishadi.

U 2008 yilda O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining talabi bilan Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi Shuhrat Musinni 2010 yil oktyabrida hibsga olgan, biroq BMT Qochqinlar bo‘yicha komissarligi va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining aralashuvi bilan 2011 yil fevralida qo‘yib yuborilgan edi.

Shuhrat Musin Andijon qamoqxonasida saqlanayotgani haqidagi xabar tarqalishi munosabati bilan "O‘tyuraklar klubi" rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva Qirg‘iziston rasmiylarini inson huquqlarini poymol etishda hissa qo‘shayotganlikda ayblagan.

"Shuhrat Musin bugungi kunda O‘zbekistonda, aniqrog‘i, Andijon tergov hibsxonasida ekanligi, birinchidan, Qirg‘izistonning O‘zbekiston hukumati vakillarining qochqinni o‘g‘irlab ketish jinoyatiga sherik ekanligini isbotlasa, ikkinchidan, Musin allaqachon qiynoq qurboniga aylanganligini isbotlaydi", degan Mo‘‘tabar Tojiboyeva.