O‘zbek-Rossiya munosabatlari: Kremlda "singan piyola chegalanadi"mi?

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Moskvaga rasmiy tashrifi prezidentning sog‘lig‘i va mamlakat rahbariga merosxo‘r haqidagi gaplar urchigan vaqtga to‘g‘ri keldi.

Rasmiy xabarlarda xavfsizlik va ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilinishi aytilayotgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar ikki prezidentning parda ortidan muhim muhokamalari bo‘lib o‘tishini taxmin qilmoqdalar.

Jumladan, O‘zbekistonning Amerikaga yaqinlashishi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqib ketishi ortidan paydo bo‘lgan sovuqchilik muhokamalarning asosi bo‘lishi taxmin etilmoqda.

Bundan tashqari Rossiyada yurgan millionlab o‘zbek muhojirlar masalasi ham kun tartibidan o‘rin olishiga umid qilingan.

Rossiyalik jurnalist va tahlilchi Arkadiy Dubnov "Novaya gazeta"ga yozgan maqolasida Karimov Moskvada Putin bilan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda "singan piyolani chegalashga umid qilishini" yozadi.

Tahlilchiga ko‘ra, Putinning Toshkentga tashrifidan ko‘p ham o‘tmasdan O‘zbekistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishi munosabatlarning darz ketishiga sabab bo‘lgan.

Karimov ushbu munosabatni qayta jonlantirishga harakat qilishi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Karimovning bu safargi tashrifi murakkabroq bo‘lishini aytadi.

O‘zbekiston Rossiya uchun kutilmaganda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqib ketdi va MTS shirkati faoliyati to‘xtatildi.

"Yana asosiy sabablardan biri - bu geosiyosiy masalalardan biridir. O‘zbekiston Rossiyadan yiroqlashib AQSh, NATO bilan aloqalarni qaytadan va jiddiy jonlantirdi. O‘ylaymanki, Putin bilan Karimov yolg‘iz qolganida va mikrofonlarsiz qolganida, shu kabi qaltis va murakkab savollar Putin tomonidan qo‘yiladi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosatshunosga ko‘ra, Putin bilan suhbatda O‘zbekiston vorisi kabi masalala kun tartibida bo‘lmaydi.

"Islom Karimovda bu kabi masalalarni boshqalar bilan maslahatlashmaydigan siyosiy injiqlik mavjud. "Kecha "Tahlilnoma"ni ko‘rdim, Karimovning yurish-turishi mening nazarimda juda ham tetik. Karimov yaqin 1-2 yilning ichida hokimiyatdan ketadi, deb o‘ylamayman. Keyingi saylovlar 2015 yilning aprel oyida bo‘ladi, menimcha Karimov aniq shu vaqtgacha o‘tiradi. Demak, hozirdanoq Putin bilan bu masalani muhokama qilishda Karimovda ehtiyoj bo‘lmasa kerak. Undan tashqari Karimov mana shu muddat ichida qarash va qarorlarini o‘zgartirishi mumkin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Kuzatuvchilar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida mehnat muhojirlari masalasi ham muhokama qilinishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2013 yil boshidagi yig‘ilishida Prezident Islom Karimov Rossiyada ishlagan o‘zbek farroshining o‘limi borasida Rossiya televideniyesi orqali bilganini aytgan va Ichki ishlar vaziri Bahodir Matlubovni o‘rnidan turg‘izib, o‘zbekistonliklar nima uchun chetga ishlashga ketayotgani haqida so‘ragan.

Va unga bu borada javobgarlik yuklagandi.

Moskvadan tahlilchi Davlat Qudrat O‘zbekiston mehnat muhojirlarining kerakligini anglab yetganini va bu masalala Putin bilan suhbatda ko‘tarilishii mumkinligini aytadi.

"Mehnat muhojirlari mavzusi va ularning Rossiyadagi yashash sharoitlarini yaxshilashi uchun imtiyozli imkoniyatlar yaratilishi Kremldan so‘ralishi mumkin", - deydi Davlat Qudrat.

Tahlilchiga ko‘ra Rossiyada o‘zbek mehnat muhojirlarining ahvoli Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda ancha og‘ir.

Rossiyada bir necha million o‘zbekistonlik mehnat qilishi aytiladi.

2012 yili ular tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul 6 milliard dollardan ko‘proqni tashkil qilgan.

Biroq mehnat muhojirlari ijtimoiy va huquqiy tomondan himoyalanmagan.

O‘zbekistonning o‘zida ham muhojirlarga turli qarash shakllangan.

Hukumat Rossiyaga ishga ketayotganlarning sonini kamaytirish maqsadida chegara oldida ularning harakatini cheklashga va ortga qaytarishga urinish hollari bo‘lgan.