O‘zbekiston bilan Rossiya sarmoyalarni muhofaza qilishga kelishmoqchi

Image caption O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari muzokaralari 15 aprelga mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Rossiyaga yo‘l olgan.

15 aprel kuni Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari hay‘atlari muzokaralari mo‘ljallangan.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, Rossiya bilan O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi, shu maqsadda 2017 yilgacha bo‘lgan davrni o‘zi ichiga olgan Iqtisodiy hamkorlik dasturini imzolash rejalangan.

Shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yili iyun oyida Toshkentga borgan payti imzolangan O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish deklaratsiyasini hayotga tadbiq etishni ko‘zda tutgan hujjatlar ham muhokama etilishi aytilmoqda.

Xabar qilinishicha, ikki mamlakat o‘rtasida sarmoyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish maqsadini ko‘zlagan shartnoma ham kun tartibiga kiritilgan.

Bunday hujjat Rossiyaning MTS shirkati O‘zbekistonda duch kelgan mojaro ortidan muhokamaga kiritilgan.

Mobil aloqa shirkati masalasi Rossiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muhokamalarga ham sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston rasmiy idoralari Rossiyaning yirik mobil aloqa shirkati MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi "MTS-O‘zdunrobita"ni yirik soliq to‘lovlarini yashirish, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish kabilarda ayblagan.

Image caption "O‘zdunrobita"ning 9,5 million mijozi bir kunda aloqasiz qolishgan.

O‘zbekistonda ushbu noqonuniy amallar tepasida turgan deb ko‘rilayotgan "O‘zdunrobita"ning rahbari Behzod Ahmedovning mamlakatdan qochgani xabar qilingan.

Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Behzod Ahmedovni o‘ziga yaqin ekanligini suiste‘mol qilganlikda ayblagan.

Ayblovlar ortidan MTSning O‘zbekistondagi 9,5 million mijozi bir kunda mobil aloqasiz qolgan.

O‘zbekiston mobil aloqa bozorida 2004 yildan buyon ishlab kelgan MTSning litsenziyasi yo‘l qo‘yilgan noqonuniy harakatlari tufayli deya, o‘tgan yilning iyul oyida dastlab 10 kunga, keyinchalik 3 oyga to‘xtatilgan.

Avgust oyining boshida MTSning O‘zbekistonda ish yuritish uchun berilgan litsenziyasi butunlay bekor qilingan edi.

Rossiyaning mobil aloqa shirkati "O‘zdunrobita"ga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etdi, O‘zbekistondagi qudratli kuchlarni mo‘may daromad keltiradigan bizneslarini tortib olishga urinishda aybladi.

MTS rahbarlari O‘zbekistondagi biznes muhitini zaharli deb atashdi, shirkat O‘zbekistondagi voqealar tufayli o‘zining sof daromadining 1 milliard 80 ming AQSh dollaridan voz kechishiga to‘g‘ri kelganini xabar qilgan.

O‘zbekistondagi mahkama "O‘zdunrobita"ni bankrot deb e‘lon qildi.

O‘zbekiston biznes yuritish uchun qulay bo‘lmagan mamlakat sifatida boshqa xorijiy shirkatlar, biznesmenlar tomonidan ham e‘tirof etilgan.

So‘nggi hodisada Rossiyaning yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan aviashirkatlari o‘zlarining O‘zbekiston so‘midagi daromadlarini konvertatsiya qilishda muammolarga duch kelishganidan shikoyat qilishgan.