Tojik muxolifati rahbarini ekstraditsiya qilish borasida hukm chiqarildi

Image caption Janob Quvvatov bir necha bor matbuotda Tojikiston hukumatiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan

Dubay mahkamasi Tojikiston taniqli muxolifatchilaridan biri Umarali Quvvatovni ekstraditsiya qilish borasida qaror qabul qilgan.

Asia-Plus axborot agentligi Quvvatovning himoyachisiga tayanib xabar qilishicha, mahkama qarori tojik muxolifatchisini zudlik bilan ekstraditsiya qilinishi lozimligini anglatmaydi.

Himoyachi Nikolay Nikolayev mahkama qarori hali "qo‘liga tegmagan"ini bildirgan.

Umarali Quvvatov rasman tan olinmagan "24-guruh" rahbaridir.

46 yoshli Umarali Quvvatov Interpol tarafidan o‘tgan yilning dekabrida Tojikiston hukumati so‘rovi bilan qo‘lga olingandi.

So‘nggi ikki yil Rossiyada yashab kelgan muxolifatchi Moskvadan Dubay orqali Bryusselga ketayotgan bo‘lgan.

Rasmiy Dushanbe Quvvatovni tovlamachilikka aloqadorlikda ayblaydi.

Janob Quvvatov bir necha bor matbuotda Tojikiston hukumatiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan.

"24-guruh" esa, Moskvada tashkil etilgan va Umarali Quvvatov o‘zini guruh rahbari deb e‘lon qilgandi.

Guruh asosiy maqsadi muxolifat kuchlarini birlashtirish va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon iste‘fosiga erishish ekanini aytgandi.

Buning ortidan, Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Quvvatov ruhiy xastaligi borasida ham xabar tarqatgan.

Umarali Quvvatovning o‘zi siyosiy vajlar tufayli Tojikistonni tark etgani va qaytib borsa, o‘z hayotiga xavf borligini ta‘kidlagan.